Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponlarning AQSh harbiy bazasiga hujumi. U qanday sodir bo‘lgandi?
Bir necha kun oldin Donald Tramp ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida yaponiyalik jurnalist undan AQSh nega Eronga ehtimoliy hujum haqida ittifoqchilarini xabardor qilmaganini so‘radi. Shunda Tramp mazax ohangida: “sizlar nega Perl Harborga hujum qilishingiz haqida menga oldindan xabar bermagansizlar?” deya javob qaytardi.
Joriy yilda Yaponiya armiyasining AQShning Havayi orollarida joylashgan Perl Harbor harbiy bazasiga hujum qilganiga 85 yil to‘ladi.
O‘shangacha Germaniyaning Yevropadagi, Yaponiyaning Tinch okeani havzasidagi bosqinchiliklarini kuzatib turgan AQSh o‘z harbiy bazasiga qilingan hujumdan so‘ng Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilgandi.
Xo‘sh, Havayi orollari AQSh tarkibiga qachon qo‘shilgan va yaponlarning Perl Harbor harbiy bazasiga hujumi qanday sodir bo‘lgandi? Hozir shu haqda gaplashamiz.
AQSh Havayi orollarini qachon egallagandi?
Havayi orollarini ilk bor 1778 yilda britaniyalik dengiz sayyohi Jyeyms Kuk kashf etadi. Shundan so‘ng Britaniya Havayi orollarini o‘z mulki deb e’lon qiladi.

Britaniya bilan raqobatlashib turgan AQSh va Fransiya Havayi orollarini egallash uchun bir necha marta urinib ko‘radi. Biroq buning iloji bo‘lmaydi.
O‘sha paytlarda Havayi orollariga Yaponiya ham da’vogarlik qilardi. Biroq unga AQSh hududi yaqinroq bo‘lgani uchun Yaponiyaning Havayini o‘z ta’sir doirasiga olishi imkonsiz edi.
Ma’lumot uchun, Havayi orollari Yaponiyadan 6 200 km, AQShdan 3 700 km uzoqlikda joylashgan.
1843 yilga kelib Havayi qirolligi tashkil topadi va AQSh, Britaniya hamda Fransiya uning mustaqilligini tan oladi. Biroq 1893 yilda amerikaliklar Havayi qirolini taxtdan ag‘daradi. U yerda Havayi respublikasi tashkil etiladi.
1898 yilda AQSh Havayi orollarini egallab oladi. Mamlakat Kongressi Havayini Qo‘shma Shtatlarga qo‘shib olish haqidagi qarorni qabul qiladi. Biroq AQSh unga shtat maqomini bermaydi.
Havayi orollari AQSh tarkibiga kirgach, bu yerda infratuzilma rivojlanadi. Turli orollarda shaharlar, portlar, kemalarni ta’mirlash ustaxonalari – doklar quriladi.
Keyinchalik fuqaro aviatsiyasi va samolyotsozlik rivojlangach, Havayi orollarida aerodromlar quriladi. AQSh aviakompaniyalari materikdan u yerga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi.

Shu bilan birga AQSh Havayi orollarida yirik harbiy baza quradi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi arafasida Perl Harbor deb nomlangan bu bazada ko‘plab harbiy xizmatchilar, jangovar samolyotlar va harbiy kemalar bor edi.
Ikkinchi jahon urushi boshlanguncha va undan keyin Yaponiya Tinch okeani havzasida joylashgan ko‘plab davlatlarni bosib oladi. AQSh yaponlarning bosqinchiligiga qarshi iqtisodiy sanksiyalar qo‘llaydi, biroq Yaponiyaga urush e’lon qilmaydi.
Shu bilan birga AQSh Perl Harbordagi bazada harbiy xizmatchilar, harbiy samolyotlar va kemalar sonini oshiradi.
Hujumgacha bo‘lgan vaziyat
Ikkinchi jahon urushi 1939 yil 1 sentabr kuni boshlanadi. O‘sha kuni Hitler Germaniyasi Polshaga hujum qiladi. Oradan 17 kun o‘tgach urushga SSSR ham qo‘shiladi va sovet armiyasi Polshaga sharqdan bostirib kiradi.
Germaniya Polshaga bostirib kirgan zahoti Fransiya va Britaniya nemislarga qarshi urush e’lon qiladi. Bungacha Germaniya 1938 yilda Chexoslovakiyani parchalab, u yerda bir nechta vassal davlat tashkil etgandi. Shuningdek, 1939 yil martda Avstriyani o‘ziga qo‘shib olgandi.
Shu tariqa, 1941 yil yozgacha Hitler Yevropaning asosiy qismini egallaydi. U bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan SSSR ham qarab turmaydi va Sharqiy Yevropa davlatlarining bir qism hududlarini qo‘shib oladi

Hitler Yevropani egallar ekan, Uzoq Sharqda uning ittifoqchisi bo‘lgan Yaponiya Tinch okeani havzasidagi ayrim davlatlarni bosib oladi. Ana shu davrda AQSh urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishmaydi va Lend liz doirasida Yevropa davlatlariga harbiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanadi.
Shuningdek, 1941 yil avgustda AQSh Yaponiya Tinch okeani havzasida kuchayib ketmasligi uchun bu davlatga iqtisodiy va harbiy embargo e’lon qiladi.
Shundan so‘ng yaponlar AQShning Tinch okeanidagi asosiy harbiy bazasi bo‘lgan Perl Harborga hujum qilishga qaror qiladi.
Oxir-oqibat 1941 yil dekabrda bu ish sodir bo‘ladi va AQSh Yaponiyaga qarshi urush e’lon qilib, Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi.
Yaponiyaning Perl Harbor bazasiga hujumi
1941 yil 7 dekabr kuni tongda AQShning Tinch okeanidagi Havayi orollari tarkibiga kiruvchi Oaxu orolida joylashgan Perl Harbor harbiy bazasiga Yaponiya harbiy aviatsiya yordamida hujum qiladi.
Bu hujumdan maqsad AQShning Tinch okeani floti va aviatsiyasini zaiflashtirish, amerikaliklarning Osiyo qit’asidagi davlatlarga ta’sirini kamaytirish bo‘lgan.
Bu hujumda Yaponiyaning jami 353 ta samolyoti qatnashadi. Ular AQSh harbiy bazasini va Havayi orollaridagi boshqa obektlarni bir soat farqi bilan ikki marta bombardimon qiladi.
Birinchi hujumda yaponlarning 183 ta harbiy samolyoti ishtirok etadi va ular tonggi soat 7:55 da Perl Harbordagi harbiy bazaga bomba yog‘dira boshlaydi.
Hujum kutilmaganda ro‘y bergani uchun amerikaliklarning bor-yo‘g‘i oltita samolyoti havoga ko‘tarilishga ulguradi. Qolgan samolyotlar bazadagi harbiy kemalar bilan birga yaponlar tomonidan safdan chiqariladi.
O‘sha kuni soat 8:50 da hujumning ikkinchi to‘lqini boshlanadi va bu safar Yaponiyaning 170 ta harbiy samolyoti Perl Harbor bazasi va Havayidagi boshqa obektlar bo‘ylab bomba tashlaydi.
Yaponlarning hujumi oqibatida AQShning 2400 dan ortiq harbiy xizmatchisi va 70 ga yaqin fuqarosi halok bo‘ladi. Qariyb 1200 kishi (ularning asosiy qismi dengizchilar bo‘lgan) yaralanadi.
Shuningdek, AQShning Tinch okeani flotida xizmat qilib turgan 18 ta asosiy kemasi, qariyb 200 ta harbiy samolyoti butunlay safdan chiqariladi.
Yana 159 ta samolyot shikastlanib, ta’mirtalab holga keladi. Ma’lumot uchun, o‘sha paytda AQSh armiyasida jami 18 mingga yaqin harbiy samolyot bo‘lgan.
Amerikaliklar ham qarab turmaydi va yaponlarning 29 ta samolyotini urib tushiradi. Biroq bu AQShliklarning yo‘qotishlari oldida hech narsa emasdi.
O‘sha kuni yaponlar Perl Harbordan tashqari AQShning Havayi orollarida joylashgan Bellouz-Fild va Xika-Fild aviabazalari hamda bir nechta aerodromlarni ham bombardimon qiladi.
Bundan tashqari, Havayi orollarining turli qismlarida joylashgan bir qancha doklar vayron qilinadi. O‘shanda yaponlar Havayi orollariga yana hujum qilishni rejalashtirgandi.
Biroq hujumga boshchilik qilgan qo‘mondon Havayidagi barcha kemalar hamda samolyotlar yo‘q qilingan va takroriy hujumga hojat yo‘q deb hisobot beradi. Biroq vaziyat unday emasdi. Amerikaliklar shikastlangan samolyot va kemalarni keyinroq ta’mirlab oladi.
Keyinchalik tahlilchilar yapon qo‘mondonining hisoboti xato bo‘lganini, Havayiga yana hujum uyushtirilganda amerikaliklar yanada jiddiy talafot ko‘rishini va tiklanish uchun uzoq muddatga cho‘zilishini aytadi.
Hujum oqibatlari va AQShning Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilishi
Yaponlarning urush e’lon qilmasdan turib Perl Harbor bazasi va boshqa obektlarni bombardimon qilishi AQShda xiyonatkor hujum sifatida baholanadi.
Havayi orollariga hujum amalga oshirilgan 7 dekabr kuni tunda prezident Franklin Ruzvelt ishtirokidagi yig‘inda Yaponiyaga qarshi urush e’lon qilishga qaror qilinadi. 8 dekabr kuni ertalab Kongress Yaponiyaga urush ochishni tasdiqlaydi.
Shundan so‘ng Ruzvelt Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill bilan telefon orqali muloqot qiladi. Shu tariqa, hujumning ertasiga – 1941 yil 8 dekabr kuni AQSh Yaponiyaga urush e’lon qiladi va Ikkinchi jahon urushiga qo‘shiladi.
O‘sha kuni Britaniya ham AQSh bilan bir vaqtda Yaponiyaga urush e’lon qiladi. Bu davlat Ikkinchi jahon urushiga 1939 yil 1 sentabr kuni Germaniyaga urush e’lon qilib qo‘shilgandi.
AQSh Yaponiyaga urush e’lon qilgan bo‘lsa-da, Perl Harborga hujum tufayli bir muddat hech narsa qila olmaydi. Chunki Yaponiyaning Havayiga hujumi tufayli AQSh Tinch okeani flotidagi asosiy kemalar va samolyotlardan ayrilgandi.
Shu sababli yaponlar Havayiga hujumdan so‘ng Tinch okeani havzasida joylashgan hududlarni bosib olishda davom etadi. Jumladan, 1942 yilda Britaniyaga tegishli bo‘lgan Myanma va Malayziyani, Gollandiyaning mulki bo‘lgan Indoneziya hamda Yangi Gvineyani, Filippinni bosib oladi.
1942 yilning ikkinchi yarmiga kelib AQSh Tinch okeani havzasidagi qo‘shinlarini kuchaytirishga erishadi va turli hududlarda yapon armiyasiga qarshi janglar avj oladi.
1943-1944 yillarda AQSh armiyasi o‘z hujumlarini kuchaytirib boradi va yapon harbiylarini yenga boshlaydi. 1945 yil yozga kelib Yaponiya armiyasi Tinch okeani havzasidagi o‘zi bosib olgan hududlarning aksariyat qismini tashlab chiqadi.

AQSh Perl Harbor uchun Yaponiyadan o‘ch olganmi?
1945 yil may oyida fashistlar Germaniyasi yengiladi. Shundan so‘ng SSSR, Britaniya va Fransiya o‘z qo‘shinlarini Yaponiyaga qarshi jangga tashlaydi.
Bu paytga kelib Tinch okeani havzasidagi ko‘plab hududlarni boy bergan yaponlar vatanini himoya qilishga majbur bo‘layotgandi.
1945 yil 6 avgust kuni AQShning ekipaj komandiri Pol Tibbets bo‘lgan bombardimonchi samolyoti Yaponiyaning Hirosima shahriga Little Boy deb atalgan atom bombasini tashlaydi. Uning kuchi 13–18 kilotonna trotil ekvivalentiga teng edi.
Bomba yerga yetmasdan 500 metr balandlikda portlaydi. Havoda hosil bo‘lgan kuchli olov va issiq shamol yerga qarab yo‘naladi. Oqibatda butun Xirosima o‘t ichida qoladi.
Portlash episentridan 2 km radiusda bo‘lgan odamlarning aksariyati o‘sha zahoti kuyib ketadi. Qolgan odamlar oradan biroz o‘tib yong‘inlar va radiatsiya to‘lqini tufayli halok bo‘ladi. Shahar vayronaga aylanadi.
O‘sha paytda Xirosimada 340 ming kishi yashagan va fojia oqibatida ularning 166 ming nafari halok bo‘lgan.
Xirosima fojiasidan uch kun o‘tib, 9 avgust kuni uchuvchi Charlz Suini boshliq bo‘lgan bombardimonchi samolyoti Fat Man (“Baqaloq”) atom bombasini Nagasaki shahriga tashlaydi. Uning kuchi 21 kilotonna trotil ekvivalentiga teng bo‘lgan.
Nagasakiga tashlangan bomba ham yerdan 500 metr tepada portlaydi. Shunda tselsiy shkalasi bo‘yicha ming darajadan oshadigan issiq to‘lqin shahar bo‘ylab yopiriladi.
Portlash episentridan 2 km radiusda tirik jon qolmaydi, hammasi kuyib ketadi. Boshqalar shaharni qoplagan kuchli yong‘in va radiatsiya tufayli halok bo‘ladi.
AQSh harbiylari tomonidan ikkita shaharning batamom vayron etilgani xabarini olgan Yaponiya bosh vaziri Kantaro Suzuki ittifoqchilarga so‘zsiz taslim bo‘lishga rozi ekani haqida xabar yuboradi.
1945 yil 15 avgust kuni Yaponiya taslim bo‘lgani e’lon qilinadi va shu bilan Ikkinchi jahon urushi tugaydi. Yaponiyaning taslim bo‘lgani haqidagi hujjatlar biroz keyin, 1945 yil 2 sentabrda imzolanadi.
Bugun AQShning Xirosima va Nagasakiga atom bombalari tashlashi Perl Harbor uchun qasos olish maqsadida tashlangan deydiganlar ham, bu fikrga qo‘shilmaydiganlar ham bor.
Aksariyat tahlilchilar Perl Harbor hujumidan so‘ng AQSh harbiylarida, qo‘mondonlarida yaponlarga nisbatan kuchli nafrat shakllanganini, Xirosima va Nagasakiga atom bombasi tashlash o‘sha nafrat oqibatida bo‘lganini aytishadi. Demak amerikaliklar Perl Harbor uchun yaponlardan o‘ch olgan deyishga asos bor.
Xulosa o‘rnida, AQSh harbiylari Yaponiyaning ikkita shahrini nima maqsadda kultepaga aylantirgan bo‘lsa ham – bu insoniyatga qarshi jinoyat edi. Zero tinch aholi boshi uzra atom bombasi portlatilishini boshqacha atab bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
18:49 / 19.02.2026
AQSh Eron yaqinida qo‘shin to‘plamoqda. Urush xavfi oshdi
15:18 / 19.02.2026
Qo‘qonda profilaktika inspektoriga pichoq bilan hujum qilindi
18:51 / 13.02.2026
Texas osmonidagi mojaro: Meksika kartellarining dronimi yoki Pentagonning yangi quroli?
12:48 / 04.02.2025