Sport | 10:29
8446
16 daqiqa o‘qiladi

«Siti» poygaga qaytdi. Kun o‘yinlari

«Manchester Siti» yirik g‘alabaga erishgan o‘yinda Husanov qaydnomaga ham kiritilmadi, Turkiyada esa Shomurodov va Fayzullayev bittadan gol urdi.

Foto: Simon Stacpoole/Offside/Offside via Getty Images

Angliya: «Bornmut» YeChLga chiqmoqchi

«Liverpul» – «Chelsi» 1:1
Gollar:
Gravenberh, 6 (1:0). Fernandes, 35 (1:1)
«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate (Gomes, 77), Kerkez, Jons, Makallister, Gravenberh, Soboslai, Ngumoha (Isak, 67), Frimpong, Gakpo (Kiyeza, 77)
«Chelsi»: Yyergensen, Kolvill, Fofana, Hato, Gyusto, Santos (Jyeyms, 63), Kaysedo, Fernandes, Kukurelya, Palmer, Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Gomes, 88. Makallister, 90 – Hato, 67. Fernandes, 73. Kukurelya, 83. Kaysedo, 89

«Liverpul» va «Chelsi» uchrashuvi – APLning bu turidagi eng yorqin o‘yinlardan bo‘lishi kutilgandi. Rasman ikki jamoa ham Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. Farqi shuki, birinchisi amalda o‘zi uchun yo‘llanmani deyarli naqd qilgan, ikkinchisi esa faqat nazariy imkoniyatga ega.

Bungacha «Chelsi» APLda qatorasiga olti o‘yinda yutqazgan va tarixiy antirekord arafasida edi (londonliklar 1952 yildan buyon ilk bor qatorasiga yetti o‘yinda mag‘lub bo‘lgan). Qolaversa, shu kuni Netu, Estevao, Garnacho va Gittens kabi qanot hujumchilaridan foydalana olmagan «Chelsi» bu pozitsiyaga himoyachi Kukurelyani tushirdi.

«Liverpul» kutilganidek o‘z maydonidagi o‘yinni kuchli boshladi va oltinchi daqiqadayoq hisobni ochdi. Gravenberh jarima maydoni tashqarisidan turib to‘pni to‘sin ostidan darvoza to‘riga kiritdi.

Lekin tarkibdagi muammolarga qaramay, mehmonlar safardan ochko olib qaytadigan bo‘lishdi. 34-daqiqada londonliklar yetakchisi Enso Fernandes jarima zarbasini ijro etdi, to‘p hech kimga tegmasdan Mamardashvili qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushdi – 1:1.

Ikkinchi bo‘limda hisob o‘zgarmay qoldi, «Liverpul» baribir to‘rtinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi, «Chelsi»ning vaziyati esa og‘irlashdi. Bir tomondan, londonliklar APLdagi mag‘lubiyatli seriyasiga barham berdi, boshqa tomondan, bu durang yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashda yomon natija hisoblanadi. Ko‘klar to‘qqizinchi o‘rinda qoldi, ammo tur yakunlariga ko‘ra turnir ekvatorining ikkinchi qismiga tushib ketishi mumkin.

«Sanderlend» – «Manchester Yunayted» 0:0
«Sanderlend»: Rufs, Alderete, Mukiyele, Mandava, Gertreyda, Sadiki, Chaka, Le Fe, Talbi (Angulo, 79), Hyum (Mayyenda, 90), Brobbi
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou, Mazraviy, Maunt, Maynu, Brunu Fernandesh, Kunya, Diallo (Mbemo, 75), Zirkze (Dorgu, 65)
Ogohlantirishlar: Maunt, 54. Zirkze, 58. Kunya, 90

Turnir motivatsiyasiga ega bo‘lmagan «MYu» «Sanderlend» maydonida barcha jabhalarda ortda qoldi va birinchi bo‘limning o‘zida darvozasi tomon 10 bor zarba yo‘llanishiga yo‘l qo‘yib berdi. «Qizil iblislar»ning shu kungi eng yaxshi futbolchisi Lammens bo‘ldi, belgiyalik darvozabon shanba kungi o‘yinda Xg bo‘yicha 2,07 ko‘rsatkichida darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

U ulgurmagan holatlarda esa jamoa joniga darvoza ustuni ora kirdi. Maykl Kerrik shogirdlari faqat o‘yin oxiriga borib faollashdi va bir necha bor xavfli hujumlar uyushtirdi. Ammo Mateus Kunya avvaliga qulay pozitsiyada turib, mezbonlar darvozaboni Rufsni alday olmadi, keyin esa penalti ishlashga urinib, sariq kartochka bilan jazolandi. 

Yakunda qatorasiga uch g‘alabadan keyin ochko yo‘qotgan bo‘lsa-da «MYu» uchinchi o‘rinni hech kimga bermaydi, «Sanderlend»ning yevrokuboklar (Konferensiyalar ligasi) yo‘llanmasi uchun kurashdagi imkoniyatlari esa pasayib ketdi.

«Brayton» – «Vulverhempton» 3:0
Gollar:
Hinshelvud, 1 (1:0). Dank, 5 (2:0). Minte, 86 (3:0)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, De Keyper (March, 88), Ferdi Kadio‘g‘li, Baleba (Ayyari, 76), Gros, Hinshelvud (Kostulas, 88), Mitoma (Veltman, 58), Minte, Uelbek (Ryutter, 76)
«Vulverhempton»: Bentli, S. Bueno, T. Gomesh, Moskera, Andre, Gomes (A. Gomesh, 89), U. Bueno (Volfe, 46), Pedro Lima (R. Gomesh, 67), Armstrong, Mane (Bellegard, 67), Hvang Hi Chhang (Arokodare, 89)
Ogohlantirishlar: Mitoma, 24 – Hvang Hi Chhang, 49. Andre, 68

«Fulhem» – «Bornmut» 0:1
Gol:
Rayan, 53 (0:1)
«Fulhem»: Leno, Bassi, Andersen, Robinson, Kastan (Kusi-Asare, 83), Kerni (King, 76), Lukich, Smit-Rou (Diop, 46), Chukvueze (Bobb, 62), Uilson (Kevin, 62), Rodrigu Munis
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Hill, Tryuffer, Smit, Skott (Tot, 90+1), Kristi, Krupi (Bruks, 79), Taverne (Adli, 78), Rayan (Yunus Unal, 79), Evanilson (Adams, 43)
Ogohlantirishlar: Rodrigu Munis, 50. Lukich, 59. Robinson, 77. King, 82 – Skott, 65. Taverne, 90
Chetlatishlar: Kristi, 41. Andersen, 45

Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Bornmut» va «Brayton»da esa YeChLga chiqish uchun ham nazariy jihatdan imkoniyatlar saqlanib qolmoqda. Lekin barchasi ushbu jamoalarning o‘z qo‘lida emas, ammo jamoalar o‘ziga bog‘liq ishlarni bajarishmoqda.

«Brayton»ning o‘yini tezkor gol bilan boshlandi, 35-soniyadayoq Hinshelvud APLning joriy mavsumdagi eng tezkor golga mualliflik qildi. 5-daqiqaga kelib «Vulverhempton» Dankdan ham gol o‘tkazib yubordi va amalda o‘yin masalasi hal bo‘ldi. O‘yin oxirida Minte yaqin burchakni aniq nishonga olib, yakuniy natijani o‘rnatdi.

«Bornmut»da esa barchasi biroz qiyinroq kechdi. Jamoa birinchi bo‘lim oxirlarida ozchilik bo‘lib qoldi, ammo bir necha daqiqa o‘tib vaziyat tenglashdi: avvaliga Kristi qo‘pol podkat uchun qizil kartochka olgandi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda «Fulhem» himoyachisi Andersen ham shunday harakati uchun jazolandi. O‘yinning ikkinchi bo‘limi «10 ga 10» formatida kechdi va Rayan qarshi hujumlardan birini gol bilan yakunladi. Ushbu braziliyalik iste’dodning sa’y-harakatlari orqali mehmonlar ikkinchi golni urishi ham mumkin edi, ammo Tryuffer uning uzatmasidan keyin darvoza tomon zarba yo‘llaganida himoyachi qahramonlik ko‘rsatdi.

Boy berilgan vaziyatlar o‘yin oxirida mehmonlarga qimmatga tushishi mumkin edi, ammo qo‘shimcha daqiqalarda mezbonlar futbolchisi King yo‘llagan zarbadan keyin to‘p to‘sindan qaytdi. Mavsum yakunida jamoani tark etishini e’lon qilib ulgurgan Andoni Iraola amalda «Bornmut» uchun tarixda ilk bor yevrokuboklarda ishtirok etishni kafolatladi. Ammo jamoa aynan qaysi turnirga yo‘llanma olishi aniq emas. Bu turdagi o‘z o‘yinini yakshanba kuni o‘tkazadigan «Aston Villa» bilan oradagi farq uch ochkoni tashkil etmoqda. Ammo «Aston Villa» Yevropa ligasi finalida g‘olib chiqsa va beshinchi o‘rinni saqlab qoladigan bo‘lsa, APL uchun ajratilgan yo‘llanmalar soni oltitaga yetadi va oltinchi o‘rindagi «Bornmut» ham YeChL ishtirokchisiga aylanishi mumkin bo‘ladi.

«Manchester Siti» – «Brentford» 3:0
Gollar:
Doku, 60 (1:0). Holand, 75 (2:0). Marmush, 90+2 (3:0)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ake, Geyi, O`Rayli, Mateus Nunes, Reynders (Marmush, 60), Bernardu Silva, Sherki (Foden, 60), Doku (Savio, 90), Semenyo, Holand
«Brentford»: Kelleher, Ayyer, Kollinz, Lyuis-Potter, Kayode, Hiki (Yanelt, 61), Yyensen, Damsgor (Uattara, 68), Yarmolyuk (Henderson, 79), Shade, Tiago
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva, 36. O`Rayli, 74. Mateus Nunes, 88. Marmush, 90 – Ayyer, 80. Henderson, 88

Dushanba kungi o‘yinda «Everton» maydonida ochko yo‘qotgan (3:3) «Manchester Siti» chempionlik poygasida tashabbusni «Arsenal»ga qaytargandi. «Shaharliklar» bunday vaziyatda xato qilishga haqqi yo‘q edi va «Brentford»ga qarshi o‘yinda tashabbusga egalik qildi, mehmonlar esa mudofaani mustahkam ushlab, standart vaziyatlarga tayandi. Mezbonlar birinchi bo‘limdagi qator vaziyatlaridan foydalana olmadi, bo‘limdagi eng ko‘p muhokama qilingan vaziyat esa aynan mezbonlar darvozasi oldidagi holat bo‘ldi.

Birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Brentford» hujumchisi Kevin Shade darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borayotganida ortdan yetib kelgan Nunes tomonidan to‘xtatildi, ammo hakamlar bu vaziyatda fol qayd etishmadi, VAR ham aralashmadi.

Yana bir epizodda esa «Siti» sardori Bernardu Silva raqib himoyachisini ochiqchasiga urdi, ammo hakam sariq kartochka ko‘rsatish bilan kifoyalandi.

Ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar qator xavfli hujumlar uyushtirishdi, jamoa to‘purari Igor Tiago yaqin masofadan zarba berdi, ammo Donnarumma ishonchli harakat qildi. O‘yinning bir soat vaqti ortda qolayotganida esa «Siti» baribir o‘z maqsadiga erishdi. Doku jarima maydonida raqibning sovg‘asidan foydalanib, to‘pga ega chiqdi va uni olis burchakka aylantirib yo‘naltirdi. Keyin esa Fodenda juda yaxshi vaziyat yuzaga keldi (Kelleher qutqardi), Shade jarima maydoni ichida yana o‘sha Nunes bilan kontaktdan keyin yiqitildi, hakam yana e’tibor qaratmadi. 75-daqiqada esa Holand chempionatdagi 26-golini urib, amalda o‘yin taqdirini hal qildi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Marmush hisobni yiriklashtirdi. Xosep Gvardiola shogirdlari bu g‘alaba orqali hamon chempionlik uchun kurashda ekanini namoyish etdi va yakshanba kuni «Arsenal» «Vest Hem» bilan o‘yinda ochko yo‘qotishini kutadi.

Shu kuni Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni qaydnomaga ham kiritmadi. Bu yosh futbolchi «Everton» bilan o‘yinda kichik jarohat olgani va murabbiy tavakkalchilik qilmaslikka qaror qilgani bilan izohlangan.

Ispaniya: Beshinchi o‘rin uchun kurash

«Atletiko» – «Selta» 0:1
Gol:
Iglesias, 62 (0:1)
«Atletiko»: Oblak, Ximenes (Le Norman, 20, Vargas, 69), Gansko, Rudjyeri, Pubil, Koke, Baena (Kubo, 69), Lukman (Molina, 60), Liorente, Grizmann (Almada, 61), Syorlot
«Selta»: Radu, Lago, Alonso, Rodriges, Moriba, Lopes, Mingesa (Ristich, 89), Nunes (Karreyra, 68), Duran (Hutgla, 68), Svedberg (Alvares, 77), Iglesias (Aspas, 68)
Ogohlantirishlar: Baena, 66 – Moriba, 19. Lopes, 77

«Atletiko» YeChLni tark etganidan keyin hafsalasini yo‘qotdi va mavsumni shunchaki yakunlab qo‘yish uchun o‘ynamoqda. Shanba kungi o‘yin madridliklar uchun amalda hech qanday ahamiyatga ega emasdi, «Selta» esa hamon YeChLga yo‘llanma beruvchi beshinchi o‘rin uchun imkoniyat saqlab qolmoqda. Yakunda ochko ko‘proq kerak bo‘lgan jamoa g‘alabaga erishdi, o‘yin taqdirini Svedbergning jarima maydoniga bergan uzatmasi va u yerda to‘pga ega chiqqan Borxa Iglesias aniq harakat qilishi hal etdi. Galisiyaliklar muhim g‘alabadan keyin beshinchi o‘rindagi «Betis» bilan oradagi farqni uch ochkoga qisqartirdi.

«Real Sosedad» – «Betis» 2:2
Gollar:
Antoni, 39 (0:1). Azzalzuliy, 47 (0:2). Oskarsson, 79 (1:2). Oyyarsabal, 90+1 – penalti (2:2)
«Real Sosedad»: Remiro, Chaleta-Tsar, Xon Martin, S. Gomes, Elustondo (Karrera, 77), Gorrotchategi, Soler (Marin, 54), Barrenechea, Kubo (Suchich, 54), Oskarsson, Oyyarsabal
«Betis»: Vales, Liorente, V. Gomes, Rodriges (Belerin, 69), Ruibal, Altimira (Amrabat, 69), Roka, Pablo Fornals (Isko, 69), Azzalzuliy, Antoni (Rikelme, 59), Ernandes (Deossa, 78)
Ogohlantirishlar: Barrenechea, 62. Oskarsson, 83 – Ruibal, 64. Liorente, 90
Chetlatish: Ruibal, 90 (ikkinchi sariq)

San-Sebastyandagi o‘yinni esa har ikki jamoa vaziyatlarni ko‘kka sovurish bilan boshladi. Avvaliga Antoni yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, aniq zarba bera olmadi, keyin esa «Real Sosedad»ning ikki futbolchisi «Betis» darvozaboni qarshisiga chiqib borgan hujum Oskarssonning noaniq pasi tufayli yo‘qqa chiqdi. Tanaffus arafasida darvoza ustuni mehmonlarni goldan qutqarib qoldi, javob hujumida esa Antoni hisobni ochdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida Azzalzuliy hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi. Marokashlik hujumchi qanotda o‘zini ta’qib qilayotgan himoyachini ortda qoldirib, jarima maydoniga kirib bordi va aylanma zarba ijro etdi. Ammo bu gol ham, Gorrochategining goli ofsayd tufayli bekor qilinishi ham basklarni sindira olmadi. Avvaliga Oskarsson aybini yuvib, hisobni qisqartirdi. 90-daqiqada esa Oyyarsabal penaltini aniq ijro etib, mehmonlarni muhim ochkolardan mahrum etdi.

Bu durang beshinchi o‘rin uchun kurashni keskinlashtirdi va «Betis» mavsum yakuniga uch tur qolganida «Selta»dan uzoqlashib ketolmadi.

Turkiya: «Galatasaroy» yana chempion

«Galatasaroy» – «Antalyaspor» 4:2 (0:1)
Gollar:
Lemina, 56, Osimhen, 66, pen., 88, Oyxon, 90+4 – Dikmen, 45+3, 62

«Galatasaroy» Turkiya chempionatning 33-turi doirasida «Antalyaspor»ni 4:2 hisobida mag‘lub etib, muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirdi. Istanbulliklar safida Lemina va Oyxon bittadan gol urdi, Viktor Osimhen dubl qayd etdi.

Shu tariqa, «Galatasaroy» mavsum yakuniga bir tur qolganida ochkolari sonini 77 taga yetkazdi, ikkinchi o‘rindagi «Fenerbahche» (73) esa so‘nggi tur natijalaridan qat’i nazar, birinchi o‘ringa chiqa olmaydigan bo‘ldi. Bu «Galatasaroy» uchun qatorasiga 4-, tarixdagi 26-chempionlikka aylandi.

«Boshoqshehir» – «Samsunspor» 3:0
Gollar:
Shomurodov 6 penalti, Sari 43, Fayzullayev 78
«Boshoqshehir»: Muhammad, Omer Ali, Duarte, Opoku, Kazimjon, Krespo, Kemen, Yusuf, Harit (Fayzullayev, 70), Bertug‘ (Zelke, 24), Shomurodov.

Turkiya chempionatining 33-turida «Boshoqshehir» o‘z maydonida «Samsunspor»ni qabul qildi. O‘yinning 6-daqiqasida mezbonlarning o‘zbekistonlik hujumchisi Eldor Shomurodov penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi. Bo‘lim oxirlarida esa uning uzatmasidan keyin Sari ikkinchi golni urdi.

30 yoshli hujumchi shu kuni chempionatdagi gollari sonini 21 taga yetkazdi va endi to‘purarlar poygasidagi Pol Onuachuni bitta gol farqi bilan ta’qib etmoqda.

Shu kuni «Boshoqshehir» safidagi yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Abbosbek Fayzullayev ham o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi va hisobni yiriklashtirdi (3:0).

Bu g‘alabadan keyin istanbulliklar jamoasi ochkolari sonini 54 taga yetkazib, 6-o‘rinda bormoqda. So‘nggi turni safarda «Gaziantep»ga qarshi bo‘lib o‘tadi.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid