O‘zbekiston | 23:08 / 09.04.2026
1905
4 daqiqa o‘qiladi

“Vaqt yo‘qotyapmiz” - haydovchilar zapravkalarda naqd to‘lovning to‘xtatilgani haqida

O‘zbekistonda 2026 yil 1 apreldan zapravkalarda benzin, metan, propan va dizelni naqd pulga sotish taqiqlandi. Yangi tartib qanday ishlayapti? Bu mijozlarga qulaylik tug‘diryaptimi yoki buning aksi? Kun.uz muxbiri poytaxtdagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida bo‘lib, shu kabi savollar bilan aholiga yuzlandi.

2026 yil 1 aprel sanasi – O‘zbekistonda naqdsiz iqtisodiyotga o‘tish yo‘lidagi burilish nuqtasi bo‘ldi: metan va propan, benzin va dizel kabi yoqilg‘ilar, alkogol va tamaki mahsulotlari, kommunal va davlat xizmatlari, ko‘chmas mulk va avtomobillar, qolaversa, qiymati 25 mln so‘mdan ortiq har qanday tovar va xizmatni faqat naqdsiz shaklda oldi-sotdi qilish tartibi kuchga kirdi.

Kun.uz muxbiri Toshkent shahridagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida bo‘lib, ushbu tartib haqida haydovchilarning fikrini o‘rgandi. 

“Ancha vaqtni olib qo‘ymoqda”

Haydovchilardan birining aytishicha, naqd to‘lov to‘xtatilgandan so‘ng mashinaga yonilg‘i quyish vaqti ham uzaygan. 

“Ancha vaqt ketib qolyapti. Zapravkaga kelib pul naqd bo‘lsa, avval bankomatdan kartaga pul tashlash kerak. Shunga vaqt yo‘qotyapmiz”, — deydi haydovchi. 

Shuningdek, kartadan to‘lashda ayrim vaqtlar uzundan uzun navbatlar hosil bo‘lib qolayotgani ham qayd etildi.

“Foiz yuqori”

Boshqa bir haydovchi esa plastik kartani naqd pul bilan to‘ldirishda foiz yuqori ekanligini ta’kidladi. 

“Bu foiz xalq uchun og‘irlik qiladi. Masalan, 300 ming so‘mlik benzin olsam, undan foiz olib qoladi. Uch-to‘rt kun yuramanmi yoki yo‘q, yana benzin olaman, yana foiz olib qoladi”, — deydi u.

“Naqd ham, karta ham bo‘lgani yaxshi edi”

Ayrim haydovchilar esa yonilg‘i uchun to‘lov qilishda naqd ham, naqdsiz to‘lov ham birdek bo‘lishi kerak deb hisoblashini aytdi.

“Hammaning ham kartasi yo‘q. Kartani to‘ldirishda esa foiz olib qolishadi. Shuning uchun ikkalasi bo‘lgani ma’qul edi”, — deydi haydovchi. 

“Naqd bo‘lganda qulayroq edi”

Yana bir haydovchi naqd pulda to‘lov bo‘lganda yonilg‘i quyish qulayroq bo‘lganini ta’kidladi.

“Oldin qulay edi. Hozir bankka borib, kartamni to‘ldirish uchun 3 soat navbatda turdim”, — deydi u.

Boshqa bir haydovchi shahardan tashqariga chiqilsa, internet yaxshi ishlamasligi va kartalarning hammasi ham birdek qabul qilinmaslik muammolari ham borligini aytdi.

“Internet zo‘r ishlamaydi. Shahardan sal tashqariga chiqsak, “tormoz” bo‘lib qoladi”, — deydi naqd to‘lovni ham qoldirish kerakligini aytgan haydovchi.

Shuningdek, reportaj jarayonida qator haydovchilar plastik kartada to‘lash qulayligini ham ta’kidladi.

Асрор Абдуназаров
Muallif Асрор Абдуназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid