Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hujum qilmaslik pakti: Saudiya yangi tartibni taklif qilmoqda
Yaqin Sharqdagi xavfsizlik muammolari yangi yondashuvlarni talab qilmoqda. Saudiya Arabistoni ilgari surayotgan o‘zaro hujum qilmaslik pakti Eronni ham qamrab oladi. Loyiha Tehronning manfaatlariga javob berishi mumkin, lekin AQShning mintaqadagi harbiy bazalari va Isroilning siyosati bu tashabbusning to‘liq amalga oshishini so‘roq ostida qoldiradi.
— Saudiya tashabbus qilayotgan Yaqin Sharq davlatlarining o‘zaro hujum qilmaslik paktiga mintaqaning qaysi davlatlari qo‘shilmasligi mumkin?
Kamoliddin Rabbimov: AQSh–Eron urushi mintaqadagi kuchlar muvozanati va siyosiy tizimlar haqidagi tasavvurlarni jiddiy o‘zgartirdi. Ungacha shakllangan qarashlarga ko‘ra, Eron juda zaif davlat sifatida talqin qilinar edi. Ichki ijtimoiy noroziliklar kuchaygani sababli tashqi bosim bo‘lsa, mamlakat siyosiy tizimi “qog‘ozdan qurilgan uy” kabi tez qulaydi, degan fikr mavjud edi. Ammo voqealar bunday ssenariy asosida rivojlanmadi.
Endi Saudiya Arabistoni shuni anglamoqdaki, Eron mintaqada uzoq muddat va ta’siri saqlanib qoladigan asosiy omillardan biridir. Ya’ni Eron ko‘pchilik o‘ylagandek mo‘rt va beqaror davlat emasligi namoyon bo‘ldi.
Shu sababli Riyod yangi mintaqaviy xavfsizlik tizimini shakllantirish zarurligini ilgari surmoqda. Bu tizim Eronni muhim geosiyosiy omil sifatida hisobga olishi, shuningdek, AQSh va Isroilga haddan tashqari bog‘liqlikni kamaytirishga qaratilishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Bu tashabbus ma’lum ma’noda sovuq urush davridagi Helsinki kelishuvlarini eslatadi. 1975 yilda imzolangan ushbu kelishuv Sovet Ittifoqi va Yevropa davlatlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy to‘qnashuvning oldini olishga xizmat qilgan edi. Tomonlar o‘zaro aloqa kanallari, muzokara mexanizmlari va ishonchni mustahkamlovchi vositalarni yaratishga kelishib olgan. Asosiy maqsad – urush xavfini kamaytirish va nizolarni diplomatik yo‘l bilan boshqarish edi.
Bugungi kunda Saudiya Arabistoni ham shunga o‘xshash modelni taklif qilmoqda. Riyodning pozitsiyasiga ko‘ra, Saudiya hududidan Eronga qarshi hujum uyushtirilmasligi kerak, Eron esa o‘z navbatida Saudiya Arabistoniga tahdid solmasligi lozim. Shu asosda o‘zaro hujum qilmaslik pakti g‘oyasi ilgari surilmoqda. Hozircha bu loyiha amaliy bosqichga o‘tmagan, ammo mintaqadagi musulmon davlatlari o‘rtasidagi koordinatsiyani kuchaytirishga qaratilgan siyosiy tashabbus sifatida ko‘rilmoqda.
Mazkur kelishuvga Qatar, Bahrayn va Ummon kabi davlatlar qiziqish bildirishi mumkin. Biroq Birlashgan Arab Amirliklarining hozircha ehtiyotkor pozitsiyada qolayotgani kuzatilmoqda. Chunki so‘nggi urush fonida Abu-Dabi xavfsizlik masalalarida AQSh va Isroil bilan hamkorlikni kuchaytirishga moyillik ko‘rsatdi.
Tabiiyki, Eron ham bunday kelishuvdan manfaatdor. Chunki bu unga mintaqadagi legitim va uzoq muddatli o‘yinchi sifatida tan olinishi imkonini beradi.
Shuhrat Rasul: 2019 yilda Eron Ko‘rfaz davlatlariga mintaqada o‘zaro hujum qilmaslik va harbiy bosimni kamaytirish bo‘yicha kelishuv taklif qilgan edi. Biroq o‘sha davrda bu tashabbus amalga oshmadi. Buning asosiy sababi Yaman urushi fonida yuzaga kelgan keskinlik edi, ya’ni Eron tomonidan dastaklanuvchi husiylar Saudiya Arabistoni neft infratuzilmalariga raketalar bilan hujumlar uyushtirgan edi. Saudiya Arabistoni o‘sha muzokaralarda bu masalani kun tartibiga qo‘yib, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan proksilar ham kelishuv doirasiga kiritilishi kerakligini talab qilgan.
Eron esa proksi kuchlarni alohida tomon sifatida rasmiy kelishuvga kiritishni rad etgani sababli, muzokaralar natija bermagan. Bugungi kunda esa vaziyat o‘zgarib, Eron yana o‘zi shunga o‘xshash tashabbuslar bilan chiqmoqda. Bu mintaqaviy geosiyosatda sezilarli siljish yuz berayotganini ko‘rsatadi.
Lekin AQSh mintaqadagi harbiy bazalari orqali “xavfsizlik soyaboni”ni ta’minlashni va’da qilgan bo‘lsa-da, urush sharoitida Ko‘rfaz davlatlari Patriot, THAAD va boshqa raketaga qarshi tizimlarga bo‘lgan ehtiyoj kuchaygan paytda, ularni bermadi. Natijada arab davlatlaridagi ayrim neft va gaz infratuzilmalari zarbalarga uchradi.
Bu holat Ko‘rfaz monarxiyalarida AQShning xavfsizlik kafolatlariga nisbatan savollarni kuchaytirdi. Aksincha, AQSh o‘z resurslarini ko‘proq Isroilni himoya qilishga yo‘naltirgani ham mintaqadagi ayrim davlatlarda norozilik uyg‘otdi.
Shu bilan birga, AQSh va ayrim Ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir qilgan siyosiy va diplomatik keskinliklar ham mavjud. Bu jarayonlarda AQSh rahbariyatining ayrim keskin ritorikasi ham mintaqaviy hamkorlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Birlashgan Arab Amirliklari esa bu jarayonda nisbatan mustaqil strategiya yuritmoqda. U Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini xarid qildi va infratuzilmasini mustahkamlashga intilmoqda.
Bundan tashqari, BAA yangi neft quvuri loyihasi orqali o‘z eksport yo‘nalishini diversifikatsiya qilmoqda. Bu quvur ishga tushsa, BAA neftining katta qismi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi o‘rniga Qizil dengiz orqali eksport qilinishi mumkin bo‘ladi. Natijada, BAAning geosiyosiy pozitsiyasi ham, Eron bilan munosabatlardagi muvozanati ham ma’lum darajada o‘zgarishi ehtimol qilinadi. Bu jarayon esa vaqt talab etadi.
Suhbatni YouTube’dagi “Geosiyosatkunuz” kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid
21:37
Saudiyada Qurbon hayiti sanasi e’lon qilindi
20:41
AQSh muzokaralarni qaytadan boshlash uchun Eronga beshta shart qo‘ydi - OAV
20:50 / 16.05.2026
Fransiya Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasiga qarshi tergov boshladi
15:07 / 16.05.2026