Jahon | 10:10
4908
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh vitse-prezidenti: Eron keyingi yo‘lni o‘zi tanlaydi

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi qanday davom etishi endi Tehronga bog‘liq. Bu fikrni AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens 13 aprel, dushanba kuni kechqurun Fox News telekanali saytida e’lon qilingan intervyusida bildirdi.

Foto: Julia Demaree Nikhinson / AP / TASS

Vens bu bayonotlarni 11–12 aprel kunlari Pokistonga qilgan safari ortidan aytdi. U yerda u eronlik amaldorlar bilan muzokaralar o‘tkazgan. Ommaviy axborot vositalari bahosicha, ushbu muzokaralar sezilarli natija bermagan.

“To‘p to‘liq ma’noda ularning maydonida, — dedi Vens. — Siz keyin nima bo‘lishini so‘rayapsiz. Menimcha, keyingi jarayonni eronliklar belgilaydi”.

Uning aytishicha, Pokistondagi muzokaralarda AQShning ushbu mojarodagi ustuvor maqsadlarini aniq belgilab olish mumkin bo‘lgan. Shu munosabat bilan u jahon neft savdosi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochish masalasini alohida qayd etdi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish AQShning asosiy talablaridan biri sifatida Reuters va AP xabarlarida ham tilga olingan.

Islomoboddagi Eron tomoni bilan muzokaralar yakunlari haqida gapirar ekan, AQSh vitse-prezidenti shunday dedi: “Ular bizga qarab muayyan qadam tashladi, shuning uchun men aytishim mumkinki, biz ayrim yaxshi signallarni oldik, ammo ular yetarli darajada oldinga siljimadi”.

Vensning so‘zlariga ko‘ra, Pokistondagi muzokaralar Eron vakillari mustaqil ravishda kelishuv tuzishga tayyor bo‘lmagani uchun yakunlangan. Uning ta’kidlashicha, ular kelishilgan shartlarni muvofiqlashtirish uchun Tehronga qaytishi kerak bo‘lgan. Fox News va boshqa manbalar ham Vensning Eron delegatsiyasida yakuniy qaror qabul qilish vakolati yo‘q edi, degan mazmundagi bayonotlarini keltirgan.

Shu bilan birga, Vens harbiy ustunlik amerikaliklar tomonida ekanini ham aytdi.

“Bizning qo‘limizda ko‘p dastaklar bor. Bizning ta’sir o‘tkazish vositalarimiz bor va eronliklar bunga qanday munosabat bildirishini ko‘ramiz”, — dedi Jyey Di Vens.

“Agar eronliklar iqtisodiy terrorizmga murojaat qilishga urinsa (ya’ni, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalardan haq undirishga — tahr.), biz oddiy tamoyilga amal qilamiz: birorta ham Eron kemasi portdan chiqa olmaydi, — dedi Vens intervyuda. — Biz bu ular uchun juda muhim ekanini bilamiz. Bu qo‘shimcha iqtisodiy bosim vositalarini yaratishini ham yaxshi tushunamiz”.

Vensning ta’kidlashicha, AQSh voz kechishga tayyor bo‘lmagan maqsadlar qatoriga Eronning boyitilgan urani ustidan AQSh nazoratini o‘rnatish va kelajakda Eron yadroviy qurol yaratmasligiga ishonch hosil qilish uchun nazorat mexanizmini shakllantirish kiradi. AQShning Eron yadroviy dasturini cheklash va boyitilgan uran ustidan nazorat o‘rnatish haqidagi talabi boshqa manbalarda ham qayd etilgan.

O‘z navbatida, AQSh energetika vaziri Kris Rayt 13 aprel kuni neft narxlari yana bir necha hafta o‘sishda davom etishi mumkinligini bildirdi. Uning fikricha, bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnovi “sezilarli” hajmga yetguniga qadar davom etishi mumkin. Neft bozoriga bosim kuchaygani va Ho‘rmuz masalasi jahon energiya ta’minotiga ta’sir qilayotgani bir nechta xalqaro nashrlarda ham qayd etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid