Jahon | 07:22
3465
3 daqiqa o‘qiladi

Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Rimda hibsga olindi

U rossiyaliklarga Shengen vizalarini sotishda gumon qilinmoqda.

Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi

Italiyaning Toshkentdagi sobiq elchisi Pergabriele Papadia de Bottini di Sant-Aneze Rimda hibsga olindi. U sherigi bilan birga noqonuniy immigratsiyaga ko‘maklashish va xizmat vazifalarini bajarishda korrupsiyada gumon qilinmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Papadia o‘z yordamchisi bilan Rossiya fuqarolariga bir yildan uch yilgacha bo‘lgan uzoq muddatli sayyohlik vizalarini berish sxemasini tashkil etgan. Shunday qilib, belgilangan talablarga javob bermaydiganlar ham Shengen vizalarini olgan. Buning uchun u bir kishidan 4 mingdan 16 ming yevrogacha qo‘shimcha yig‘im olgan — vaholanki, qonun bo‘yicha bir ariza uchun 45 dan 60 yevrogacha boj belgilangan.

Firibgarlik bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgan Moskvadagi uchta sayyohlik agentligi - Happy Travel, Visa4you va Park Lane orqali amalga oshirilgan. Kamida 95 nafar Rossiya fuqarosi ushbu agentliklarga murojaat qilgan va keyinchalik rasmiy tartibda viza olish talablariga javob bermasdan Italiyaga kirib borgan. Ba’zi hollarda ular konsullik okrugida yashamagan, ba’zida ariza beruvchi nomidan hujjatlarni boshqa shaxs imzolagan, ularning bir qismi esa konsullikka shaxsan kelmasdan viza olgan.

Sxema 2025 yil iyul oyida Tashqi ishlar vazirligining elchixonadagi rasmiy tekshiruvi davomida, hujjatlarda qo‘pol qoidabuzarliklar aniqlanganda fosh bo‘lgan. 81 ta holatda Toshkent elchixonasida viza olgan rossiyaliklarning ismlari muassasaga keluvchilar ro‘yxatida qayd etilmagan. «Viza arizalarida aniq qoidabuzarliklar topildi, buning uchun missiya rahbari Papadia bevosita mas’ul bo‘lib, ularga «OK» belgisini, keyin esa o‘z ism-sharifining bosh harflarini qo‘ygan», deb ta’kidladi tergovchilar.

Tergov, shuningdek, sayyohlik agentliklari 2025 yil yanvar-iyul oylari oralig‘ida Bolgariyadagi bank hisobiga 23 600 yevro o‘tkazib, tranzaksiyani foizli qarz sifatida belgilaganini aniqladi. Hisobvaraq Bolgariyada yashovchi Italiya fuqaroligiga ega rossiyalik Tatyana Tarakanovaga tegishli bo‘lib, u ilgari Papadia bilan Moskvadagi Italiya konsulligida ishlagan. Papadia Toshkentda elchi bo‘lgach, uni viza bo‘limiga ishga olgan.

Sobiq elchiga nisbatan ehtiyot chorasi qochish xavfi tufayli tanlangan: hibsga olinishidan biroz oldin u Rossiyaga viza olish imkoniyati bilan qiziqqan. Prokurorlar va moliya politsiyasi xodimlari 400 ga yaqin ishni tergov qilishni davom ettirmoqda va Papadianing 3 million yevroga baholangan mulkini o‘rganmoqda. O‘zi uni meros qilib olganini aytadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid