Jahon | 15:10
4731
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ukraina va Yevroittifoqning orasi sovuqlashdi

«Yevroittifoq – Kiyevning so‘nggi do‘sti, shuning uchun Zelenskiy «og‘zini yumgani yaxshi». FT ma’lumotiga ko‘ra, yevropalik mulozimlar Ukrainaning YeIga imkon qadar tezroq kirish rejalariga shunday munosabat bildirmoqda.

Nicolas Tucat / AFP / Scanpix / LETA

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning blokka tezlashtirilgan tartibda a’zo bo‘lishiga qarshi chiqayotgani, Vashington esa kelgusida ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish masalasida ikkilanayotgani tufayli Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ittifoqchilar bilan munosabatlari yomonlashgan. Bu haqda Financial Times gazetasi bilan Yevroittifoq mamlakatlari rahbarlarining 23-24 aprel kunlari Kiprda bo‘lib o‘tgan sammmiti yakunlari bo‘yicha gaplashgan manbalari aytib bergan.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaning yuqori martabali mulozimlai Yevroittifoq va AQShdan bo‘lgan hamkorlar bilan uchrashuvdan Yevrokomissiyani blokning kengayish sur’atlari uchun tanqid qilish uchun foydalangan hamda Ukrainaning a’zoligini tezlashtirishni talab qilgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina rasmiy shaxslari Ukrainaning tashkilotga a’zo bo‘lishi Bryusselning o‘ziga ham kerakligini aytishgan.

FT’ning turli suhbatdoshlarining aytgan gaplari qisqacha shunday ko‘rinishda bo‘lgan:

  • «A’zolik – sovg‘a emas. Aftidan, Kiyevda bu borada qandaydir tushunmovchilik mavjud».
  • «Bu yerda real muammo bor: Zelenskiy va uning atrofidagilar [ruxsat berish jarayoni] qanday ishlashini hech qachon to‘liq tushunmagan».
  • «Ular „bizdan qarzdorsiz“ deyishmoqda. Va bu yordam bermaydi».

Ukraina 2022 yil yozida, Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan to‘rt oy o‘tib Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakat maqomini olgandi. Zelenskiy Ukrainani blokka 2027 yildayoq qabul qilishni talab qilib keladi. Yevrokomissiyadagilar Ukraina avvaliga nominal a’zo bo‘lishini, zarur islohotlar o‘tkazilganidan keyingina asta-sekinlik bilan turli imtiyozlardan foydalana boshlashi mumkinligini ko‘zda tutgan. FT ma’lumotiga ko‘ra, tashkilotning asosiy davlatlari hisoblangan Fransiya va Germaniya ham a’zolik jarayoni bosqichma-bosqich kechishi va kamida to‘qqiz yilga cho‘zilishi tarafdori. Zelenskiy aprel oyida Ukrainaga ramziy a’zolik kerak emasligini, mamlakat Yevroittifoqning to‘laqonli a’zosi bo‘lmoqchi ekanini aytgandi.

Gazeta manbalariga ko‘ra, Kiprdagi sammitda Yevroittifoqning bir qancha yetakchilari Zelenskiyning kutilmalarini pasaytirishga harakat qilishgan. «U ayrim shafqatsiz haqiqatlarni eshitishga majbur bo‘ldi. Bu u o‘ylagandek oson bo‘lmaydi», – degan manbalardan biri. Nashr suhbatdoshlari Ukraina YeIga a’zo bo‘lib kirish uchun talab etiladigan islohotlarni, ayniqsa, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash choralari kabi muhim sohalardagi islohotlarni juda sekinlik bilan amalga oshirmoqda: «Ularning ichki islohotlari boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Bu yomon va buni barcha biladi».

Yevroittifoq mamlakatlaridan bo‘lgan bir necha diplomat Zelenskiy to‘rt yillik urushdan keyin qanday bosim ostida turganini yaxshi tushunishlari, shu bilan birga, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun bunga munosib bo‘lish talab etilishini qayd etishgan.

FT suhbatdoshlari AQSh Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy va moliyaviy yordamni to‘xtatgani, Rossiya bilan tinchlik muzokaralari jarayoni esa allaqachon boshi berk ko‘chaga kirib qolgani tufayli hozirda Yevroittifoq Kiyevning asosiy hamkori bo‘lib qolganini ta’kidlashgan. «Biz – uning [Zelenskiy] oxirgi do‘stlarimiz, shuning uchun u og‘zini yumgani ma’qul», – degan yevropalik mulozimlardan biri.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid