Jahon | 08:33
2869
2 daqiqa o‘qiladi

Obama nima uchun AQSh o‘zga sayyoraliklarni yashira olmasligini tushuntirdi

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama CBS telekanalida Stiven Kolberga bergan intervyusida hukumat o‘zga sayyoraliklar bilan to‘qnashuvlarni yashira olmasligini aytdi.

Foto: AP

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda «sirlar juda yomon saqlanadi».

«Bu prezident sifatida bilib olinadigan narsalardan biri», dedi Obama.

Uning fikricha, aynan shu sababli «Qo‘shma Shtatlar hukumati nazorati ostidagi har qanday narsa» — agar bu haqda chindan ham bilishsa, ko‘rishsa, suratga olishsa — ertami-kechmi barchaga oshkor bo‘ladi.

«Qasam ichib aytamanki, obektni qo‘riqlayotgan biror yigit allaqachon o‘zga sayyoraliklardan biri bilan selfi olib, o‘z sevgilisiga yuborgan bo‘lardi», dedi sobiq prezident.

Yil boshida Obama podkastda ishtirok etdi va o‘zga sayyoraliklar mavjud bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Ular haqiqiy, lekin men ularni ko‘rmadim. Ular «51-zona»da (AQSh Harbiy-havo kuchlarining qat’iy maxfiy obektining umumiy nomi, uning ustidagi havo hududi yopiq) saqlanmaydi. Agar gap ulkan fitna haqida bormasa va ular buni Qo‘shma Shtatlar prezidentidan yashirmagan bo‘lsa, hech qanday yerosti obekti yo‘q», dedi u.

Keyinchalik Obama «qayerdadir» hayotning mavjud bo‘lish ehtimoli katta, ammo bizga o‘zga sayyoraliklar tashrif buyurishi ehtimoli kamligini tushuntirdi.

Ommaviy madaniyatda «51-zona» davlat maxfiyligi bilan bog‘liq, jumladan, ko‘p yillardan beri AQSh u yerda o‘zga sayyoraliklarni yashirayotgani haqidagi fitna nazariyasi mavjud. Markaziy razvedka boshqarmasi baza mavjudligini faqat 2013 yilda tan oldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid