Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoni ikki lagerga bo‘lgan Cherchill – “Sovuq urush” davri qanday boshlangandi?
1946 yil 5 mart kuni AQShda bo‘lib turgan Uinston Cherchill talabalar bilan uchrashuv vaqtida SSSR yuritayotgan tashqi siyosatni tanqid qiladi va dunyo davlatlarini kommunistik tuzumdan himoya qilish kerakligi haqida gapiradi. Bir haftadan so‘ng “Pravda” gazetasida Stalinning intervyusi beriladi. Unda sovet rahbari Cherchillni Hitlerga tenglashtirgandi. Shundan so‘ng G‘arb va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar taranglasha boradi va bu 1989 yilgacha davom etadi.
Ikkinchi jahon urushigacha dunyoda siyosiy qutb yo‘q edi. Hech bir davlat dunyo gegemonligiga da’vo qilmasdi. Barchasi Ikkinchi jahon urushidan so‘ng o‘zgaradi.
SSSR urushning asosiy g‘olibi sifatida katta maydonga chiqadi. AQSh harbiylari Yevropada mustahkam o‘rnashadi. Har ikki tomon nemislardan ozod qilingan davlatlarni o‘z nazoratiga oladi.
Ana o‘shanda AQSh va Britaniya o‘zlariga jiddiy raqib paydo bo‘lganini tushunib yetadi. Shundan so‘ng SSSR va AQSh o‘rtasida turli hududlarni o‘z ta’sir doirasiga olish bo‘yicha keskin raqobat boshlanadi.

“Sovuq urush” davrining boshlanishi
“Sovuq urush” davri qachon boshlangani haqida bir nechta versiyalar bor. Kimdir u Ikkinchi jahon urushi davom etayotgan paytda, ayrimlar urush tugashidan so‘ng boshlangan deydi.
Ko‘pchilik esa “Sovuq urush” davri boshlanishiga Uinston Cherchillning 1946 yil 5 mart kuni AQShning Fulton shahrida so‘zlagan nutqi sabab bo‘lgan deb biladi.
O‘shanda bir yil avval Britaniya bosh vazirligidan ketgan Cherchill AQShga shaxsiy safar bilan borgandi. U Fultonda Sharqiy Yevropa davlatlarida totalitar tuzum o‘rnatilgani va Yevropa oilasi ikkiga bo‘linib qolgani haqida gapiradi.
Shuningdek, Cherchill o‘z nutqida: “Boltiq dengizidagi Shtettindan Adriatika sohilidagi Triyestgacha qit’a bo‘ylab temir parda tortildi”, deydi.
Shtettin Polshaning Germaniya bilan chegarasidagi shahar bo‘lib, u Oder daryosining Boltiq dengiziga quyilish yerida joylashgan. Triyest esa Adriatika dengizi sohili yaqinidagi, Italiyaning Sloveniya va Xorvatiyaga qo‘shni bo‘lgan shahri hisoblanadi.

Cherchill yuqoridagi gapi bilan SSSRning Sharqiy Yevropa davlatlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgani va ularni erkin dunyodan ajratib qo‘yganini ifodalagan.
Ko‘plab tarixchilar aynan mana shu nutqni va undagi “temir parda” iborasini “Sovuq urush” davrining boshlanish nuqtasi deb hisoblaydi.
Cherchillning nutqi AQSh gazetalarda e’lon qilingach, ertasi kuni rus tiliga o‘girilgan holda Stalinga yetkaziladi. 1946 yil 13 mart kuni “Pravda” gazetasida sovet rahbarining intervyusi beriladi.
Unda Stalin SSSRning dunyoni qo‘lga olish niyati yo‘qligini, biroq sovetlar o‘z chegaralari xavfsizligi uchun ayrim choralarni ko‘rayotganini ta’kidlaydi.
Intervyuda eng shov-shuvli jumla Stalinning Cherchillni Hitlerga tenglashtirgani edi. Shuningdek, u Britaniya sobiq bosh vazirini “Anglo-sakson rasizmi”da ayblagandi.
Ma’lumot o‘rnida, “Sovuq urush” iborasi ilk bor yozuvchi Jorj Oruellning 1945 yil oktyabrda chop etilgan “Sen va atom bombasi” essesida qo‘llangan.

Yozuvchi asarida atom quroliga ega bo‘lgan bir nechta yirik davlatlar o‘rtasidagi doimiy qarama-qarshilikni tasvirlagan. Uning fikricha, bu davlatlar bir-birini yo‘q qilishdan qo‘rqqani uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang qilmaydi, balki doimiy “sovuq urush” holatida yashaydi.
Cherchill hamda Stalinning gaplaridan so‘ng jahon OAVlari G‘arb va SSSR munosabatlari haqida yozganda shu iborani qo‘llay boshlaydi.
“Sovuq urush” davrida SSSR va AQSh o‘rtasidagi keskin qarama-qarshiliklar
Xitoy va Koreya yarimorolidagi urushlar
Sovuq urush davri boshlangach SSSR va AQSh o‘rtasida Janubiy-Sharqiy Osiyoni o‘z ta’sir doirasiga olish uchun kechayotgan raqobat keskinlashadi.
Sovetlar Xitoy kommunistlari rahnamosi Mao Tszedunga, AQSh esa quvg‘inlikdan vatanga qaytgan Xitoy respublikasi rahbari Jan Kayshiga yordam bera boshlaydi. Xitoyda fuqarolar urushi boshlanadi.

1949 yilda “Chin yurti”da kommunistik tuzum o‘rnatishni maqsad qilgan kuchlar g‘alaba qozonadi va Xitoy xalq respublikasi tashkil etiladi. Ya’ni bu davlatda kechgan raqobatda SSSR yutib chiqadi va Osiyodagi yirik bir mamlakatni o‘z ta’sir doirasiga olishga muvaffaq bo‘ladi.
O‘shanda Chan Kayshi o‘z tarafdorlari bilan Tayvan oroliga ko‘chib o‘tadi va Xitoy respublikasi shu orolda yashab qoladi. Hozirgi Tayvan davlati o‘sha Xitoy respublikasi hisoblanadi.
Xitoy masalasi hal bo‘lgandan so‘ng navbat Koreya yarimoroliga keladi. O‘sha paytda yarimorolning shimoliy qismini kommunistik tuzum tarafdorlari, janubini esa Koreya respublikasi tuzish tarafdorlari nazorat qilardi.
1950 yilda shimolliklar janubga hujum boshlaydi va urush boshlanadi. Shimolliklarga sovet armiyasi, janubliklarga BMT rezolyutsiyasi bilan tuzilgan, AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya yordam beradi.
Shimol va Janub o‘rtasidagi urush uch yil davom etadi va 1953 yilda sulh bilan yakun topadi. Tomonlar 38-parallel bo‘ylab chegara chizig‘i tortadi.
Shu tariqa Koreya yarimorolida bir-biriga dushman bo‘lgan ikkita mustaqil davlat tashkil topadi. Ularning birini SSSR, ikkinchisini AQSh o‘z nazoratiga oladi.

NATO va sotsialistik harbiy blokning tashkil etilishi
“Sovuq urush” davri boshlanar ekan, 1949 yilda AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari harbiy blok tuzishadi. Bu haqdagi hujjatlar 1949 yil 4 aprelda Vashingtonda imzolanadi.
Tashkilotga NATO (North Atlantic Treaty Organization – Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi) deb nom beriladi. Uning ilk ta’sischilari Yevropadan 10 ta davlat va okean ortidan AQSh hamda Kanada bo‘ladi.
Keyinchalik NATO kengayadi va hozirgi kunda unga 32 davlat a’zo hisoblanadi. Bu harbiy blokka oxirgi bo‘lib 2023 yilda Finlandiya va 2024 yilda Shvetsiya qo‘shildi.

NATO tashkil etilganidan 6 yil o‘tib, SSSR boshchiligidagi sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar ham o‘z harbiy blogini tashkil etadi. “Varshava shartnomasi tashkiloti” deb atalgan bu tashkilotga SSSR, Albaniya, Bolgariya, GDR, Polsha, Ruminiya va Chexoslovakiya a’zo bo‘lgan.
Yugoslaviya tashkilot safiga kirmaydi. Albaniya esa 1968 yilda chiqib ketadi. VShTning asosiy moliviy ta’minotchisi sovet davlati bo‘lgan. Bu tashkilot SSSR parchalanishi arafasida, 1991 yil 1 iyulda rasman faoliyatini to‘xtatgan.
VShT sotsialistik lagerga kiruvchi bir nechta davlatda kommunistik tuzumga qarshi ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlarini ayovsiz bostirishda ishtirok etadi. Jumladan, 1956 yilda Vengriyada, 1968 yilda Chexoslovakiyada aholi namoyishlari VShT tomonidan ayovsiz bostiriladi.

Kuba atrofidagi keskinlik
“Sovuq urush” davri boshlangan kezlarda Kubada Fulxensio Batista hukmron bo‘lib, bu davlat AQSh bilan do‘stona aloqalarda edi.
1950-yillarning ikkinchi yarmida Fidel Kastro boshchiligidagi inqilobchilar Kubada hokimiyatni qo‘lga olish uchun harakatni boshlaydi va partizanlik urushi olib boradi. Orada Fidel Kastro qo‘lga tushib qamaladi. So‘ng afv etiladi.
1958 yilda qo‘zg‘olonchilar bir qator muvaffaqiyatga erishadi va 1959 yil 1 yanvar kuni poytaxt Gavanani egallaydi. Batista xorijga qochib ketadi.
Fidel Kastro Kubani egallagach bu orol davlatda kommunistik tuzum o‘rnatiladi. Shundan so‘ng SSSR Kubaga har tomonlama yordam bera boshlaydi. AQSh esa bu orol davlat bilan diplomatik aloqalarni uzadi va elchixona xodimlarini olib chiqadi.
1961 yilda AQSh Turkiya hududiga SSSRdagi muhim obektlargacha uchib bora oladigan raketalarini keltiradi. Ularga yadro kallaklari o‘rnatilgandi. Bunga javoban SSSR Kubaga yadroviy qurollarni joylashtiradi.
Ana shunday vaziyatda AQSh hamda SSSR o‘rtasidagi munosabatlar taranglashadi va 1962 yilda prezident Jon Kennedi Kuba atrofida dengiz blokadasi boshlanganini e’lon qiladi.
1962 yil 27 oktyabr kuni Kuba osmonida parvoz qilayotgan AQSh samolyoti urib tushiriladi. AQSh bunga javob qaytarilishini e’lon qiladi. Oqibatda dunyo yadroviy urush tahlikasi ostida qoladi.

28 oktyabr kuni AQSh va SSSR rahbarlari kelishuvga erishadi. Unga ko‘ra, Amerika tomoni Kubaga bostirib kirmaslikka Turkiyadan raketalarini olib chiqishga va’da beradi. SSSR esa o‘z yadroviy raketalarini Kubadan olib ketishga rozi bo‘ladi.
Kuba atrofida sodir bo‘lgan siyosiz inqiroz yechim topgandan so‘ng tomonlar Vashington va Moskva o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri telefon aloqasi o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Biroq “Sovuq urush” davri davom etaveradi.
Vetnam urushi
“Sovuq urush” davrida sodir bo‘lgan eng yirik urush – bu Vetnam urushi hisoblanadi. AQSh bu urushga qisman 1960-yillar boshlarida, to‘liq 1965 yildan boshlab qo‘shilgan.
1950-yillar boshlarida Hindixitoy yarimoroli Fransiya nazoratida edi. 1954 yilda Hindixitoyda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha tomonlar “Jyeneva kelishuvi”ni imzolaydi.
Unga ko‘ra, Fransiya Vetnam, Kamboja va Laosni mustaqil davlatlar sifatida tan oladi. Biroq bu Hindixitoyga tinchlik olib kelmaydi. Chunki endi mintaqadagi ishlarga AQSh va SSSR aralasha boshlagan va ikki tomon Fransiyadan ozod bo‘lgan davlatlarni o‘z ta’sir doirasiga olishga bel bog‘lagandi.
1954 yilda Vetnam Benxay daryosidan ikkiga bo‘linadi. Mamlakat shimolini SSSR va Xitoydan yordam olgan kommunistlar egallaydi. U yerda Vetnam demokratik respublikasi tuziladi.
Janubda AQSh yordamida Vetnam respublikasi tashkil etiladi. Shundan so‘ng ikki tomon bir-biriga hudud da’vo qila boshlaydi.
1959 yilda shimolliklar mamlakat janubini bosib olish uchun harakat boshlaydi. Ularga janubda yashovchi kommunistlarga xayrixoh partizanlar ham yordam beradi. Shu tariqa urush boshlanadi.
1961 yil Janubiy Vetnamga AQSh armiyasining ikkita vertolyot rotasi kiritiladi. 1963 yilda shimolliklar janubga hujumni kuchaytiradi. Bunga javoban AQSh Janubiy Vetnamga ko‘proq harbiylarini yubora boshlaydi.

1965 yil oxiriga kelib Janubiy Vetnamda AQShning 185 ming nafar harbiy xizmatchisi bor edi. 1968 yilda ularning soni 540 ming nafarga yetadi.
1968 yil kuzda o‘tkazilgan prezidentlik saylovida “Urushni sulh bilan tezroq tugatish” rejasini ilgari surgan Richard Nikson g‘alaba qozonadi. Biroq shimolliklar bilan sulhga rozi bo‘lmaydi va hujumni kuchaytiradi.
1972 yilda shimolliklar armiyasi janubda kechgan bir nechta yirik jangda mag‘lub bo‘ladi va shundan so‘ng AQSh taklif etgan tinchlik sulhi uchun muzokaralarga kirishishga majbur bo‘ladi.
1973 yil 27 yanvar kuni tomonlar “Parij tinchlik kelishuvi”ni imzolaydi. Kelishuvga ko‘ra, AQSh 1973 yil 29 martgacha Janubiy Vetnamdan barcha harbiylarini olib chiqish majburiyatini oladi. Biroq urush yana ikki yil davom etadi.
1975 yil mart oyida shimolliklar Janubiy Vetnam poytaxti Saygon shahrini qo‘lga kiritadi. Shu tariqa urush Janubiy Vetnam armiyasi va AQShning mag‘lubiyati bilan tugaydi. Amerikalik harbiylar Vetnamdan to‘liq chiqib ketadi.
Vetnam urushida SSSR Shimoliy Vetnamga keng ko‘lamli yordam beradi. Jumladan:
- 2000 ta tank;
- 1 700 ta zirhli transport;
- 7 000 ta artilleriya quroli;
- 5 000 dan ortiq zenit to‘plari;
- 158 ta zenit-raketa majuasi;
- 120 ta vertolyot;
- MiG-17 va MiG-21 qiruvchi samolyotlari yetkazib beradi.
Shuningdek, SSSR Vetnamga taxminan 1,5 mlrd dollar miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatadi. Bundan tashqari, Shimoliy Vetnam armiyasi safida ko‘plab sovet zobitlari “harbiy maslahatchi” niqobi ostida xizmat qiladi. Bundan tashqari sovet harbiylari shimolliklar safida janglarda qatnashgan.

Tom ma’noda aytganda Vetnam urushi – bu SSSR va AQShning Hindixitoyni o‘z ta’sir doirasiga olish uchun olib borgan keskin raqobati edi. Oxir-oqibat bu raqobatda sovetlar yutib chiqadi va Vetnam hamda Laosda kommunistik tuzum o‘rnatiladi.
SSSR va AQSh o‘rtasidagi iliq munosabatlar
1969 yil 20 yanvardan boshlab AQShni Richard Nikson boshqara boshlaydi. Bu shaxs SSSR bilan ham munosabatlarni iliqlashtirish uchun 1972 yilda davlat tashrifi bilan Moskvaga keladi. O‘shangacha AQSh prezidentlari orasida faqat Franklin Ruzvelt 1945 yilda SSSRga kelgandi.
Richard Nikson Moskvada Brejnev bilan AQSh va SSSR o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik shartnomalarini imzolaydi. Shundan so‘ng savdo aloqalari jonlanadi.
Masalan, dunyoga mashhur Pepsi Sola ichimliklari SSSRga o‘sha paytda kirib keladi. 1973 yilda PepsiCo kompaniyasi SSSRda o‘z korxonasini qura boshlaydi va 1974 yilda ishga tushiradi.
1972 yil kuzda o‘tkazilgan saylovda Richard Nikson yana g‘alaba qozonadi va AQShni boshqarishda davom etadi. 1974 yil 27 iyunda u SSSRga ikkinchi marta keladi va har ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy hamda iqtisodiy aloqalar yanada jonlanadi.
Biroq 1974 yil avgustda Nikson iste’foga chiqadi. O‘shanda unga “Uotergeyt ishi” deb nomlangan siyosiy mojaro ortidan impichment xavf soladi. Aytgancha, Nikson AQSh tarixida o‘z ixtiyori bilan iste’fo bergan birinchi va yagona prezidentga aylanadi.

Niksondan so‘ng AQShni vitse-prezident Jyerald Ford boshqara boshlaydi. Bu shaxs ham Nikson boshlagan siyosatni davom ettiradi va 1974 yil noyabrda SSSRga tashrif buyurib, Vladivostokda Brejnev bilan uchrashadi.
1976 yilda o‘tkazilgan saylovda Jyerald Ford yutqazadi va 1977 yil yanvarda Oq uyni Jimmi Karterga bo‘shatib beradi.
Nikson va Forddan farqli ravishda Karter SSSRni bir qator ishlarda ayblab chiqadi va o‘rtadagi aloqalar yana sovuqlasha boshlaydi.
1979 yil 18 iyunda Karter va Brejnev Venada strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha kelishuv imzolaydi. Aloqalar yana izga tusha boshlaganda sovet armiyasi Afg‘onistonga bostirib kiradi va barchasi barbod bo‘ladi.
Afg‘on urushi
Afg‘on urushida AQSh bevosita qatnashmagan. Biroq boshqa yo‘llar bilan urushga ta’sir ko‘rsatgan. SSSRga sanksiyalar joriy etgan, afg‘onlarga qurol-yarog‘ yetkazib bergan.
Afg‘on urushi boshlangach AQSh va xalqaro hamjamiyat SSSRdan darhol Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni talab chiqadi. Jimmi Karter ma’muriyati SSSRning bu harakatini xalqaro huquq va suverenitetning buzilishi deb ataydi.
Ko‘p o‘tmay AQSh SSSRga nisbatan bir qator cheklovlar va sanksiyalar joriy qiladi. Jumladan, SSSRga bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish to‘xtatiladi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yuqori texnologiyalarni eksport qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari 1980 yilda Moskvada o‘tkazilgan yozgi olimpiya o‘yinlarini boykot qiladi va SSSRga o‘z sportchilarini yubormaydi.
O‘shanda Moskva olimpiadasini 65 davlat boykot qiladi. Bunga javoban sovetlar 1984 yilda Los-Anjyelesda o‘tkazilgan olimpiadani o‘z ta’sir doirasi ostidagi davlatlar boykot qilishiga urinadi.
Bundan tashqari AQSh bir qancha davlatlarga ta’sir o‘tkazib, jahon bozorida neft narxini keskin arzonlashtirishga erishadi. Oqibatda yirik neft eksport qiluvchi davlat bo‘lgan SSSR iqtisodiyoti jiddiy zarar ko‘ra boshlaydi.
Umuman olganda Afg‘on urushi AQSh va SSSR munosabatlarining yana sovib ketishiga sabab bo‘ladi.
“Sovuq urush” davrining tugashi
1985 yil 10 mart kuni sovet rahbari Konstantin Chernenko vafot etdi. Uning o‘rnini Mixail Gorbachyov egallaydi va SSSRda “Qayta qurish” va “Oshkoralik” deb nomlangan islohotlarni boshlaydi. 1986 yilda u Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni e’lon qiladi.
Shuningdek, SSSRda fuqarolarga birmuncha erkinliklar, jumladan e’tiqod erkinligi, shaxsiy mulkga ega bo‘lish imkoniyatlari beriladi.
Bundan tashqari, SSSR tashqi siyosat konsepsiyasini ham o‘zgartira boshlaydi va natijada G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy hamda siyosiy aloqalar birmuncha jonlanadi.
1989 yilda Afg‘onistondan sovet armiyasining so‘nggi qismlari olib chiqiladi.

Bunday ishlar AQSh tomonidan olqishlanadi va 1989 yil dekabr oyida AQSh prezidenti Katta Jorj Bush va SSSR rahbari Mixail Gorbachyov Malta davlatida uchrashgan chog‘da “Sovuq urush” davri yakunlanganini e’lon qiladi.
1991 yil avgust oyida SSSR parchalanib ketgach “Sovuq urush” davri to‘liq yakuniga yetadi. Bu davrning tugashi dunyoda yadroviy urush xavfini kamaytiradi.
Rossiya va AQSh “Sovuq urush” davriga qaytdimi?
Aksariyat siyosiy tahlilchilar hozirda AQSh va Rossiya yana “Sovuq urush” davrini o‘tkazayotganini aytadi. Bu davrning boshlanishiga Rossiyaning Ukraina hududlarini egallab olgani sabab bo‘lgan.
2014 yil Rossiya harbiylari Ukraina sharqiga bostirib kirib Lugansk va Donetsk viloyatlarining bir qismini hamda Qrimni egallab oldi.
Shundan so‘ng AQSh boshchiligidagi kollektiv G‘arb Rossiyaning ishini qoralab chiqdi va bu davlatga nisbatan sanksiyalar joriy eta boshladi.
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirgach ikki yirik davlat o‘rtasidagi munosabatlar eng yomon ko‘rinishga keldi.
AQSh Rossiyaga nisbatan ko‘plab sanksiyalar e’lon qildi. Shuningdek, Amerika Ukrainaga qurol-yarog‘ berib kelmoqda. Moliyaviy yordam ko‘rsatmoqda.
To‘g‘ri, Tramp hokimiyat tepasiga kelgach Ukrainaga berilayotgan yordam hajmi biroz kamaydi. Biroq bu Rossiya va AQSh o‘rtasidagi sovuq aloqalarni “ilitgani” yo‘q.

2026 yil 5 fevral kuni Rossiya va AQSh o‘rtasidagi oxirgi yirik yadroviy kelishuv — New START (SNV-III) shartnomasi rasman o‘z kuchini yo‘qotdi.
Tomonlar shartnomani yangilashmadi va bu oxirgi 50 yil ichida birinchi marta ikki davlat o‘rtasida yadroviy qurollarni cheklovchi hech qanday huquqiy kelishuv qolmaganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda 2014 yildan boshlab Rossiya va AQSh o‘rtasida “Sovuq urush-2” davri boshlandi. Buni 2016 yildayoq o‘sha paytda Rossiya bosh vaziri bo‘lib ishlab turgan Dmitriy Medvedev ham aytib chiqqan edi.
“Sovuq urush-2” davri qachon tugashini vaqt ko‘rsatadi. Biz esa dunyoda urushlar bo‘lmasin, insoniyat tinch-totuv bo‘lib yashasin deymiz.
Mavzuga oid
21:03 / 28.04.2026
Rossiyada migrantlar uchun davlat bojlari 12 barobar oshishi kutilmoqda
20:54 / 28.04.2026
Zelenskiy Isroilni o‘g‘irlangan donni sotib olishda aybladi
19:54 / 28.04.2026
AQSh zarbxonasida Kolumbiya kartellariga tegishli oltin topildi
19:32 / 28.04.2026