Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Amallab chorvalarni olib chiqib ketdik” – sel kelgan Rapqondan reportaj
1 may kuni soat 21:40 lar chamasida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida suv toshqini yuzaga kelib, Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapqon qishlog‘ining Vorux Dasht, Yangiqo‘rg‘on mahallalaridagi ayrim xonadonlarga suv kirgan. Ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan toshqin talafotlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilyapti. Kun.uz muxbiri Rapqon qishlog‘ida bo‘lib, hodisa joyidan reportaj tayyorladi.
“Uyga qaytsam, devor va ayvonlar qulagan ekan” – Tursunbibi Husanova
“Sel kelgan kuni, ya’ni 1 may soat 22:00 lar atrofida qarindoshimiz yuqori qishloqqa sel kelibdi, bizning qishloqqa ham kelish xavfi bor ekan, deb qo‘ng‘iroq qildi. Tashqariga chiqsam, suv uyimizga allaqachon kirib bo‘lgan ekan. Darhol bolalarimni uyg‘otdim-da, kiyintirdim.

Uyni tashlab boshqa joyga chiqib ketdik. Bu orada o‘g‘lim kelib og‘ilda turgan molimizni ayvon yoniga bog‘lab ketdi. Ertasi kuni uyimizga kelsam, ko‘cha devori ag‘nagan. Orqada ikkita hojatxona bor edi, u va hammom ham ag‘nabdi. Hovli orqasidagi tandirxona va ayvon ham ag‘nagan ekan.
Lekin yaxshiyamki, uyning ichiga suv kirmadi. Faqat hammomga kiribdi. Mana, endi hamma yoqni tozalab o‘tiribmiz. Hokim kelib holat bilan tanishib ketdi. Hasharchilar yordam berishyapti. Ko‘rgan zararlarimiz uchun qo‘llaridan kelganicha yordam beramiz deyishyapti”.

“5 ta uyimga suv kirdi. Pollarni sug‘urib, uy ichlarini tozalash ishlarini olib boryapmiz. Qishlog‘imizga 2019 yilda ham sel kelgan edi. Unda talafot bundan ko‘ra ancha yomon bo‘lgan. Hatto aholi yashash xonadonlari ham qulagan edi o‘shanda”, deydi Ilhomjon Dehqonov.
“Zarar miqdori aniqlanyapti” – Ortiqali Isomiddinov
“1 may kuni kechqurun soat 21:00 larda kuchli yomg‘ir yog‘ib, tumanimizning Vorux Dasht mahallasi hududidagi 90 dan ortiq xonadon hovlisiga suv kirdi. Chorva mollari, odamlarga hech qanday zarar yetgani yo‘q. O‘sha kundan boshlab Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tegishli tashkilotlar, barcha hamjihat bo‘lib, talafotni bartaraf etish bo‘yicha harakat boshlandi.
Ishchi guruh mana shu 90 dan ortiq xonadonga kirib, zarar miqdorini aniqlayapti. Talafot yetgan xonadonlarga qo‘limizdan kelganicha yordam beramiz”, deydi Beshariq tumani Nuroniy jamg‘armasi raisi Ortiqali Isomiddinov.
Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Ahliddin Alijonov toshqin oqibatlarini bartaraf etish ishlariga zaruriy kuch va vositalar jalb qilingani, qisqa vaqt ichida sel keltirgan zarar bartaraf etilishini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
18:37 / 02.05.2026
Farg‘ona va Surxondaryoda sel kuzatildi, Samarqandda ko‘chalarni suv bosdi
15:45 / 29.04.2026
Farg‘ona viloyatining 5 ta hududida hokim almashdi
10:24 / 28.04.2026
Farg‘ona viloyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi
14:41 / 27.04.2026