Jahon | 23:41 / 12.11.2025
7433
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon tanklar va vertolyotlarni bepul tarqatishini e’lon qildi

AQSh ma’lum vaqtdan beri ittifoqchilarga eski harbiy texnikani bepul olib ketish taklifini yubormoqda.

Foto: Getty images

Yaqin oylarda Pentagon foydalanishdan chiqarilgan ko‘p miqdordagi harbiy texnikani manfaatdor ittifoqchilarga yetkazib berishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Defense Express harbiy-tahliliy portali xabar berdi.

Qo‘shma Shtatlarda hisobdan chiqarilgan qurollarni ittifoqchilarga bepul o‘tkazishni nazarda tutuvchi Excess Defense Articles mexanizmi uzoq vaqtdan beri mavjud.

Oktabr oyi oxirida Gretsiyaning Pentapostagma nashri AQSh do‘stona mamlakatlarga agar xohlasalar, Pentagon omborlaridan olib ketish mumkin bo‘lgan uskunalar ro‘yxatini yuborishni boshlagani haqida yozgan edi. Xususan, gap M109A5 va A6 Paladin o‘ziyurar to‘plari, Abrams tanklari, Bradley piyoda jangovar mashinalari, AH-64 Apache zarba beruvchi vertolyotlari, shuningdek, Black Hawk transport vositalari, HMMWV zirhli avtomobillari va boshqa jihozlarning nomi oshkor etilmagan soni haqida so‘z bormoqda.

Amerikaliklar uchun hisobdan chiqarilgan texnikalarni tarqatish ularni utilizatsiya qilishda tejash usulidir, AQSh ittifoqchilari uchun esa yangi qurol sotib olishga mablag‘ yo‘q bo‘lsa, eski bo‘lsa ham yaxshi qurol olishdir. Ammo AQSh texnikani bepul berishiga qaramay, oluvchi uchun bu baribir xarajatga aylanadi.

Qabul qiluvchi mamlakat ushbu qurollarni ta’mirlash va modernizatsiya qilish uchun pul to‘lashi kerak bo‘ladi, chunki gap hisobdan chiqarilgan va deyarli har doim nosoz mashinalar haqida ketmoqda. Bundan tashqari, deyarli har doim bunday ishlarni faqat Amerika korxonalarida amalga oshirishga ruxsat beriladi. Keyinchalik bu qurollarni okean orqali olib o‘tish ham pul talab qiladi.

Bunday sharoitda Pentagonning bunday tarqatmalari ittifoqchilarda ishtiyoq uyg‘otmaydi. O‘tgan yili Gretsiya 150 ta eski Bradleyʼni olib ketish taklifini rad etdi, chunki ularni ta’mirlash va modernizatsiya qilish bir donasi uchun o‘rtacha 8 million yevroga tushishi ma’lum bo‘ldi. Taqqoslab ko‘rilsa, Shvetsiyaning yangi CV90 piyoda jangovar mashinalarini 11-12 million yevroga sotib olish mumkin.

Mavzuga oid