O‘zbekiston | 08:40
625
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida qariyb 1 kg sintetik narkotik ushlab qolindi

Toshkent xalqaro aeroportida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qariyb 1 kilogramm “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasini mamlakatga olib kirishga urinish bartaraf etildi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Ma’lum qilinishicha, xorijdan uchib kelgan Farg‘ona viloyatida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan shaxs hamda 2006 yilda tug‘ilgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosining qo‘l yuklari va bagajlari bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.

Tekshiruv jarayonida sport ozuqasi niqobi ostida qadoqlangan ikki yelim idish ichida jami 986 gramm “Alfa-PVP” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlangan. Moddaning bir qismi 500 gramm, ikkinchi qismi esa 486 grammni tashkil etgan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, Sergeli tumanidagi xufiya joyga qoldirilgan giyohvandlik vositasini qabul qilib olish vaqtida uning buyurtmachisi bo‘lgan 1996 yilda tug‘ilgan poytaxtlik shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mutasaddilar fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlar haqida DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirgan. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.
 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid