Texnologiya | 10:43
1466
8 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy darajalar berish tizimini isloh qilishga oid mulohazalar

Belgiyaning Gent universiteti katta ilmiy tadqiqotchisi, fizika-matematika fanlari doktori Erkinjon Karimov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida ilmiy darajalar berish tizimini shaffoflik va raqamlashtirish asosida isloh qilishga oid o‘z takliflarini ilgari surdi.

Foto: tuit.uz

Men mulohazalarimni mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim sohasidagi islohotlar, ularning ijobiy, salbiy oqibatlari, yutuqlar va kamchiliklarni sanashdan boshlamoqchi emasman. Bu soha vakillari bundan har holda xabardor. Oxirgi kunlarda OAVda yangragan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan akademik Shavkat Abdullayevich Ayupovning intervyusi, unda bildirilgan ayrim tanqidiy fikrlarga nisbatan Oliy attestatsiya komissiyasining munosabati va bu munosabatga bildirilgan munosabatlarni o‘qib tahlil qilishni o‘qirmanlarning o‘ziga havola qilaman.

Men esa bevosita ilmiy darajalar berish tizimini isloh qilishga oid takliflarimni qisqa bayon etmoqchiman.

Takliflardagi turli baza, platformalar borasidagi takliflar katta yangilik emas. Bunday bazalar u yoki bu holatda qisman joriy etilgan, etilyapti va joriy etilishi rejalangan. Shunday bo‘lsa ham bunday bazalarga bo‘lgan ehtiyojni asoslashga harakat qildim. Oldindan aytishim mumkinki, bu takliflarni amalga oshirish mexanizmi (agar ma’qul topilsa) ishchi guruh tuzib bevosita bahs-munozara asosida shakllantirilishi kerak bo‘ladi. Bunda dissertantlarga ortiqcha byurokratik to‘siq yaratilmasligi bilan ko‘zlayotgan maqsadimiz – sof, sifatli ilmiy tadqiqotlar darajasini saqlab qolish o‘rtasidagi oltin o‘rtaliqni topilishiga harakat qilish lozim.

Tizim islohoti bo‘yicha takliflar majmuasi

I. Shaffoflik va “Obro‘ instituti”ni shakllantirish (OAK ochiq ma’lumotlar bazasi)

Tizimdagi yopiqlik ko‘pincha mas’uliyatsizlikni keltirib chiqaradi. Birinchi qadam – barcha ishtirokchilarning faoliyatini jamoatchilik nazoratiga ochishdir. Taqrizlar va xulosalar ochiq e’lon qilinishi shart. Dissertatsiya tasdiqlangandan so‘ng, tizimda nafaqat avtoreferat, balki rasmiy opponentlar, yetakchi tashkilot va ilmiy kengash a’zolarining bergan xulosalari (imzosi bilan) ochiq yuklanishi lozim. Bu – “Obro‘ instituti”ni ishga tushiradi. Olimlar o‘z obro‘sini to‘kmaslik uchun sayoz yoki ko‘chirma ishlarga ijobiy taqriz yozishdan qo‘rqib qoladi.

Ilmiy rahbarlar va kengashlar bo‘yicha integratsiyalashgan statistika ham muhim ahamiyatga ega. OAK bazasida har bir olimning (ilmiy rahbarning) raqamli profili yaratiladi. U yerda olimning shogirdlari, ularning himoya qilgan ishlari va maqolalari zanjir kabi bog‘langan bo‘ladi.

Shuningdek, ilmiy kengashlar pasporti va faoliyati tarixi ham joylanadi. Jamoatchilik va ta’lim muassasalari qaysi ilmiy rahbar haqiqiy olim yetishtirayotganini, qaysinisi esa “konveyer” qilib olganini ochiq ko‘radi. Sayoz ishlarni ko‘p o‘tkazgan ilmiy kengashlar reytingi tushib, faoliyati tugatilishiga asos bo‘ladi.

II. Ilmiy yangiliklar va qiyosiy tahlil platformasi

Plagiatni aniqlashdan ko‘ra, g‘oyalar takrorlanishining oldini olish muhimroq. Plagiatga tekshirish tizimi ham saqlanishi kerak, albatta. Ilmiy yangiliklar va metodikalarning umumiy bazasi yaratilishi muhim ahamiyatga ega. Unda:

  • barcha himoya qilingan ishlardagi aniq metodikalar, ilmiy yangiliklar va ularga doir maqolalar havolalari jamlanadi;
  • kalit so‘zlar orqali qidirish imkoniyati yaratiladi;
  • albatta, mualliflik huquqi va patentlarning buzilmasligiga alohida e’tibor qaratiladi.

Portal ochiq foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi, natijalar bilan to‘la tanishish imkoniyatini berishi, cheklangan ma’lumotlar bo‘yicha esa mualliflarga yo‘naltiruvchi havolalar berilishi maqsadga muvofiq. Natijada izlanuvchilar va amaliyotchilar (masalan, o‘qituvchilar) o‘zlariga kerakli metodikani tez topadi, bu esa fanning amaliyotga joriy etilishini tezlashtiradi.

Shuningdek, himoyadan oldingi majburiy qiyosiy SI-tahlil bosqichi joriy etilishi lozim. Himoyaga taqdim etilayotgan ish natijalari dastlab ushbu platformaga yuklanadi. Tizim bazadagi oldingi ishlar bilan qiyosiy tahlil o‘tkazib, “O‘xshash ishlardan farqi va o‘ziga xosligi” bo‘yicha avtomatik tavsiyanoma shakllantiradi. Ilmiy seminar kotibi bu tavsiyanomani kengash a’zolariga tarqatishga majbur bo‘ladi.

Muhokamada “Bu usul 3 yil oldin falonchining ishida ham bor edi, sizning ishingiz qanday farq qiladi?” degan savol qat’iy o‘rtaga tashlanadi va shablon asosida ko‘chirilgan ishlar shu bosqichda elakdan o‘tkaziladi.

III. Pedagogika yo‘nalishi uchun qat’iy va maxsus talablar

Metodika sohasini oson daraja olib, maoshga ustama qo‘shish vositasiga aylanib qolishidan asrash uchun to‘siqlar qo‘yilishi lozim. Xalqaro maqolalar talabini kuchaytirish – buning asosiy yo‘lidir.

Mahalliy va “yirtqich” jurnallar o‘rniga, sifatli nashrlar talab etiladi. PhD darajasi uchun Scopus/Web of Science bazasidagi pedagogika sohasiga oid jurnallarda kamida 1 ta, DSc uchun esa kamida 3 ta maqola chop etilishi qat’iy shart qilib belgilanishi kerak. Chunki xalqaro tahririyat (peer-review) soxta, mahalliy qoliplardan ko‘chirilgan va xalqaro maydonda hech qanday ilmiy qimmati yo‘q maqolalarni o‘tkazmaydi. Bu dissertantlarni sifatli tadqiqot qilishga majburlaydi.

IV. Empirik tajribalarni raqamli va jonli tasdiqlash (xom axborotlar va SI tahlili)

Qog‘ozdagi “Dalolatnoma”lar davrini yakunlab, raqamli isbotlar davriga o‘tish eng kuchli zarba deb o‘ylayman. Buning uchun “Raw data” (xom ma’lumotlar) bazasini shakllantirish kerak bo‘ladi. Balki bu oldingi bo‘limda taklif etilgan platformaning bir qismi bo‘lar.

Tajriba o‘tkazilgan maktabdan oddiy ma’lumotnoma emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilingan elektron jurnallar (e-baho)dagi baholar dinamikasi hamda o‘quvchilardan olingan yozma imtihon ishlari skaner qilinib, tizimga yuklanishi shart. SI yordamida ishonchlilik tekshiriladi. Dissertantning “o‘zlashtirish oshdi” degan xulosasi tizimdagi SI-bot tomonidan yuklangan yozma ishlar va elektron baholar bilan solishtiriladi, statistik qonuniyatlar tahlil qilinadi. Bu yondashuv tadqiqotchini real o‘quvchilar bilan ishlashga majbur qiladi. Sun’iy intellekt “stolda yozilgan” qalbaki baholar va soxta o‘sish dinamikasini darhol fosh qiladi, natijada soxta ishlarga avtomatik ravishda himoyaga ruxsat berilmaydi.

Seminar jarayonida amaliyotchi o‘qituvchilar ishtiroki ta’minlanishi kerak. Tajriba-sinov maydoni bo‘lgan muassasadagi o‘qituvchilar (yoki rahbarlar) kengash qoshidagi ilmiy seminarda qatnashishi talab etiladi. Ilmiy kengash yoki seminar a’zolari metodikaning real darsda qanday ishlagani, qanday qiyinchiliklar bo‘lganini bevosita uni qo‘llagan o‘qituvchilardan so‘rab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

P.S. Men bu takliflarni bevosita ilmiy tadqiqotlar bilan faol shug‘ullanayotgan va xalqaro ilmiy bazalarga kiritilgan jurnallarda 60 dan ortiq ilmiy maqola chop etgan, PhD darajasiga ega bir necha shogirdlarga ilmiy rahbarlik qilgan va qilayotgan, Scopus bazasiga kiritilgan ilmiy jurnal bosh muharrir o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritayotgan, ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash va uning qoshidagi ilmiy seminar a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutida faoliyat yurituvchi, matematika yo‘nalishida pedagogika bo‘yicha yozilgan dissertatsiyalarni muhokamadan o‘tkazuvchi seminar a’zosi matematik o‘laroq beryapman.

Erkinjon Karimov,
Belgiyaning Gent universiteti
katta ilmiy tadqiqotchisi,
fizika-matematika fanlari doktori

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid