Jahon | 08:48
890
2 daqiqa o‘qiladi

Latviya mudofaa vaziri dronlar mojarosidan keyin iste’foga chiqdi

Latviya mudofaa vaziri Andris Spruds mamlakat havo hududiga ikki dron kirib kelishi bilan bog‘liq mojarodan keyin iste’foga chiqdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar Ukraina tomonidan Rossiyadagi nishonlarga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: AP

Latviya mudofaa vaziri Andris Spruds mamlakat havo hududiga kirgan ikki dron bilan bog‘liq hodisadan keyin lavozimini tark etdi. Bu haqda 10 may kuni LSM telekanali xabar berdi.

“Armiyani siyosiy kampaniyalarga tortib ketilishidan himoya qilish uchun mudofaa vaziri lavozimidan ketishga qaror qildim”, — dedi u.

Sprudsning ta’kidlashicha, “begona dronlar odamlar xavfsizligiga tahdid solmasligi kerak”.

Bundan oldin Latviya bosh vaziri Evika Silinya mudofaa vaziriga bo‘lgan ishonchini yo‘qotganini bildirib, uning iste’fosini talab qilgan edi. Uning fikricha, so‘nggi dronlar bilan bog‘liq hodisalar mamlakat armiyasi rahbariyati “osmon xavfsiz bo‘ladi” degan va’dasini bajara olmaganini ko‘rsatgan.

7 mayga o‘tar kechasi Latviya havo hududida ikki dron kuzatilgan. Ular Rossiya bilan chegara tomondan kirib kelgani aytilmoqda. dronlardan biri Rezekne shahridagi neftni qayta ishlash zavodi hududiga qulagan.

Hodisaga izoh berar ekan, Andris Spruds dronlar Ukraina tomonidan Rossiyadagi nishonlarga qarshi uchirilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan. Hozirda voqea yuzasidan tergov davom etmoqda.

Vazir, shuningdek, Ukraina o‘zini himoya qilish va Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish huquqiga ega ekanini ta’kidlagan.

Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan besh yildan buyon himoyalanayotgan Ukraina Rossiyaning harbiy hamda neft-gaz infratuzilmasi obektlariga zarbalar berib kelmoqda. Avval ham Rossiya hududidagi nishonlarga yo‘naltirilgan ukrain dronlari Finlyandiya va Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududini buzgan holatlar qayd etilgan.

Bundan oldin Estoniya mudofaa vaziri Hanno Pevkur Ukrainadan dronlar ustidan nazoratni kuchaytirishni so‘ragan edi.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid