Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Prezident sovrini uchun yangi tanlov o‘tkaziladi
Hukumat qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, yoshlar, talabalar hamda band bo‘lmagan aholi o‘rtasida mazkur tanlov Prezident sovrini uchun o‘tkaziladi.
Qayd etilishicha, Kasbiy ta’lim agentligi tomonidan har yili 1 martga qadar elektron platforma orqali ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Tanlov 3 bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda mahallalardan har bir kasb bo‘yicha 3 nafardan nomzod ishtirok etadi. Ikkinchi bosqichda esa texnikum o‘quvchilari hamda birinchi bosqich g‘oliblari qatnashadi. Uchinchi bosqichda ikkinchi bosqichda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar bellashadi.
Tanlov texnikumlar, korxona va tashkilotlar, IT-parklar hamda maxsus poligonlarda o‘tkazilishi belgilangan.
G‘oliblar BHMga nisbatan hisoblanadigan bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Shuningdek, 3-bosqich g‘oliblariga WorldSkills xalqaro chempionatida ishtirok etish huquqi beriladi.