Jahon | 08:50
2083
5 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Erondagi urush sabab AQShning Ukrainaga vaqti yo‘q

Ukraina prezidenti Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida, Erondagi urush tufayli AQSh Ukrainaga yetarlicha vaqt ajratmayotganini aytdi. Shu bilan birga, u Germaniya o‘z mamlakatiga AQShdan ko‘ra ko‘proq yordam berayotganini ta’kidladi. Ayni paytda, Ukraina Qurolli kuchlarida Patriot kabi havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha katta tanqislik borligini ko‘rsatib o‘tdi.

Foto: AP

AQSh va Isroilning Eronga qarshi davom etayotgan urushi sabab Vashingtonning “Ukrainaga vaqti yo‘q”. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Germaniyaning ZDF telekanaliga bergan intervyusida ana shunday e’tiroz bildirdi. Intervyu 14 aprel, seshanba kuni e’lon qilindi.

“Ular (Ukrainada tinchlik yo‘li bilan hal etish bo‘yicha muzokaralarda Amerika tomonidan qatnashuvchilar — Jared Kushner va Stiv Uitkoff) doim Eron bilan aloqada, ammo Ukrainaga vaqtlari yo‘q”, — dedi Zelenskiy boshlovchi Maybrit Illner bilan suhbatda.

Intervyu davomida Ukraina rahbari nima uchun uning fikricha, Erondagi urush Kiyev uchun salbiy oqibatlarga olib kelayotganini tushuntirdi: “Agar bu urush cho‘zilsa, Ukraina uchun qurol-yarog‘ kamayadi”.

Shu bilan birga, u, jumladan, Ukraina Qurolli kuchlarida havo mudofaasini ta’minlash uchun Patriot tizimlari yetishmayotganini qayd etdi. “Hozir bizda (Patriot zenit-raketa majmualari bo‘yicha) shunday tanqislik borki, bundan ortiq yomoni bo‘lishi mumkin emas”, — dedi Zelenskiy.

Ayni vaqtda u Ukraina Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarishga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi, ammo AQSh bu masalada hali Kiyevga murojaat qilmagan.

1 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Britaniyaning The Telegraph gazetasiga bergan intervyusida, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokadadan chiqarish operatsiyasida nafaqat AQShning NATO bo‘yicha ittifoqchilari, balki Ukraina ham ishtirok etishi kerak edi, degan fikrni bildirgan edi.

“Avtomatik tarzda ular u yerda bo‘lmadi, Ukraina ham shular jumlasidan. Ukraina bizning muammo emas edi. Bu sinov edi, biz ularga yordam berdik va doim yordam bergan bo‘lardik. Ammo ular bizga yordam bermadi”, — degan edi o‘shanda AQSh prezidenti.

Bundan tashqari, Volodimir Zelenskiy ZDF’ga bergan intervyusida Germaniya va Germaniya kansleri Fridrix Mersni Kiyevni faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun maqtadi.

“Yevropadagi eng yirik strategik sherik (Ukraina uchun) — bu, albatta, Germaniya”, — dedi Ukraina prezidenti va Germaniya uning mamlakatiga AQShdan ko‘ra ko‘proq yordam berayotganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Zelenskiy Germaniya-Ukraina hukumatlararo maslahatlashuvlari doirasida Berlinda Mers bilan uchrashgan edi. Ushbu tadbir davomida Germaniya kansleri va Ukraina prezidenti strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuv hamda qator sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalarni imzoladi.

Mersning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga yanada keng qamrovli yordam ko‘rsatish choralari ham kelishib olingan. Ular havo mudofaasi, uzoq masofali qurollar, dronlar va artilleriya o‘q-dorilari sohasidagi yordamni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, yangi qurol tizimlarini ishlab chiqish uchun raqamli ma’lumotlar almashinuvi ham tashkil etiladi, dedi Germaniya hukumati rahbari.

ZDF’ga bergan intervyusida Zelenskiy yana bir bor Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga intilayotganini ta’kidladi.

“Ukraina uchun YeI a’zosi bo‘lish muhim. Bu Yevropa Ittifoqining ham istagi bo‘lishi kerak, — deb hisoblaydi u. — Bizning armiyamiz va texnologiyalarimiz YeIni faqat kuchaytiradi”.

Shu bilan birga, u Ukrainaning NATOga qo‘shilish ehtimolini pastroq deb baholadi, jumladan, uning fikricha, bunga AQSh qarshi chiqishi mumkin.

Fridrix Mersning chaqiruv yoshidagi erkaklar Ukrainada qolishi, Germaniyaga chiqib ketmasligi kerakligi haqidagi talabi haqida fikr bildirgan Ukraina rahbari: “Men odamlarning erkin harakatlanishini taqiqlay olmayman”, — dedi.

Shu bilan birga, Zelenskiy “Fridrix nima deyayotganini eshityapman”, deb qo‘shimcha qildi va ukrainalik erkaklarning Germaniyaga ommaviy ko‘chib o‘tishi mamlakat budjetiga katta yuk tushirayotganini tushunishini tan oldi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid