Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bedarak ketgan futbol jamoasi – g‘orda qamalib qolgan bolalar qanday qutqarilgandi?
2018 yil 23 iyun. Tailand shimolidagi provinsiya. Bir guruh bolalar futbol mashg‘ulotidan so‘ng bedarak yo‘qoladi. Ko‘p o‘tmay bolalardan birining onasi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li mashg‘ulotdan so‘ng uyga qaytmaganini ma’lum qiladi. Politsiya surishtiruv olib boradi va bolalar o‘sha atrofdagi g‘orni tomosha qilish uchun uning ichiga kirib ketgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng bolalarni qidirish boshlanadi.
Dunyoda aql bovar qilmas voqealar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan hodisalar, taqdirning g‘aroyib kechmishlari tez-tez sodir bo‘lib turadi.
2018 yilda tailandlik bir guruh bolalar taqdirning ana shunday sinoviga duch kelishadi. O‘shanda barchasi fojia bilan tugashi, bolalar va ularning murabbiyi halok bo‘lishi ham mumkin edi.
O‘sha tahlikali vaziyatda butun dunyodan Tailandga g‘avvoslar, g‘orshunoslar yordamga kelishadi. Qidiruv jarayoni telekanallarda jonli tarzda yoritiladi.
G‘orga sayohat va qopqonga tushish
2018 yil 23 iyun kuni Tailanddagi “Yovvoyi to‘ng‘izlar” deb nomlangan bolalar futbol jamoasi a’zolari mashg‘ulotni tugatgach, yordamchi murabbiy boshchiligida mashhur g‘orni tomosha qilish uchun boradi.
Myanma davlati bilan chegaraga yaqin hududdagi tog‘da joylashgan va “Txam Luang” deb nomlangan bu g‘or yosh futbolchilar yashaydigan hududga yaqin bo‘lib, u sayyohlar orasida ham ancha mashhur edi.
G‘orning uzunligi 10 km bo‘lib, uning eng ichkarisiga kirib borish uchun ba’zida tor joylardan o‘tish, yuqoriga va pastga tushish talab qilinardi.
Musson yomg‘irlari yog‘adigan mavsumda g‘orning chuqur joylari suvga to‘lar, unga kirganlar chiqa olmasligi mumkin edi. Shu sababli yomg‘ir ko‘p yog‘adigan iyuldan noyabrgacha g‘orga kirish taqiqlanardi.
Futbolchi bolalarning yoshi 11 dan 16 gacha bo‘lib, ularga yordamchi murabbiy boshchilik qiladi. Bolalar g‘or ichiga 4 km masofaga kirib borgan paytda kutilmaganda kuchli yomg‘ir yog‘adi va uning chuqur joylari suv bilan to‘ladi. Oqibatda ortga qaytish yo‘li yopiladi va bolalar qopqonga tushib qoladi.
G‘orning ichida aloqa yo‘qligi sababli yosh futbolchilar ichkarida qolib ketganlari haqida hech kimga xabar bera olishmaydi. Shu sababli bolalarning g‘or ichida qopqonga tushib qolganini hech kim, hatto ularning yaqinlari ham bilmaydi.
Bolalarning bedarak yo‘qolganini eng avval ayrim ota-onalar bilishadi va ular politsiya hamda futbol jamoasining bosh murabbiyiga bu haqda xabar beradi.
Bosh murabbiy o‘z yordamchisi va bolalar bilan bog‘lana olmaydi. Biroq o‘sha kuni tog‘ga borgan jamoaning o‘n uchinchi a’zosi bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ladi.
Bola bosh murabbiyga yordamchi murabbiy 12 nafar bola bilan g‘orga kirib ketganini, o‘zi ulardan ajralib, tashqarida qolganini aytadi.
Murabbiy jamoani qidirib g‘or og‘ziga borganida u yerda bolalar qoldirgan velosiped va sumkalarni ko‘radi. U darhol qutqaruvchilarga xabar beradi.
Tezda g‘or oldiga Tailand harbiy-dengiz floti g‘avvoslari, politsiya, qutqaruv xizmati xodimlari, bolalarning ota-onalari yetib keladi.
Bolalarni topish
Bolalarni qutqarishdan avval ular g‘orning qayerida ekanini aniqlash lozim edi. Biroq g‘orning chuqur joylari suv bilan to‘lib qolgani uchun bu oson bo‘lmaydi.
Shunda qutqaruvchilar o‘sha paytda Tailand shimolida yashab turgan britaniyalik g‘orshunos Vernon Ansvortni yordamga chaqiradi.
12 nafar bola hamda ularning murabbiyi g‘or ichida qolib ketgani darhol shov-shuvli voqeaga aylanadi va hodisa joyiga Bangkokdan hukumat vakillari ham yetib keladi.
Vernon Tailand hukumatiga g‘orlarda qutqaruv bo‘yicha Britaniya kengashidan ham yordam so‘rashni maslahat beradi. 27 iyun kuni britaniyalik qutqaruvchilar ham g‘or oldiga yetib kelishadi.
Ungacha 25 iyun kuni harbiy bo‘linma g‘avvoslari g‘orga sho‘ng‘ib, bolalarni qidiradi, biroq ularni topa olmaydi. Chunki g‘orga selning loyqa suvlari tushgan, suv ostida hech narsani ko‘rib bo‘lmasdi.
Buning ustiga o‘sha kunlari yomg‘ir yog‘ishda davom etadi va g‘orga yana loyqa suv kirib, g‘avvoslarning ishini qiyinlashtiradi.
27 iyun kuni g‘orga britaniyalik g‘avvoslar kiradi. Biroq yana natija bo‘lmaydi. Shundan so‘ng Taylandga AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Xitoy va yana bir qancha davlatlar o‘z g‘avvoslarini yuboradi. Ular navbati bilan g‘ordagi suvga sho‘ng‘ishadi, biroq bolalar qamalib qolgan joy topilmaydi.
Muammo shunda ediki, g‘orning baland joyi ochiq, past joyini loyqa suv bosgandi. Bolalar turgan joyga yetib borish uchun bir necha marta suvga sho‘ng‘ish va ochiq joydan o‘tish kerak bo‘lardi.
29 iyun kuni g‘or oldiga Tailand bosh vaziri Prayut Chan-Ocha va boshqa mutasaddilar ham yetib keladi.
2 iyul kuni, bolalar qamalda qolganiga 10 kun bo‘lganida britaniyalik g‘avvoslar – Richard Stenton hamda Jon Volenten g‘orning ancha ichkarisiga kirib borishga muvaffaq bo‘ladi va bolalarni topadi.
Ularning harakatlarini britaniyalik yana bir g‘avvos tashqaridan videoaloqa yordamida kuzatib turadi. Bolalar g‘orga kirish joyidan 4 km ichkarida edi.
G‘avvoslar bolalarni topgani va ular bilan dastlabki muloqot tasvirlangan video darhol internet orqali tarqatiladi va barcha xursand bo‘ladi. Biroq hali bolalarning qanday holatda ekani aniq emasdi. Chunki ular 10 kun davomida qorong‘i va zax joyda, yeguliksiz qolib ketgandi.
Buning ustiga, g‘avvoslar juda qiynalib yetib borgan joydan bolalarni olib chiqish muammosi ham ko‘ndalang turgandi. Chunki bolalar ham g‘avvoslar bilan birga bir necha soat suv ostida bo‘lishi lozim edi.
Qutqaruv amaliyoti
Bolalar turgan joy aniq bo‘lganidan so‘ng turli davlatlardan borgan g‘avvoslar ishga kirishadi va g‘orning baland suv bosmagan joylarida maxsus qo‘nalg‘alar tashkil etishadi.
Bundan maqsad – bolalarni navbati bilan suv bosgan joylardan olib o‘tishda ular o‘sha qo‘nalg‘alarda yordam berishi lozim edi.
12 nafar bolani navbati bilan g‘ordan uch urinishda olib chiqishga qaror qilishadi. Undan avval bolalarga issiq kiyimlar, oziq-ovqat yetkaziladi. Ularni bir necha kun shifokorlar nazorati ostida yengil hazm bo‘ladigan yuqori kaloriyali yeguliklar bilan ovqatlantirishadi.
Bolalar video orqali ota-onalariga salom yo‘llashadi va barcha xotirjam bo‘lgach ularni g‘ordan olib chiqish boshlanadi. Bu orada g‘orning suv bosgan tor qismlarini kengaytirish ishlari olib boriladi.
O‘shanda shifokorlar – avstraliyalik Richard Xarris va britaniyalik Kreyg Chellen bolalarni uyqu dori yordamida uxlatib, so‘ng g‘ordan olib chiqishni taklif etadi. Taklif qabul qilinadi.
Bu ikki shifokor bolalarning yoshi, vazni va boshqa ko‘rsatkichlarga qarab, ularning har biri uchun alohida doza tayyorlab beradi.
Bolalarni g‘ordan olib chiqish amaliyoti 8 iyul kuni boshlanadi. Bolalarning oldiga 18 nafar mahalliy qutqaruvchi g‘avvos, 13 nafar xorijlik g‘avvos va 5 nafar harbiy-dengiz kuchlari xodimlari boradi.
Ularni g‘or bo‘ylab turli joylarda yana 90 nafar mahalliy va xorijlik g‘avvoslar qo‘llab turadi. Kimlar birinchi bo‘lib chiqishini bolalarni o‘zi tanlaydi. Shifokorlar Richard Xarris va Kreyg Chellen ham g‘avvoslar bilan birga bolalar oldiga borgan edi.
G‘ordan olib chiqilayotgan bolalarga gidrokostyum, uning ustidan qutqaruv nimchasi kiydiriladi. Yuzlariga AQShdan keltirilgan maxsus g‘ilof taqiladi. Bu g‘ilof kislorod yetkazib beruvchi qopcha bilan jihozlangandi.
Xavfsizlik uchun g‘orga kirish joyidan bolalar turgan joygacha tros tortiladi. Birinchi kuni to‘rt nafar bola maxsus plastik o‘rindiqqa joylashtiriladi. So‘ng shifokorlar ularga ukol urib, uxlatib qo‘yadi.
Bolalarni olib chiqishda avval suvda olib yuriladi. Balandroq joyga yetganda ularni ko‘tarib olib o‘tishadi. So‘ng yana suvga tushiladi va shu taxlitda bir necha soatda ularni g‘or og‘ziga yetkazib kelishadi.
9 va 10 iyul kunlari qolgan bolalar ham shu tarzda g‘ordan olib chiqiladi. Yordamchi murabbiy va boshqalar 11 iyul kuni tashqariga chiqadi. Shu tariqa barcha bolalar va ularning murabbiyi qutqariladi.
Hammaning e’tiboriga tushgan yosh futbolchilar
Bolalar tashqariga olib chiqilgan zahoti shifoxonaga olib ketiladi. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shunda yosh futbolchilarning har biri g‘orda o‘tkazgan vaqtida 2-3 kilogrammdan vazn yo‘qotgani ma’lum bo‘ladi.
Yosh futbolchilarning g‘ordan chiqarib olinishi jahon bo‘ylab katta shov-shuvga aylanadi. Bolalar xalqaro darajada e’tibor qozonadi.
Jumladan, FIFA prezidenti Janni Infantino bolalarni 2018 yilda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining final o‘yiniga taklif etadi.
Barselona futbol jamoasi esa yosh futbolchilarni 2019 yilda o‘z akademiyasida o‘tkaziladigan xalqaro turnirga va Kamp Noudagi o‘yinlarning birini tomosha qilishga taklif etadi.
Manchester Siti va Angliya terma jamoasi himoyachisi Kayl Uoker bolalarga futbolkalar yuboradi. 2018 yil oktyabrda bolalar Britaniyaga boradi va Old Trafford stadionida bo‘lib, Manchester Yunayted ishtirokidagi o‘yinni tomosha qiladi.
Shuningdek, bolalarni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 2018 yilda Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar yozgi olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimiga taklif etadi.
Undan avvalroq, bolalarni qutqarish jarayoni boshlanishi arafasida Ilon Mask ixcham suvosti kemasi qurib, uni Tailandga yuborishga va’da beradi. O‘shanda unga g‘orga ixcham suvosti kemasi sig‘masligini aytishadi. Mask 9 iyul kuni Tailandga keladi va g‘or oldigacha boradi.
Shuningdek, bolalarni qutqarishda ishtirok etganlar ham quruq qolmaydi. Ular vataniga qaytganda davlat rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.
G‘avvoslarning ayrimlari bolalarni qutqarishda ko‘rsatgan jasorati va xizmati uchun o‘z davlati tomonidan turli mukofotlarga loyiq ko‘riladi.
Qurbon bo‘lgan g‘avvoslar
Garchi bolalar sog‘-omon qutqarilgan bo‘lsa-da, aynan o‘sha hodisa tufayli ikki kishi halok bo‘ladi. Ularning biri 37 yoshli qutqaruvchi-g‘avvos Saman Kunan edi.
Tailand harbiy-dengiz kuchlari sobiq piyoda askari bo‘lgan bu yigit bolalarni qutqarish amaliyotiga ko‘ngilli tarzda qo‘shiladi.
5 iyul kuni kechki payt Saman va uning sherigi g‘ordagi suv bosmagan joylarda tashkil etilgan qo‘nalg‘alarga kislorod ballonchalarini qo‘yib chiqish uchun ichkariga kiradi.
Qaytishda Samanning o‘zi foydalangan kislorod ballonchada havo tugab qoladi va u hushini yo‘qotadi. Sherigi uni suvdan chiqaradi, biroq yigit o‘ziga kelmaydi. Oradan bir necha soat o‘tgach uning vafot etgani e’lon qilinadi.
Qutqaruv amaliyotidan bir yarim yil o‘tib, 2019 yil dekabrda tailandlik yana bir g‘avvos, harbiy-dengiz kuchlari askari Beyrut Pakbara vafot etadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Beyrut bolalarni qutqarish paytida qoniga infeksiya yuqtirib oladi va bir yarim yil davomida kasallik bilan kurashadi. Oxir-oqibat qon zaharlanishi tufayli vafot etadi.
Mavzuga oid
10:39 / 24.04.2026
Dunyodagi opiy va geroin eng ko‘p tayyorlanadigan joy - giyohvand moddalar makoni bo‘lgan Oltin uchburchak
22:37 / 22.04.2026
27 million mashmashasi: o‘zbek klublari budjetdan pul ola boshladi
12:05 / 20.04.2026
Bedarak yo‘qolgan moviy olmos – tailandlik xizmatchi Saudiya qirollik oilasining boyliklarni qanday o‘g‘irlagandi?
22:08 / 17.04.2026