Turizm | 20:13
1191
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda sayyohlarga «safari» paytida telefondan foydalanish taqiqlandi

Dam oluvchilar hayvonlarni suratga olishga urinib, o‘zini ham, gidlarni ham xavf ostiga qo‘ymoqda, hayvonlarni stress holatiga tushirmoqda.

Foto: AP

2025 yil noyabr oyida Hindiston Oliy sudi sayyohlarga «safari» paytida yo‘lbars qo‘riqxonalarida telefondan foydalanishni taqiqlovchi qaror qabul qildi. Gap shundaki, dam oluvchilar hayvonlarni suratga olishga urinib, o‘zini ham, gidlarni ham xavf ostiga qo‘ymoqda, hayvonlar stress holatiga tushmoqda. Sayyohlarning telefon bilan xatti-harakatlari odamlar uchun ham, hayvonlar uchun ham juda xavfli deb topildi.

2026 yil fevral oyida internetda Rajastxan shtatidagi Ranthambor bog‘ida yo‘lbarsni bir nechta «safari» mashinalari o‘rab olgani aks etgan video paydo bo‘ldi - hayvon o‘kirib, suratga olayotgan sayyohlar o‘tirgan mashinalar orasidan qanday o‘tishni bilmasdi. Videodagi yo‘lbars qo‘rqib, burchakka qamalib qolgandek ko‘rindi. Hindistonda bunday voqealar oddiy holga aylangan. Endi qarorga ko‘ra, sayyohlar qo‘riqxonaga kirishdan oldin telefonlarini qutida qoldirishi shart.

Hindistonlik jurnalist Charukesi Ramadurai bu qarorning sabablarini quyidagicha tasvirlaydi: «Odamlar hayvonlar bilan suratga tushishga urinib, aqlsizlik qilmoqda. Telefon tushib ketgan va gid uni olish uchun mashinadan sakrashga majbur bo‘lgan holatlar bo‘lgan. Onasi selfi qilgani uchun bola jipdan yiqilib tushgan. Gid sakrab, bolani ko‘tarishga majbur bo‘ldi — yo‘lbars bir necha qadam narida edi».

Hindistondagi tabiatni muhofaza qilish ishlari tufayli 2010 yildan 2022 yilgacha populyatsiya ikki baravar ko‘payganiga qaramay, Bengal yo‘lbarsi yo‘qolib borayotgan tur bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda mamlakatda 3600 boshdan ortiq yovvoyi Bengal yo‘lbarsi yashaydi, bu dunyo populyatsiyasining taxminan 75 foizini tashkil qiladi. Ularning aksariyati rasmiy yo‘lbars qo‘riqxonalarida, jumladan, Rajastxandagi Ranthambor bog‘i va Uttarakxanddagi Jim Korbett milliy bog‘ida yashaydi.

Ammo populyatsiyaning o‘sishi bilan «safari»ning mashhurligi ham oshdi. So‘nggi besh yil ichida Hindistonda yo‘lbarslar tufayli 418 kishi tasodifan halok bo‘lgan.

Hindiston hayvonlarni suratga olish qoidalari kuchaytirilgan yagona mamlakat emas. O‘tgan yili internetda Keniyadan ham sayyohlar gnu antilopalarining migratsiyasiga to‘sqinlik qilib, ularning yo‘lini to‘sib qo‘ygan videolar paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng Turizm va yovvoyi tabiat vazirligi turoperatorlar uchun standartlarni o‘zgartirdi va kuchaytirdi.

Yangi qoidalar o‘tgan yili Shpitsbergenda ham kuchga kirdi - endi sayyohlar mavsumga qarab ayiqlardan 300 metrdan 500 metrgacha masofada yurishi kerak.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid