Jahon | 08:38
2677
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Melonini Eron bo‘yicha pozitsiyasi uchun keskin tanqid qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Italiya bosh vaziri Jorja Melonini AQSh va Isroil Eronga qarshi olib borayotgan urushga aralashishdan bosh tortgani uchun keskin tanqid qildi. Bu haqda u Italiyaning Corriere della Sera gazetasiga bergan telefon orqali intervyusida ma’lum qildi. Gazetaning bosma versiyasi 14 aprel, seshanba kuni saytda e’lon qilingan.

Foto: REUTERS

Avvalroq Italiya hukumati rahbari, ilgari Trampga xayrixoh deb baholangan Jorja Meloni, AQSh prezidentining Rim papasi Lev XIV haqidagi bayonotlarini ham “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb atagan edi.

Maqolada qayd etilishicha, Tramp Corriere della Sera bilan suhbatda shunday degan: “U (Meloni) shunchaki Italiya bunga aralashishni istamaydi, deydi. Hatto Italiya neftini o‘sha yerdan olsa ham, hatto Amerika Italiya uchun juda muhim bo‘lsa ham. U Italiya bunga aralashishi kerak, deb hisoblamaydi. Amerika bu ishni uning o‘rniga qilishi kerak, deb o‘ylaydi”.

11 aprel kuni butun dunyoda tinchlik uchun o‘tkazilgan ibodat marosimi chog‘ida pontifik urush olib borayotgan davlatlar rahbarlarini to‘xtashga va muzokaralar stoli atrofiga o‘tirishga chaqirgan, “qayta qurollanish rejalashtiriladigan va halokatli harakatlar haqida qarorlar qabul qilinadigan stol atrofiga emas”.

Shundan so‘ng, 13 aprelga o‘tar kechasi Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida shunday deb yozdi: “Menga Eron uchun yadroviy qurolga ega bo‘lishni normal deb hisoblaydigan Papa kerak emas. Menga Amerika Venesuelaga hujum qilganini dahshatli deb hisoblaydigan Papa kerak emas, axir u mamlakat AQShga ulkan miqdorda giyohvand moddalar yetkazib bergan va bundan ham yomoni, o‘z qamoqxonalaridagi mahbuslarni, jumladan qotillar, narkosavdogarlar va jinoyatchilarni mamlakatimizga yuborgan. Shuningdek, menga Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentini tanqid qiladigan Papa ham kerak emas, chunki men aynan shu ishlarni bajarish uchun saylanganman”.

Bundan tashqari, Tramp Rim papasi Lev XIVni “jinoyatchilik masalasida ojiz” va “tashqi siyosatda dahshatli” deb atadi.

14 aprel kuni Corriere della Seraga bergan izohida Donald Tramp Jorja Meloni haqida yana keskin fikr bildirdi: “Qabul qilib bo‘lmaydigan odam — aynan o‘zi, chunki unga Eronda yadroviy qurol bor-yo‘qligi baribir, agar shunday imkoniyat bo‘lsa, Eron Italiyani ikki daqiqada portlatib yuborardi”.

Shu bilan birga, Tramp o‘zi Meloni bilan ancha vaqtdan beri gaplashmaganini ham tan oldi, “chunki u bizga NATO bo‘yicha yordam berishni istamaydi, yadroviy quroldan xalos bo‘lishimizga yordam berishni istamaydi”.

“U men o‘ylagandek emas ekan”, — dedi Tramp afsus bilan.

Avvalroq u Italiya bosh vazirini “do‘st”, “buyuk lider” va “doim yordam berishga intiladigan inson” deb atagan edi.

Ayni intervyuda AQSh prezidenti “Italiya avvalgidek mamlakat bo‘lib qolmaydi” degan fikrni ham bildirdi va “immigratsiya Italiyani ham, butun Yevropani ham yemirmoqda”, dedi.

“Yevropa o‘zining migratsiya va energetika siyosati tufayli ich-ichidan o‘zini o‘zi vayron qilmoqda”, — deya ta’kidladi Tramp.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid