Jahon | 09:27
2193
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mudofaa vaziri sobiq o‘rinbosari Popov 19 yilga qamaldi

Rossiya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Pavel Popov qattiq tartibli koloniyada 19 yil jazoga hukm qilindi. Jumladan, 69 yoshli sobiq amaldor Moskva viloyatidagi “Patriot” bog‘idan 25,8 million rubl mablag‘ni talon-toroj qilishda aybdor deb topildi.

Foto: AP

Sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Pavel Popov Moskva viloyatidagi “Patriot” bog‘idan 25,8 million rubl o‘g‘irlash ishi bo‘yicha qattiq tartibli koloniyada 19 yil jazoga hukm qilindi. Bu qarorni 10 aprel, juma kuni, Moskvadagi 235-garnizon harbiy sudi qabul qildi.

Bundan tashqari, 69 yoshli Popov 85 million rubl miqdorida jarimaga tortildi, armiya generali unvoni hamda davlat mukofotlaridan mahrum qilindi. Unga, shuningdek, yetti yil davomida davlat xizmati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida lavozim egallash taqiqlandi. Yana sud qaroriga ko‘ra, Popovdan 45,6 million rubl federal budjet foydasiga musodara qilinishi belgilandi.

Sobiq vazir o‘rinbosariga bunday jazo tayinlanishiga sabab, u pora olish, firibgarlik, qurolni noqonuniy saqlash, xizmat soxtakorligi va mansab vakolatini g‘arazli manfaat yo‘lida og‘ir oqibatlarga olib kelgan holda suiiste’mol qilish kabi ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilganidir. Popov sog‘lig‘i tufayli sud zalida bo‘lmagan va majlisda tergov hibsxonasidan videaloqa orqali ishtirok etgan. U aybini tan olmagan. Popovning advokati RBK'ga bergan izohida hukmni “johillik” deb atab, shikoyat qilishini aytgan.

Pavel Popov 2013 yil noyabridan beri mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni 2024 yil iyun oyida, ya’ni vazir Sergey Shoygu lavozimidan olinganidan bir oy o‘tib, vazifasidan ozod qilgan. 2024 yil 29 avgustda Popov qo‘lga olingan va o‘sha kuniyoq unga aldash yo‘li bilan pul mablag‘larini talon-toroj qilish hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish ayblovlari qo‘yilgan. Gap 2021–2024 yillarda Mudofaa vazirligi mablag‘lari va “Patriot” bog‘ini ta’mirlash hamda xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan pullar hisobiga Krasnogorsk yaqinidagi shaxsiy dalahovlini qurish haqida ketmoqda.

Popov bilan birga shu ish bo‘yicha “Patriot” bog‘ining sobiq direktori Vyacheslav Axmedov va Mudofaa vazirligining Innovatsion rivojlanish bosh boshqarmasi sobiq rahbar o‘rinbosari, general-mayor Vladimir Shesterov ham javobgar sifatida o‘tgan. Ish figurantlarining noqonuniy boyishi umumiy summada 60 million rubldan ortiq deb baholangan.

Shesterov va Axmedov tergov bilan hamkorlik qilish bo‘yicha sudgacha kelishuv tuzgan. Birinchisi 2025 yil iyul oyida umumiy tartibli koloniyada olti yilga, ikkinchisi esa avgust oyida besh yilga hukm qilingan. Xuddi o‘sha paytda Popov ishida o‘ta katta miqdorda pora olish bilan bog‘liq yana ikki epizod paydo bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid