Iqtisodiyot | 15:37
3578
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet'ning ulushi 80 foizdan pasaydi

UzAuto Motors 1-chorakda sotuvlarni 12 foizga oshirishga erishdi, lekin boshqalar undan ancha tezroq o‘syapti. Masalan, BYD Uzbekistan hozir o‘tgan yilga qaraganda 2 barobar ko‘proq avtomobil sotmoqda. O‘tgan bir yil davomida Yuan Up'ga talab 5 barobarga oshdi. Song Plus sotuvlari esa 2 karraga ko‘paydi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston avtomobil sanoati korxonalari 2026 yil 1-choragida 91 088 ta avtomobil sotdi, deya xabar berdi “O‘zavtosanoat” AJ. Bu ko‘rsatkich – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15 735 taga yoki 21 foizga ko‘p.

Bir yillik dinamikaga qaralsa, BYD Uzbekistan sotuvlarni qariyb 2 barobarga oshirgani e’tiborli. Kompaniya o‘tgan yili yanvar-mart oylarida 4045 ta avtomobil sotgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida sotuvlari 93 foizga oshgan va 7799 taga yetgan.

Shuningdek, 1-chorakda ADM Jizzakh sotuvlari 26 foizga (8623 tadan 10 886 taga), Khorezm Auto sotuvlari 24 foizga (21 275 tadan 26 348 taga) oshgan.

Bozor yetakchisi UzAuto Motors esa 12 foizlik o‘sishga erishgan: 1-chorakda sotilgan avtomobillar soni 40 985 tadan 45 881 taga yetgan.

Avtomobil brendlari kesimidagi raqamlarga kelsak, Chevrolet brendining bozordagi ulushi 80 foizdan pasayganini ko‘rish mumkin: o‘tgan yili 1-chorakda bu brendga mansub avtomobillar bozorning 82,6 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 79,3 foizgacha tushgan.

Shu bilan birga, Chevrolet sotuvlari 16 foizga oshganini ham qayd etish lozim. Lekin boshqa brendlar, aniqrog‘i BYD (+93%) va Kia (+65%) sotuvlari bozor yetakchisiga qaraganda tezroq o‘sgani natijasida, o‘tgan bir yil davomida Chevrolet'ning bozordagi dominant ulushi 3,3 foiz punktga qisqargan.

Avtomobil modellari qatori yetakchisi – Chevrolet Cobalt sotuvi joriy yil birinchi chorakda 24 mingtaga yetmagan, bu – 17 foizlik pasayishni ko‘rsatadi.

Damas, Tracker va Onix'ga talab esa sezilarli oshgan: Damas sotuvi 22 foizga (18,8 mingta sotilgan), Tracker xaridorlari 55 foizga (11,2 mingta), Onix sotuvlari esa 156 foizga (10,4 mingta) ko‘paygan.

Chevrolet brendidan tashqarida eng ko‘p sotilayotgan model hamon Kia Sonet bo‘lib qolmoqda: bu avtomobil joriy yil 1-chorakda salkam 5600 ta sotildi, bu – bir yil oldingiga qaraganda 43 foizga ko‘p.

Keyingi o‘rindagi BYD Song Plus Champion DMI sotuvlari 2 barobarga oshgan (2,8 mingta sotilgan, +97%), lekin o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchi u emas.

BYD Uzbekistan o‘tgan yili shu davrda qariyb 400 ta Yuan Up sotgan edi, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 2,1 mingtaga yetdi. Ya’ni bu modelga talab o‘tgan bir yil davomida 5,2 barobarga oshgan.

“O‘zavtosanoat” AJ e’lon qilgan infografikalar

2025 yil 1-chorak:

2026 yil 1-chorak:

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid