O‘zbekiston | 10:20
2093
2 daqiqa o‘qiladi

FVV: Toshkentdagi Askiya bozorida ayrim do‘konlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi

Toshkent shahridagi Askiya dehqon bozorida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilmayotgani aniqlanib, ayrim do‘konlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik axborotiga ko‘ra, poytaxtdagi qator bozorlar va savdo obektlarida davlat yong‘in nazorati doirasida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Nazorat tadbirlari chog‘ida bir nechta hududlarda yong‘in xavfsizligi qoidalari qo‘pol ravishda buzilgani ma’lum bo‘lgan.

Xususan, Yakkasaroy tumanida joylashgan Askiya dehqon bozorida aniqlangan kamchiliklar bozorning umumiy holati belgilangan talablarga javob bermasligini ko‘rsatgan. Shu sababli ayrim obektlar elektr ta’minotidan uzilib, ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Shuningdek, tekshiruvlar davomida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navro‘z” dehqon bozori, Bektemir tumanidagi Midstroy servis MChJ, “Qo‘yliq” qurilish bozori, Chilonzor tumanidagi Tashkent trade center MChJ, “Abu Saxiy” bozori hamda Uchtepa tumanidagi “Farhod” dehqon bozorining ayrim hududlarida ham qoidabuzarliklar aniqlangan. Ushbu obektlarda kamchilik kuzatilgan joylar elektr energiyasidan vaqtincha ajratilgan.

Bundan tashqari, “O‘rikzor” savdo kompleksining to‘qqizta bloki ham vaqtincha elektr ta’minotisiz qoldirilgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan barcha kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin elektr ta’minoti qayta tiklanadi va obektlar faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

Vazirlik bu choralar tadbirkorlar faoliyatini cheklash uchun emas, balki insonlar gavjum joylarda xavfsizlikni ta’minlash va ehtimoliy favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida ko‘rilayotganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid