O‘zbekiston | 09:45 / 21.04.2026
2394
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mashinasozlik sanoat zonasi tashkil etiladi

Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilinib, Kattaqo‘rg‘on tumanida 100 gektar maydonda maxsus sanoat zonasi barpo etilishi belgilandi.

“Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–145-son, 2026 yil 20 aprel)ga muvofiq, hududda mashinasozlik klasterini shakllantirish va tarmoqni izchil rivojlantirish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.

Qarorga ko‘ra, 2030 yilga qadar viloyat sanoatida mashinasozlik tarmog‘ining ulushini 15 foizga, sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushini esa 40 foizga yetkazish maqsad qilingan.

Shuningdek, tashkil etiladigan mashinasozlik sanoat zonasida yiliga 10 ming dona tijorat transport vositalari — yuk avtomobillari, avtobuslar, mikroavtobuslar, pikaplar va maxsus transport vositalari, shu jumladan elektr transportini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan.

Mazkur sanoat zonasi Kattaqo‘rg‘on tumani hududining 100 gektar yer maydonida joylashtiriladi.

Belgilanishicha, zona ishtirokchilari sifatida faqat N, M2, M3, O va L toifadagi transport vositalari hamda ular uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etuvchi korxonalar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Mashinasozlik sanoat zonasi faoliyati “Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan boshqariladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid