Jahon | 09:41 / 15.04.2026
2622
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil va Livan tinchlik muzokaralari tomon qadam tashladi

AQSh vositachiligida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Isroil va Livan vakillari o‘rtasidagi uchrashuv natijasida tomonlar tinchlik yo‘lida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash yo‘nalishida qadam tashladi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti 14 aprel kuni ma’lum qildi.

Foto: AP

Qayd etilishicha, bu uchrashuv 1993 yildan buyon ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ilk muloqot bo‘ldi. Muzokaralarning aniq vaqti va joyi keyinroq kelishib olinadi.

AQSh mazkur uchrashuvni “tarixiy bosqich” deb baholab, keyingi muzokaralarda ham vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi. Vashington ushbu jarayon keng qamrovli tinchlik kelishuviga olib kelishidan umid bildirdi.

Davlat departamenti bayonotida AQSh Isroilning “Hizbulloh” tomonidan amalga oshirilayotgan hujumlardan himoyalanish huquqini qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi. Shuningdek, har qanday o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv AQSh vositachiligida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida amalga oshirilishi kerakligi qayd etildi.

Vashingtonning ta’kidlashicha, ushbu muzokaralar Livanni tiklash va iqtisodiy rivojlantirishga katta yordam ko‘rsatishi, shuningdek, ikki davlat uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Ikki soat davom etgan muzokaralar uch tomonlama formatda — AQSh davlat kotibi Marko Rubio, AQSh Davlat departamenti maslahatchisi Maykl Nidxem, AQShning Livandagi elchisi Mishel Issa, Isroilning AQShdagi elchisi Yyexiel Leyter va Livanning AQShdagi elchisi Nada Xamade Moavad ishtirokida o‘tdi.

Livan elchisi muzokaralar yakunlari bo‘yicha mamlakat telekanaliga bergan intervyusida, uchrashuvda o‘t ochishni to‘xtatish, urush tufayli uyini tark etgan aholini qaytarish va chuqur gumanitar inqirozni hal etish bo‘yicha aniq qadamlar kelishib olishga chaqirganini bildirdi.

AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Isroil Livandagi barcha nodavlat va “terroristik” guruhlarni qurolsizlantirish va ularning infratuzilmasini yo‘q qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, Isroil bu maqsadga erishish uchun Livan hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa matbuot anjumanida mamlakat “Livan bilan tinchlik va munosabatlarni normallashtirishga intilayotgani”ni aytdi. Uning ta’kidlashicha, asosiy muammo davlatlar o‘rtasida emas, balki “Hizbulloh”da.

Shu bilan birga, “Hizbulloh” harakati tinchlik muzokaralariga qarshi chiqib, uchrashuv boshlangan paytda Isroilga hujum uyushtirgani qayd etildi.

Matnda ta’kidlanishicha, AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eronga qarshi havo zarbalari amalga oshirgan. Besh hafta davom etgan janglardan so‘ng tomonlar ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan.

Bu sulh Isroilning Livandagi “Hizbulloh”ga qarshi amalga oshirayotgan hujumlariga tatbiq etilmagan. Livan ma’lumotiga ko‘ra, 8 aprel kungi hujumlar oqibatida 350 kishi halok bo‘lgan, 1000 dan ortiq odam yaralangan.

9 aprel kuni Isroil hukumati Binyamin Netanyahu Livan bilan “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash topshirig‘ini berganini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid