O‘zbekiston | 11:28
5281
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida kuchli yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda

Chorshanbadan jumagacha O‘zbekistonda havo harorati pasayishi kutilmoqda. Yomg‘ir yog‘ib, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, tog‘larda qorga aylanadi, momaqaldiroq bo‘lishi ham mumkin. 15–17 aprel kunlari havo +13…+16 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Dushanba va seshanba kunlari O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduz kunlari havo +25…+30 darajagacha isiydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Respublikaning g‘arbiy hududlariga 14 aprel kuni nam havo oqimi kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro viloyatida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi.

15–16 aprel kunlari nam havo massalari respublika hududiga tarqaladi. Barcha viloyatlar bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda kuchli bo‘ladi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qayd etiladi. Kunduzgi havo harorati +13…+16 darajagacha pasayadi.

17 aprelda faqat respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan kuzatiladi. Respublikaning baland tog‘li hududlarida 15−17 aprel kunlari ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda.

14 aprelda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlarida, 15–16 aprel kunlari respublikaning barcha hududlari bo‘yicha shamol tezligi 15–20 metr/soniyagacha, ba’zi joylarda esa ba’zida 25–28 metr/soniyagacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkent shahrida 13–14 aprel kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +26…+29 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan birozdan o‘rtacha tezlikgacha esadi.

15–17 aprelda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi. Shamol tezligi 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Kunduzgi harorat +13…+16 darajagacha pasayadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid