Jahon | 10:55
2344
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya “sovet xalqi genotsidi”ni inkor etganlik uchun jazo joriy qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ikkinchi jahon urushi yillarida natsistlar tomonidan amalga oshirilgan “sovet xalqi genotsidi”ni inkor etish yoki ma’qullash, shuningdek, uning qurbonlari xotirasini haqorat qilish uchun jinoiy javobgarlik joriy etuvchi qonunni imzoladi. Hujjat 9 aprel, payshanba kuni rasmiy huquqiy axborot internet-portalida e’lon qilindi. Mart oyi oxirida qonun Davlat dumasi tomonidan ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingan edi.

Foto: RIA Novosti

Tuzatishlar Rossiya Jinoyat kodeksining 354.1-moddasiga — “natsizmni reabilitatsiya qilish” haqidagi moddaga kiritilmoqda. “Sovet xalqi genotsidi faktini inkor etish” yoki uni ma’qullash, shuningdek, bunday jinoyat qurbonlari xotirasini haqorat qilish uchun 3 million rublgacha jarima, majburiy ishlar yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 243.4-moddasi — “harbiy dafn joylarini tahqirlash” haqidagi modda ham to‘ldirilmoqda. Rossiya hududida yoki uning tashqarisida joylashgan “sovet xalqi genotsidi” qurbonlarining qabrlarini, shuningdek, ular xotirasini abadiylashtiruvchi yodgorliklar, stellalar, obelisklar, boshqa memorial inshootlar yoki obektlarni “yo‘q qilish, shikast yetkazish yoki tahqirlash” uchun 2 milliondan 5 million rublgacha jarima, besh yilgacha majburiy ishlar yoki xuddi shu muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Rossiyada “sovet xalqi genotsidi” tushunchasi 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirgan shu nomdagi qonun bilan mustahkamlangan. Unga ko‘ra, 1941–1945 yillardagi urush davrida SSSR hududida yashagan milliy, etnik va irqiy guruhlarni to‘liq yoki qisman yo‘q qilishga qaratilgan natsistlar va ularning yordamchilari harakatlari genotsid deb e’tirof etiladi.

2022 yil aprelida Putin SSSR va fashistlar Germaniyasining maqsadlari hamda harakatlarini “ochiqcha tenglashtirish”, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida SSSRning “hal qiluvchi roli” va “insoniylik missiyasi”ni inkor etish uchun ma’muriy javobgarlik belgilaydigan qonunni ham imzolagan edi.

Qoidabuzarlarga 1000 rubldan 2000 rublgacha jarima yoki 15 sutkagacha qamoq jazosi tahdid qiladi. Mansabdor shaxslar uchun jarima 2000 rubldan 4000 rublgacha, yuridik shaxslar uchun esa 10 mingdan 50 ming rublgacha etib belgilangan. Qoida takroran buzilganda, fuqarolar uchun jarima 5000 rublgacha, mansabdorlar uchun 20 ming rublgacha, yuridik shaxslar uchun esa 100 ming rublgacha oshiriladi. Bundan tashqari, mansabdor shaxslarga olti oydan bir yilgacha diskvalifikatsiya, yuridik shaxslarga esa 90 sutkagacha ma’muriy faoliyatni to‘xtatib qo‘yish jazosi ham qo‘llanishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid