Jahon | 10:10 / 21.04.2026
1583
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya va Polsha harbiy aloqa uchun sun’iy yo‘ldosh yaratadi

Gdanskda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Polsha bosh vaziri Donald Tusk Polsha armiyasi uchun kosmik sun’iy yo‘ldoshni birgalikda qurishini e’lon qildi. U Starlink tizimiga muqobil variantlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Foto: Ludovic Marin/AFP

Fransiya va Polsha Polsha qurolli kuchlari uchun himoyalangan harbiy aloqa kanalini ta’minlaydigan kosmik sun’iy yo‘ldoshni hamkorlikda barpo etadi. Bu haqda 20 aprel, dushanba kuni Gdanskda bo‘lib o‘tgan qo‘shma uchrashuvda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Polsha bosh vaziri Donald Tusk ma’lum qildi.

Gap Thales Alenia Space, Airbus Defence and Space hamda RADMOR kompaniyalarining qo‘shma loyihasi haqida ketmoqda. Thales Alenia Space’ning press-relizida qayd etilishicha, ushbu loyiha Yevropani 2030 yilgacha mustaqil mudofaa imkoniyatlari bilan ta’minlashga qaratilgan Yevropa Komissiyasining mudofaa rejasi doirasiga kiritilgan. Bitim qiymati oshkor etilmagan.

Reuters ta’kidlashicha, Yevropa o‘zining mustaqil sun’iy yo‘ldosh xizmatlarini rivojlantirishga intilmoqda. Bu orqali, jumladan, Starlink tizimiga qaramlikni kamaytirish maqsad qilingan, chunki uning egasi Ilon Maskning siyosiy jihatdan oldindan aytib bo‘lmaydigan pozitsiyasi borasida xavotirlar mavjud. Reuters xabarida aytilishicha, yangi yo‘ldosh geostatsionar orbitada joylashtiriladi va Polsha harbiy aloqasiga xizmat qiladi.

Gdanskdagi uchrashuvda Makron va Tusk yadroviy tiyib turish, energetika, shuningdek, Yevropaning mudofaa sarmoyalarini moliyalashtiruvchi SAFE — Security Action for Europe tashabbusini ham muhokama qildi.

Tomonlar, shuningdek, raketaga qarshi mudofaa, uzoq masofali qurol-yarog‘ tizimlari va raketa hujumi haqida erta ogohlantirish tizimlari bo‘yicha keyingi hamkorlik yo‘nalishlarini ham belgilab oldi. Bu haqda Tusk va Makronning qo‘shma bayonotida so‘z boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid