O‘zbekiston | 21:00
1404
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qqizta hududda sel kelish xavfi e’lon qilindi

Ehtimoliy yomg‘irlar sabab Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida sel kelishi mumkin.

Foto: Kun.uz 

8–12 may kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqini hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on hamda Muzrabot tumanlarida sel kelishi xavfi mavjud.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlarida, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida ham sel-suv toshqini hodisalari kuzatilishi mumkin.

Sel Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlariga, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlariga ham xavf solmoqda.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlarida, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod va Marhamat tumanlari hamda Xonobod shahrida ham sel kelishi mumkin.

«O‘zgidromet» tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda haydovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘radi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosishi ehtimoli ham borligi qayd etildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid