Sport | 07:06
4911
6 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» finalga chiqdi

«Atletiko» javob o‘yinida londonliklarni hayron qoldira olmadi.

«Arsenal» – «Atletiko» 1:0
Gol:
Saka, 45 (1:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafori (Inkapiye, 58), Uayt, Rays, Lyuis-Skelli (Subimendi, 74), Eze (Edegor, 58), Trossar (Martinelli, 83), Saka (Madueke, 58), Yokeresh
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Le Norman (Molina, 57), Rudjyeri, Pubil, Koke, Liorente, Lukman (Kardozo, 57), Simeone (Syorlot, 57), Grizmann (Baena, 66), Alvares (Almada, 66)
Ogohlantirishlar: Arrisabalaga, 90 – Pubil, 81. Koke, 90

Mavsum arafasida «Arsenal» yoki «Atletiko» Chempionlar ligasi yarimfinalida o‘ynashini deyarli hech kim tasavvur qila olmasdi. Ammo vaziyat shuni taqozo qildiki, ikki jamoa yarimfinalgacha yetib keldi va ulardan biri finalda o‘ynaydigan bo‘ldi. Madridda bo‘lib o‘tgan birinchi o‘yindagi durangdan keyin «Arsenal» favorit deb hisoblanayotgandi va amalda ham shunday bo‘lib chiqdi va Arteta shogirdlari bosh sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

APLning o‘tgan turida «Fulhem»ga qarshi o‘yinda chap qanot himoyachisi Lyuis-Skelli yarimhimoyada tushirilishini ko‘pchilik «Atletiko»ga qarshi muhim o‘yin oldidan asosiy tarkib futbolchisi Martin Subimendiga dam berilgani bilan bog‘lagandi. Ammo yosh ingliz futbolchisi o‘sha o‘yinda shu qadar yorqin o‘yin ko‘rsatdiki, Arteta bu tajribani davom ettirishga qaror qildi. Shuningdek, jarohatidan tuzalib safga qaytgan Saka va Kalafiori yana boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi.

Shuningdek, ko‘pchilik madridliklar himoyadan o‘ynashini taxmin qilgandi. Amalda esa har ikki jamoa ham ilk daqiqalardan yuqori chiziqda pressing uyushtirdi. Natijada londonliklar yarimhimoyachisi Rays ko‘pincha mezbonlar son jihatdan ustunlikka erishishi uchun orqaga qaytishiga to‘g‘ri keldi.

O‘yindagi ilk xavfli vaziyatlar ham mehmonlarda yuzaga keldi, ammo 8-daqiqada qarshi hujumda yuzaga kelgan vaziyatdan Alvares foydalana olmadi. Keyingi vaziyatda esa Juliano Grizmanning uzatmasini golga aylantira olmadi.

Birinchi bo‘limning ikkinchi yarmidan tashabbus mezbonlar qo‘liga o‘ta boshladi. Madridliklar esa to‘pni topshirishdi va ko‘pchilik bo‘lib himoyalanishga o‘tdi. O‘z-o‘zidan «Arsenal»da ham golli vaziyat yuzaga keldi. Avvaliga Lyuis-Skelli va Bukayo Saka xavfli zarbalar yo‘lladi.

Bo‘lim golsiz yakunlanishiga qarab ketayotganida esa mehmonlar darvozaboni Oblak yo‘q joydan muammo yaratdi. 45-daqiqada Uayt o‘ng qanotdan himoyachilar oralatib uzun uzatma berdi, to‘pga esa Yokeresh darvozabondan oldinroq yetib bordi va jarima maydoni markaziga uzatma oshirdi, u yerda turgan himoyachi to‘pni uzoqlashtira olmadi va to‘p Trossarga yetib bordi. Belgiyalik vinger esa raqiblar qurshovida turganiga qaramay kuchli zarba berdi, bu vaqtda o‘z joyiga qaytishga ulgurgan slovakiyalik posbon to‘pni to‘sdi, ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib Saka yetib keldi va aniq harakat qildi – 1:0.

Voqealarning bunday rivojidan keyin Simeone B rejaga o‘tdi. Tanaffusdan keyin «Atletiko» bosimni oshirdi. Vaziyatlardan birida Saliba to‘pni bosh bilan o‘z darvozaboniga yetkazishga urinib, noaniq harakat qildi va Juliano Simeoneda hisobni tenglashtirish uchun ajoyib imkoniyat yuzaga keldi. Murabbiyning o‘g‘li darvozabonni aldab o‘tdi, ammo Gabriel unga faol qarshilik ko‘rsatdi va aniq zarba berishiga yo‘l qo‘ymadi. Biroz o‘tib Rayya Grizmanning xavfli zarbasini qaytardi.

57-daqiqada mehmonlarda uchtalik almashtirish amalga oshirildi. Arteta ham bunga uchtalik almashtirish bilan javob qaytardi. U hali sport formasini to‘liq tiklashga ulgurmagan futbolchilari – Rikkardo Kalafiori va Sakani, shuningdek, asosiy ijodkor Eberechi Ezeni maydondan oldi. Eze o‘rniga Edegor tushirilishi maydon markazini egallash va himoya chizig‘iga bo‘layotgan yuklamani kamaytirishga qaratilgandi.

Shu bilan birga, «Arsenal» hujumkorlikni kamaytirmadi. 66-daqiqada Viktor Yokereshda o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yish uchun juda yaxshi imkoniyat yuzaga keldi. Kalafiori o‘rniga chap qanotda tushgan Inkapiye ideal uzatma berdi, ammo shvetsiyalik hujumchi to‘pga bir teginishda aniq zarba berolmadi.

Natijada «Emireyts»da yig‘ilgan muxbirlar o‘yinni oxirgi daqiqalargacha hayajon ichida kuzatib o‘tirishga majbur bo‘lishdi.

Ikkinchi bo‘limda «Atletiko» to‘pga ko‘proq vaqt davomida egalik qildi va ko‘proq zarba berdi. O‘yin oxirlarida Aleksandr Syorlot juda qulay imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo u qaysi oyog‘ida zarba berishni aniqlab ololmadi va vaziyatni qo‘ldan boy berdi.

Qolgan vaqt mobaynida «Atletiko»da boshqa vaziyatlar bo‘lmadi. Aniqrog‘i, mezbonlar boshqa imkon qoldirishmadi. «Arsenal» qo‘shimcha daqiqalarda to‘pni uzoqlashtirish bilan band bo‘ldi va raqib aut ijro etishiga ham xalaqit berdi, ammo o‘z maqsadiga erishdi.

«Arsenal» 20 yil o‘tib Chempionlar ligasi finaliga qaytdi va 30 may kuni Budapeshtda Yevropaning asosiy sovrini uchun maydonga tushadi. Finalda Arteta shogirdlarini «Bavariya» va «PSJ» juftligi g‘olibiga qarshi bahs kutadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid