Jahon | 16:56
1490
7 daqiqa o‘qiladi

Urush odatga aylandi. Dunyo otalar uyiga tobutda qaytayotganiga o‘rganib qoldi

Ko‘pchilik sezmay ham qolgandir, 29 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali muloqot qildi. Tramp Oq uyga qaytgan vaqtlar bu ikki lider o‘rtasidagi muloqotlar juda katta shov-shuv bilan yoritilar, undan ko‘p narsa kutishardi. Lekin hozir ularning suhbati shunchalik oddiy holga aylanib qoldiki, «Atletiko» va «Arsenal» o‘rtasidagi o‘yinda intriga yuqoriroq bo‘ldi.

Bu suhbatdagi bemalollik, u deyarli hech kimni qiziqtirmagani aslida juda dahshatli bir haqiqatni ko‘rsatadi – dunyo bir mustaqil davlat hududida bo‘layotgan adolatsiz urushga o‘rganib qoldi, endi uni to‘xtatishga harakat qilmay qo‘yishdi.

Bayram uchun sulh

Xullas, kechagi suhbatda Rossiya prezidenti Putin amerikalik hamkasbiga 9 may kuni vaqtincha sulh e’lon qilish taklifini bildiribdi. Qizig‘i, Rossiya Amerika bilan emas, Ukraina bilan urushmoqda, lekin Putin sulhni Ukrainani undan kam yomon ko‘rmaydigan Trampga taklif qildi. Vaholanki, Trampga qolsa, Ukrainani to‘laligicha Rossiyaga berib, hammasini tinchitib yuborgan bo‘lardi. Tramp telefon suhbati haqida jurnalistlarga aytib berarkan sulh taklifi undan chiqqanini aytdi, shu yerda ham mujmallik.

Putin 9 may kuniga sulh so‘ragani sababi tushunarli – Rossiyada 9 may ilohiy kun, ayniqsa Putinning Rossiyasida. O‘sha kuni Moskvada parad bo‘ladi, ikkinchi jahon urushidagi g‘alabani bayram qilishadi. Va Putin o‘sha kunni muammosiz o‘tkazib olishni istaydi. Albatta, 2005 yildagi paradda bo‘lgani kabi AQSh prezidenti Moskvaga bormasligi aniq, lekin baribir xorijlik mehmonlar bo‘ladi.

Putinning ohangiga e’tibor bering, urush boshlangan yili Rossiyaning vajohati shunchalik qo‘rqinchli ediki, Kiyevni «uch kunda olisholmagach», 9 maydagi g‘alaba kuniga Ukrainani olisharkan degan gap tarqaldi. Hamma o‘sha kunni kutdi, lekin paradgacha hech nima bo‘lmadi, qaytaga Ukraina bayram arafasida ruslarni Kiyev yaqinidan siqib chiqardi. Paradga hech bir xorijiy davlat rahbari bormadi.

Keyingi yillarda ham 9 may yaqinlashgan sayin Rossiyada tahdid ohangi kuchayib bordi: «ana olishadi, mana olishadi, uch oy qoldi, uch kun qoldi, 9 mayda Ukraina qulaydi!» Lekin o‘tgan 5 yil davomidagi hech bir paradda g‘alaba e’lon qilinmadi. Bu yil ham e’lon qilgulik hech narsa yo‘q. Pokrovsk degan tuman markazini ham olishgani noma’lum. Lekin oldingi yilgi ritorikalarda hech bo‘lmasa dahshat, qo‘rquv, tahdid bor edi, hozir o‘sha ham yo‘q. Oldingi yillar aqalli «Oreshnik» degan raketa bilan qo‘rqitishayotgandi, lekin bu raketa ham qo‘rqinchli emasligi bilinib qoldi, uni bir necha marta Ukrainaga otishdi, lekin Kiyev hamon o‘z joyida turibdi.

Bu yil faqat Tramp orqali «Ukraina mag‘lub bo‘lganini» ayttirib olishdi. Ha, AQSh prezidenti rossiyalik hamkasbi bilan gaplashganidan keyin «Ukraina jang maydonida allaqachon harbiy mag‘lubiyatga uchragani» haqida aytdi. Tramp o‘zi shunaqa, kim bilan gaplashsa, uning ta’siriga tushib, o‘shaning tomoniga og‘ishib gapiradi. Zelenskiy bilan gaplashsa, «Ukraina zo‘r chidayapti, ular mard», deydi, Putin bilan gaplashsa, «Ukraina allaqachon yengilgan», deydi.

Kechagi suhbat ohangi shunaqa bemalol ediki, ikki tomon ham xuddi nomiga, AQSh va Rossiya prezidenti bo‘lgani uchungina telefonda gaplashib qo‘ygandek. Hatto suhbatning asosiy qismi Erondagi urush, Eron yadro dasturi haqida borgan, faqat biroz Ukrainadagi urush haqida gaplashishgan. Bir vaqtlar Amerika va Rossiya prezidentlari telefonda gaplashsa, buni katta voqelik deb qarshi olishardi, hozir esa bu xuddi Mozambik va Seyshel orollari rahbariyatining o‘zaro suhbatidan farq qilmay qoldi.

Ikki katta davlat liderlarining bunaqa bemalol suhbati bir dahshatni oshkor qildi: butun dunyo, undagi eng ta’sir doirasi katta davlat ham Yevropadagi juda katta bir mustaqil davlatda urush bo‘layotganiga ko‘nikib qolibdi. Ular uchun Ukrainadagi urush haqida fikr bildirish xuddi iqlim o‘zgarishlari haqida gapirishdek navbatchi mavzuga aylanib qoldi.

Urush-ku juda yomon narsa, lekin unga o‘rganib qolish, urushni, har kuni yuzlab yosh yigitlar, yuzlab yosh bolalarning otalari halok bo‘lishini oddiy hol deb qabul qilish undan ham dahshatli. Urush deganda eng avvalo beva ayollar, sag‘ir qolgan bolalar jangdan o‘lib kelgan askarning sovuq jasadi ustida yig‘lab turganini tushunish kerak. Urushdagi bir daydi o‘q butun boshli oilaning hayot tarzini o‘zgartirib yuboradi.

Otasiz uyda bolalar tarbiyasi nima bo‘ladi, beva ayol yosh bolasi bilan qanday kun ko‘radi? Mana shu mash’um savolning dahshatli javobi – urush. Siyosatchilar «Muvozanat» deydi, «NATO bizga xavf tug‘diryapti» deydi, «Biz vatan uchun urushyapmiz, ulug‘vatan urushi, «svyashennaya voyna-a-a», 9 may, pobeda» deb hayqirishadi. Lekin jangda o‘lgan erkakning sovuq jasadi ularning uyiga emas, boyagi yosh bolasi bilan qolgan beva ayolning uyiga boradi.

Dunyo aslo urushga ko‘nikib qolmasligi, uni tugatish uchun harakat qilishi kerak. Hech qanday da’vo bolalar otasiz ulg‘ayishi, oilalar parokanda bo‘lishiga arzimaydi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid