Jahon | 22:53 / 11.05.2026
1416
4 daqiqa o‘qiladi

Putin ilk marotaba urush to‘xtashi mumkinligiga ishora qildi – CNN

Rossiya rahbari Ukrainaga qarshi urushni davom ettirish zarurligi haqidagi Kreml uchun an’anaviy so‘zlarni takrorlamadi.

Foto: Maxim Shipenkov/AP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may – G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda Ukrainaga qarshi urush «tugash arafasida» ekanini aytdi. Bu keng ko‘lamli bosqin davomida Kreml tomonidan yuborilgan birinchi shunday signallardan biri, deb yozdi CNN.

Qayd qilinishicha, bu bayonot Putinning 2022 yil boshida muvaffaqiyatsiz muzokaralar haqidagi uzoq nutqidan so‘ng e’lon qilingan va g‘ayrioddiy darajada qisqa bo‘lgan. Shu bilan birga, jurnalistlarning ta’kidlashicha, Rossiya rahbari kamdan-kam hollarda tasodifiy yoki o‘z-o‘zidan bayonot beradi, ayniqsa urush masalalari bo‘yicha.

Telekanal Putinning Kreml uchun an’anaviy bo‘lgan barcha maqsadlarga erishilgunga qadar «maxsus harbiy operatsiyani» davom ettirish zarurligi haqidagi jumlalarni takrorlamaganiga e’tibor qaratadi. Buning o‘rniga u mojaroning yakunlanishi mumkinligiga ishora qilish bilan cheklandi.

Shu bilan birga, CNN ta’kidlashicha, Moskvaning rasmiy maqsadlari - Ukrainani «demilitarizatsiya qilish» va Donbass ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish - hali ham amalga oshmagan.

Material mualliflari Putinning Germaniya sobiq kansleri Gerxard Shryoderni Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralarga jalb qilish taklifiga alohida e’tibor qaratdi.

1998 yildan 2005 yilgacha Germaniya kansleri lavozimida ishlagan Shryoder siyosatdan ketganidan so‘ng, Rossiyaning energetika loyihasi bilan hamkorlik qilgan va uzoq vaqt davomida Putin bilan yaqin munosabatlarni saqlab qolgan. Keng ko‘lamli urush boshlanganidan so‘ng, u loyiha direktorlar kengashini tark etdi, biroq Yevropada uning siymosi hamon keskin tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

Materialda, shuningdek, Rossiya ichida urushdan norozilik kuchayib borayotgani haqida so‘z boradi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroning uzoq davom etishi, uning insoniy va iqtisodiy qiymati tobora ko‘proq tanqid qilinmoqda.

Maqola mualliflarining ta’kidlashicha, hatto 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan paradda ham zamonaviy harbiy texnikalarning keng ko‘lamli namoyishi o‘tkazilmagani avvalgi yillardan sezilarli farq qildi.

CNN, shuningdek, Rossiya armiyasini to‘ldirishdagi qiyinchiliklarni ham qayd etadi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumati yangi shartnomachilarni yollashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda va uzoq davom etgan urushning iqtisodiyot uchun oqibatlariga tobora ko‘proq duch kelmoqda.

Maqolada Ukraina uchun frontdagi vaziyatning o‘zgarishi alohida ko‘rib chiqiladi. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, shaxsiy tarkib yetishmasligiga qaramay, Ukraina kuchlari uchuvchisiz texnologiyalarni qo‘llashni sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. Gap hujumlar, ta’minot, yaradorlarni evakuatsiya qilish va Rossiya hujumlariga qarshi kurashish uchun ishlatiladigan dronlar va robotlashtirilgan tizimlar haqida bormoqda.

Telekanalning ta’kidlashicha, aynan uchuvchisiz texnologiyalarning rivojlanishi Rossiya qo‘shinlarining frontdagi harakatini sekinlashtirish sabablaridan biri bo‘lgan.

Shu bilan birga, CNN ta’kidlashicha, Rossiya bunday sohada texnologik orqada qolishni qisqartirgan, shuning uchun Ukraina vaziyatni butunlay o‘zgargan deb hisoblamasligi kerak.

Material yakunida mualliflar urush asta-sekin Rossiya tizimining o‘zi uchun jiddiy sinovga aylanib borayotgani va Kremlning resurslari endi cheksiz ko‘rinmayotgani haqida xulosa qiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid