Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eski shaharning yangi Zarqaynari – turizm ko‘chasidan reportaj
Toshkentning Zarqaynar ko‘chasi tarixiy qiyofasi saqlab qolingan holda qayta ta’mirlandi. Buning uchun esa 150 milliard so‘m sarflandi. Hozirda turizm va hunarmandchilik markaziga aylangan ko‘chadan “Ayol” muzeyi, uy-mehmonxonalar, achchiqqina qahvadan tortib 20 million so‘mgacha sotilayotgan milliy liboslarni topish mumkin. Kun.uz muxbiri tarixiy ko‘chaning yangilangan hayoti haqida ko‘rsatuv tayyorladi.
Zarqaynar qadimdan shaharning iqtisodiy va savdo hayotida muhim rol o‘ynagan. Ko‘cha yaqinida Hastimom majmuasi, Chorsu bozori hamda tarixiy madrasalar joylashgani tufayli hudud asrlar davomida savdogarlar, hunarmandlar va sayyohlar yig‘iladigan markaz sifatida xizmat qilgan.
Mahalliy aholining aytishicha, Toshkentning eski mahallalaridagi ko‘chalar aniq shaharsozlik rejasi asosida emas, tabiiy rivojlanish jarayonida shakllangan. Savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari, masjidlar va mahalla markazlari atrofida paydo bo‘lgan yo‘laklar vaqt o‘tishi bilan ko‘chaga aylangan. Shu sababli eski shahar ko‘chalari tor, egri-bugri va bir-biriga tutash bo‘lgan murakkab tarmoqqa ega.
Zarqaynar ko‘chasi ham aynan shunday tarixiy urbanistik tuzilma mahsuli hisoblanadi. Ko‘chaning torligi, devorlari bir-biriga yaqin joylashgani va burilishlarga boy tuzilishi o‘tmishdagi mahalla hayotining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi. Bunday ko‘chalar transport yo‘li bo‘lish bilan bir qatorda, ijtimoiy voqealiklar qaynagan hudud vazifasini bajargan: bu yerda savdo qilingan, qo‘shnilar yig‘ilib o‘zaro suhbatlar o‘tkazgan, hunarmandlar esa ustaxonalarini yuritgan.
Toshkentdagi ko‘plab tarixiy ko‘chalar singari Zarqaynar nomining kelib chiqishi ham aniq bir manbaga bog‘lanmaydi. Shahar toponimikasi bo‘yicha tadqiqotlarda bu nomning shakllanishiga doir bir necha ehtimoliy talqinlar uchraydi. Ularning aksariyati so‘zning lingvistik ma’nosi va hududning tarixiy funksiyasi bilan bog‘liq.
Birinchi talqinga ko‘ra, “Zarqaynar” nomi ikki qismdan ya’ni “zar” va “qaynar” so‘zlaridan tashkil topgan. “Zar” so‘zi fors-tojik tilidan kirib kelgan bo‘lib, “oltin”, “qimmatbaho” yoki “boylik” ma’nolarini anglatadi. Markaziy Osiyo shaharlarida savdo-sotiq faol bo‘lgan hududlar ko‘pincha boylik yoki savdo bilan bog‘liq nomlar bilan atalgan.
“Qaynar” esa o‘zbek tilida “qaynamoq”, ya’ni harakatga to‘la, gavjum yoki jonli jarayonni bildiradi. Shahar toponimlarida bu so‘z odamlar gavjum bo‘ladigan joylarni ifodalash uchun ishlatilgan. Shu sabab, ayrim tadqiqotchilar “Zarqaynar” nomini “boylik qaynaydigan joy” yoki “savdo qizg‘in kechadigan hudud” sifatida talqin qiladi.
Bunday talqin Zarqaynar joylashgan hududning tarixiy funksiyasi bilan ham mos tushadi. Ko‘cha qadimiy Toshkentning savdo markazlariga yaqin joylashgan. Ayniqsa, atrofidagi Chorsu bozori asrlar davomida shaharning eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan. Savdogarlar, hunarmandlar va karvonlar aynan shu hudud orqali o‘tgan.
XX asr poytaxt tarixida shaharsozlik nuqtai nazaridan keskin o‘zgarishlar davri bo‘ldi. 1966 yil 26 aprel kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida shaharning katta qismi zarar ko‘rdi, minglab uylar vayron bo‘ldi yoki yashash uchun yaroqsiz holga keldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytda yuz minglab odamlar vaqtincha boshpanasiz qolgan.
Zilziladan so‘ng Toshkentni qayta qurish ishi Sovet Ittifoqi miqyosidagi yirik shaharsozlik loyihasiga aylandi. Turli ittifoq respublikalaridan muhandislar, arxitektorlar va quruvchilar Toshkentga jalb qilindi. Natijada shahar yangi urbanistik konsepsiya asosida qayta rejalashtirildi.
Mazkur jarayonda Toshkent markazida keng prospektlar, katta maydonlar va ko‘p qavatli turar joy massivlari barpo etildi. Yangi yo‘llar, transport tizimi, madaniyat saroylari va ma’muriy binolar qurildi. Shu tariqa poytaxtning yangi qismi sovet davrining tipik modernistik arxitektura uslubida shakllandi. Biroq shahar markazidagi ayrim tarixiy hududlar, xususan, eski mahalla tizimi saqlanib qoldi. Eski shahar (Toshkent) qismida ko‘plab tor ko‘chalar, mahalla hovlilari va an’anaviy uylar ko‘rinishi o‘zgarmadi. Zarqaynar ko‘chasi ham aynan shunday tarixiy ko‘chalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda Zarqaynar ko‘chasi Toshkentning tarixiy merosi sifatida e’tibor qozonmoqda. Respublika budjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga bu yerda joylashgan 576 ta xonadon milliy uslubda ta’mirlandi, har bir uy tarixiy qiyofani saqlagan holda modernizatsiya qilindi.
Shuningdek, 100 nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard so‘m investitsiya kiritildi. Natijada:
- 7 ta mehmonxona,
- 8 ta restoran,
- 5 ta hunarmandlik markazi,
- 1 ta savdo markazi,
- 125 ta xizmat ko‘rsatish obektlari tashkil etildi.
Ushbu loyihalar 1500 kishining doimiy ish bilan ta’minlanishiga imkon yaratdi.
Zarqaynar ko‘chasi haqida batafsil Kun.uz’ning YouTube sahifasiga joylangan videoda tanishishingiz mumkin.
Mavzuga oid
19:34
Taekvondochi Yosinbek Odilov yoshlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi
17:41
Fanlar akademiyasi 190 gektar yer maydonidan ixtiyoriy voz kechdi
17:20
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginness rekordlar kitobiga kiritildi
18:30 / 11.04.2026