Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“AQSh-Isroilga ishonmaymiz, qo‘limiz tepkida” – Eronning O‘zbekistondagi elchisi
Urushda 14 kunlik sulh e’lon qilinarkan, har bir tomon o‘zini «g‘olib» deb e’lon qildi. OAV bilan gaplashgan Eronning O‘zbekistondagi elchisiga ko‘ra, AQSh va Isroil o‘z maqsadlariga erisha olmadi. Ular Eronni bo‘lib tashlab, fuqarolar urushi alangasini yoqishmoqchi edi, biroq biz sezilarli g‘alaba qozondik, deydi diplomat Ali Iskandariy.
28 fevralda boshlangan urush oqibatida Eron katta talafot ko‘rdi, AQShning esa xalqaro obro‘yiga putur yetdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi hozirgacha bo‘lgan davrda muhim rol o‘ynadi va oxir-oqibat tomonlar 14 kunlik sulhga kelishdi. Biroq bu rostdan ham o‘t ochishning to‘xtashimi yoki keyingi bosqichga tayyorgarlik uchun sun’iy muhlatmi – buni vaqt ko‘rsatadi.
OAVda ushbu otashkesim uchun Xitoyning Eronga ta’siri xususida materiallar tarqagan. Kun.uz’ning ayni ma’nodagi savoliga javob bergan Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy fikricha, biror davlat Tehronga bosim o‘tkazmagan. Aksincha, Xitoy, Rossiya va hattoki Yevropa davlatlari ham biz tomonimizda bo‘ldi, deydi diplomat.
“Eronga avvalambor hech kim bosim ko‘rsatgani yo‘q bu borada. Bu yerda ko‘proq Amerika va Isroilga bosim ko‘rsatildi. Boshqa davlatlar tomonidan emas, balki bevosita o‘zining azaliy ittifoqchilari tomonidan. Birinchidan, NATO bu urushga aralashmaganligining o‘zi katta bosim ularga. Ikkinchidan Angliya, aytaylik, ularning talablarini bajarmaganligi jiddiy bosim. Tramp bunga javoban Buyuk Britaniyaning kemalarini masxara qildi, masalan, flotini masxara qildi va bular ham bosimning natijasi edi. Ha, albatta Xitoy ham Amerikaga bosim o‘tkazoldi, musulmon davlatlarini ham misol qilib keltirsak bo‘ladi. Menimcha, mana shuni sal avvalroq qilish kerak edi, shunda o‘t ochishni to‘xtatishga oldinroq rozi bo‘lgan bo‘lishardi. BMTda Xitoy va Rossiya birinchi marta Eron manfaatlari uchun vetodan birgalikda foydalandi. Ular Ho‘rmuzni BMT Xavfsizlik kengashidan foydalangan holda ochishmoqchi edi, majburiy tarzda, lekin Xitoy va Rossiya Eron tomonda turib ovoz berdi”, deydi Eronning O‘zbekistondagi elchisi.
Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, bu aksincha AQShga bosim edi.
“Ya’ni bu bizga emas, aksincha, Amerika Qo‘shma Shtatlariga ko‘rsatilgan bosim deb bilamiz. Biz urush va tinchlik kabi o‘ta muhim masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishda, birinchi navbatda o‘zimizning milliy manfaatlarimizga asoslanamiz. Ya’ni, biz Amerikadek davlatga qarshi chiqa olgan ekanmizmi, demak boshqa davlatlarning bosimiga bemalol qarshi turamiz. Lekin bu yerda Xitoy bizni qo‘llab-quvvatladi, Rossiya qo‘llab-quvvatladi, hatto yevropaliklar ham bizni qo‘llab-quvvatlashdi. Albatta, ayrim mamlakatlar urush boshida masalaning mohiyatini tushunishmagan edi, Amerika nimalar qilayotgani, maktablarni urib tashlayotganini ko‘rib, fikrlarini o‘zgartirishdi. Biz bosim emas, qo‘llab-quvvatlash va muhabbat obektiga aylandik”, deydi Iskandariy.
Elchi bu urushda nega Eronni g‘olib deb bilish mumkinligiga sabablar keltirib o‘tdi.
“Qanday fikrlash o‘zingizga havola, biz o‘zimizni g‘olib deb bilamiz. Sabablari bor, boshida korrupsionerlar Tramp va Netanyahu 4 kun ichida Eronni ag‘darishni rejalagan edi, hatto Tramp Eronda rahbarni o‘zim saylayman dedi, xo‘sh bu amalga oshdimi? Ular dunyo latifa deb o‘yladi, o‘zi to‘qigan yolg‘onlariga dunyo ishonadi deb o‘ylagandi. Har gal NATO va Yevropa ittifoqi Amerika bilan birga edi, hozir-chi? Tramp Ho‘rmuzga o‘zim ega chiqaman, o‘zim hokim bo‘laman dedi, bo‘ldimi? AQSh o‘z tarixida eng katta suv va harbiy operatsiyasini amalga oshirdi, Eronning yaqiniga olib kelib qo‘ygan kuchlari joyidan qimir etmadi. Ular bizning yadroviy potensialimiz yo‘q qilinganini aytsa-da, yana 150 ta harbiy samolyot jo‘natdi. Amerika Eronda fuqarolik urushini keltirib chiqarmoqchi edi, bunga erishmadi, davlatni bo‘laklab tashlamoqchi edi, bunga ham erishmadi”, deya qo‘shimcha qildi elchi.
Elchi Muhammad Ali Iskandariy Eron oliy rahnamosi tirik va davlatni to‘la kuch bilan boshqarayotganini yana bir ta’kidlab o‘tdi.
“Amerika nizo keltirib chiqarmoqchi, Eron rahbari o‘ldi, yo‘q bo‘ldi deb ichkaridan nizo qo‘zg‘aydi. Rahbarimiz tiriklar, to‘laqonli sog‘-salomat va katta kuch-g‘ayrat bilan o‘zlarining vazifalarini davom ettirmoqdalar. O‘zingiz o‘ylang, Erondek katta davlat rahbarsiz qanday boshqariladi? Rahbarlar xalqaro huquqda immunitetga ega, avvalgi rahbarimizga hujum qilinmasligi kerak edi, shuning uchun ham biz AQSh va Isroilga ishonmaymiz, hozirgi rahbarimizni ehtiyot qilishimiz kerak”, dedi diplomat.
Eron oliy vakilining qo‘shimcha qilishicha, Tehron bu sulhga ishonmaydi, ularning qo‘li doimo tepkida bo‘ladi. Hozirga qadar AQSh va Isroil ketma-ket muzokaralar vaqtida hujum qilib kelmoqda, biz ularga hech qachon ishonmaymiz, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSh ham bu urushda tarixiy g‘alabaga erishganini e’lon qilib kelmoqda. Vitse-prezidentga ko‘ra, Eronning bergan takliflarini ChatGPT yozgan va Vashington bu takliflarni darhol chiqindi qutisiga otgan. 14 kunlik pauza rostdan ham sulhmi yoki bundan battar qirg‘inbarotga tayyorgarlikmi - buni vaqt ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
22:27 / 10.04.2026
Tramp Eron bilan muzokaralar natijasini 24 soatdan keyin e’lon qiladi
16:05 / 10.04.2026
Yaqin Sharqdagi vaziyat: muzokaralar boshlanishi arafasida tomonlar bir-birini ayblamoqda
09:30 / 10.04.2026
Tramp NATOdan noroziligini bildirib, Grenlandiyani esladi
08:58 / 10.04.2026