Jahon | 08:40 / 23.04.2026
2499
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiyada dunyodagi eng uzun piyodalar ko‘priklaridan biri ochildi

Finlandiyada mamlakatdagi eng uzun ko‘prik tantanali ravishda ochildi. Undan hech qachon avtomobil yoki mototsikl harakatlanmaydi.

Foto: WSP

Gap Kruunuvuori ko‘prigi haqida ketmoqda. U o‘tgan dam olish kunlari jamoatchilik uchun ochildi. Ko‘prik faqat piyodalar, velosipedchilar va tramvaylar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tramvay qatnovini kelasi yil boshida yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ko‘prikning uzunligi 1,19 kilometrni tashkil etadi. U Helsinkining sharqiy orol hududlarini shahar markazi bilan bog‘lovchi Crown Bridges loyihasining so‘nggi qismiga aylandi. Shu tufayli aholi tabiat bilan uzviy bog‘liq odatiy turmush tarzidan voz kechmagan holda, shahar markaziga yanada tezroq yetib borishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘prik Kruunuvuorenranta tumani, Korkeasaari oroli, Laayasalo tumani va Helsinki markaziy qismini bog‘laydi.

Loyiha Britaniyaning Knight Architecs byurosi tomonidan WSP Finland muhandislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Inshoot vantili konstruksiyaga ega bo‘lib, uning piloni balandligi 135 metrni tashkil etadi. Shu bilan birga, ko‘prik yengil egri shaklda qurilgan: muhandislar so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat konstruktiv yechim, balki makonni yaxshiroq his qilish usuli hamdir — egilgan shakl yo‘nalishning yakuniy nuqtasini yaxshiroq anglashga yordam beradi.

Loyihada ko‘plab puxta o‘ylangan detallar nazarda tutilgan. Pilon sutkaning vaqti va faslga qarab rangini o‘zgartiruvchi LED yoritgichlar bilan jihozlangan. Maxsus to‘siqlar piyodalar va velosipedchilarni kuchli shamoldan himoya qiladi, troslardagi plastik elementlar esa muz to‘planishining oldini oladi — muz shunchaki to‘kilib tushadi.

Ko‘prikni loyihalash uchun taxminan 100 ming soat sarflangan, uning hisobiy xizmat muddati esa 200 yilni tashkil etadi. Buning uchun maxsus muhandislik yechimlari qo‘llangan: yuqori yuklamalarga chidamli kuchaytirilgan beton konstruksiyalar, bog‘lanish joylarida metall charchashini kamaytirish choralari, shuningdek, dengiz muhitida zanglashdan himoya qilish uchun zanglamaydigan po‘latdan foydalanilgan.

Shu bilan birga, tramvay liniyasi qurilishi ham davom etmoqda. U yaqin yillarda aholisi ikki barobarga ko‘payishi mumkin bo‘lgan Laayasalo tumani bilan transport aloqasini tezlashtirishi, shuningdek, Helsinki metrocining sharqiy yo‘nalishlaridagi yuklamani kamaytirishi kutilmoqda.

Kutilishicha, 2027 yilga kelib ushbu ko‘prik orqali tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yiladi va u shahar markazini yangi turar joy hududlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laydi.

Kruunuvuori allaqachon piyodalar harakati va yengil relsli transportni birlashtirgan dunyodagi eng yirik ko‘priklardan biri deb atalmoqda. Bunday uzunlikka va shunday funksiyalar uyg‘unligiga ega o‘xshash inshootlar juda kam.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid