Jahon | 20:54 / 28.04.2026
6156
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Isroilni o‘g‘irlangan donni sotib olishda aybladi

Ukraina prezidenti Isroilga qarshi sanksiyalar joriy etilishiga erishishini aytdi. O‘z navbatida Isroil bu ayblovni rad etib, Ukraina hech qanday dalil taqdim etmaganini ma’lum qildi.

Foto: Dmitriy Rogulin / TASS

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Isroil Ukrainaning bosib olingan hududlaridan Rossiya tomonidan olib chiqilgan donni olgani uchun sanksiyalar joriy etilishiga erishishini aytdi. Prezident don tashuvchilar va «bunday jinoiy sxema orqali pul topishga urinayotganlar» sanksiyalar ostida qolishi bilan tahdid qildi.

«O‘g‘irlangan narsani sotib olish barcha normal mamlakatlarda qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladigan harakatdir. Bu, xususan, Rossiya tomonidan o‘g‘irlangan g‘allaga ham tegishli», deb yozdi Ukraina rahbari 28 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev diplomatik kanallar orqali Isroildan o‘g‘irlangan don ortilgan kemalar mamlakat portlariga kirmasligini talab qilishga uringan, biroq «navbatdagi shunday kema to‘xtatilmagan».

27 aprel kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Isroilning Xayfa portiga Ukrainaning bosib olingan hududlaridan olib chiqilgan don ortilgan yana bir, kamida ikkinchi kema kirganini ma’lum qildi. Kiyev Isroil elchisini Tashqi ishlar vazirligiga chaqirib, kemani qabul qilmaslikka chaqirdi. Bunga javoban Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar Ukraina bunga hech qanday dalil taqdim etmaganini aytdi.

Kreml Ukrainaning bosib olingan hududlardan g‘alla olib chiqilayotgani haqidagi bayonotlarga izoh berishdan bosh tortdi. «Kiyev rejimi Isroil bilan, Isroil esa Kiyev rejimi bilan o‘zi shug‘ullansin. Biz bu ishga izoh berishni va aralashishni xohlamaymiz», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 28 aprel kuni bo‘lib o‘tgan brifingda.

Ukraina Tashqi razvedka xizmati 2026 yil boshida Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun Ukrainaning bosib olingan hududlaridan donni o‘ziniki sifatida sotayotgani haqida xabar bergan edi. Ukraina hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiya bosib olingan hududlarda yetishtirilgan ikki million tonnadan ortiq donni olib chiqib ketgan. Ularning asosiy xaridorlari Misr va Bangladesh bo‘ldi.

Rossiya muntazam ravishda - kamida 2023 yildan beri - Ukrainaning bosib olingan hududlaridan yig‘ilgan g‘allani Isroilga yetkazib bermoqda, deb xabar qildi Isroilning Gaarets nashri 27 aprel kuni. Jurnalistlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt ichida mamlakatga g‘alla ortilgan ikkita kema kelgan va ulardan kamida bittasi tushirilgan. Yana kamida yettita kema donning kelib chiqishini yashirishga harakat qilgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid