Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy Ukrainaning yadro qurolidan voz kechishini «katta xato» deb atadi
Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan bu masalada yon berishni so‘ragan davlatlar unga «xavfsizlik soyabonini», ehtimol yadroviy soyabonni berishi kerak edi.
Ukraina 1994 yilda xavfsizlik va’dalari evaziga yadroviy quroldan voz kechish bo‘yicha Budapesht memorandumini imzolab, noto‘g‘ri qaror qabul qildi. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy The Rest Is Politics nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«NATO a’zosi bo‘lish - bu Ukraina yadro arsenali evaziga olishi kerak bo‘lgan eng kam narsa. Biz nimaga erishdik? Hech narsa. Bu adolatsiz o‘yin va katta xato edi», dedi Ukraina rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan bu masalada yon berishni so‘ragan davlatlar unga «xavfsizlik soyabonini», ehtimol yadroviy soyabonni berishi kerak edi.
«Oxir-oqibat, bularning barchasi yolg‘on bo‘ldi. Yadroviy qurollarimizning katta qismi Rossiyaga topshirildi. Masalan, Rossiya hozir bu urushda bizga qarshi foydalanayotgan strategik samolyotlar ham», dedi Ukraina prezidenti.
Ukrainaning Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga qo‘shilishi munosabati bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi memorandum (Budapesht memorandumi) 1994 yil 5 dekabrda Ukraina, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSh rahbarlari tomonidan imzolangan.
1991—1994 yillarda Ukraina ketma-ket Olmaota deklaratsiyasi, Lissabon protokoli va Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga yadrosiz davlat maqomida qo‘shildi. Ukraina hududidagi barcha yadro qurollari Rossiyaga topshirildi yoki yo‘q qilindi. Budapesht memorandumi Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSh Ukrainaga yadroviy qurol berish evaziga bergan xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutgan.