Avto | 09:27
940
2 daqiqa o‘qiladi

Mercedes harbiy texnika ishlab chiqarishni boshlashi mumkin

Germaniyaning Mercedes-Benz avtokonserni global xavfsizlik tahdidlari fonida harbiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda kompaniya bosh direktori Ola Kallenius The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Foto: AP

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo tobora noaniq va xavfli hududga aylanib bormoqda. “Menimcha, Yevropa o‘zining mudofaa salohiyatini kuchaytirishi kerakligi aniq. Agar biz bu jarayonda ijobiy rol o‘ynay olsak, bunga tayyormiz”, — dedi Kallenius.

Top-menejerning ta’kidlashicha, kompaniyaning qurol-yarog‘ sohasiga kirishi faqat iqtisodiy jihatdan maqbul bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, u ehtimoliy mudofaa biznesi konsern faoliyatining faqat “juda kichik qismi”ni tashkil etishini, asosiy mahsulot esa fuqarolik avtomobillari bo‘lib qolishini aytdi. Biroq Kallenius fikricha, aynan mudofaa sohasi kelajakda o‘sib boradigan yo‘nalishga aylanishi mumkin.

Avvalroq Financial Times nashri Germaniyaning yana bir avtokonserni — Volkswagen Isroilning Rafael Advanced Defense Systems kompaniyasi bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar bergan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar Volkswagen’ning Osnabryukdagi qiyin ahvolda qolgan zavodini Isroilning “Temir gumbaz” raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun komponentlar ishlab chiqarishga moslashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Biroq Volkswagen vakili DW’ga bergan izohida kompaniya qurol ishlab chiqarishni rejalashtirmayotganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, 2027 yilda mazkur zavodda ishlab chiqarish yakunlanishi rejalashtirilgani bois, kompaniya turli bozor ishtirokchilari bilan istiqbolli variantlarni muhokama qilishda davom etayotgani bildirilgan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid