Iqtisodiyot | 15:11
1841
6 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht bahosi: tumanlar kesimida narxlar qanday?

Joriy yilning 13 may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha eng yuqori narxi Yakkasaroy tumanida — 139 ming 600 so‘m, eng past narxi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida — 94 ming 300 so‘m qayd etildi. Farg‘ona vodiysida eng arzon narxlar Xonobod tumanida 112 ming 500 so‘m bo‘lsa, eng qimmati To‘raqo‘rg‘on tumanida 135 ming so‘m. Ayrim hududlardagi narxlarda katta tafovutlar mavjud. Masalan, Navoiy viloyatining ikkita qo‘shni tumani Tomdi (95 ming 500 so‘m) va Uchquduqda (137 ming 500 so‘m) 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha bahosi 42 ming so‘mga farq qilyapti.

O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashgani aholining kundalik xarajatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, mol go‘shti narxining tez-tez o‘zgarishi nafaqat iste’molchilar, balki oziq-ovqat xavfsizligi, inflatsiya va agrar siyosat samaradorligi masalalarini ham kun tartibiga olib chiqdi. Statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida qo‘y go‘shti — 3,7 foizga (2025 yil aprel oyiga nisbatan +20,3 foiz), suyakli mol go‘shti — 3,2 foizga (+16,6 foiz), suyaksiz mol go‘shti — 3,2 foizga (+17,3 foiz), go‘sht qiymasi — 2,9 foizga (+14,1 foiz) qimmatlashgan. Xo‘sh, viloyatlar va tumanlar kesimida eng qimmat go‘sht qayerda sotilyapti? Kun.uz 13 may holatiga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan narxlarni tahlil qildi. 

Vodiy viloyatlari

Namanganda o‘rtacha olinganda mol go‘shti bahosi — 129 ming 400 so‘m. Viloyatda eng qimmat go‘sht To‘raqo‘rg‘on tumanida (135 ming so‘m), eng arzoni esa Namangan shahrida (120 ming so‘m) qayd etilgan.

Farg‘ona viloyatida mol go‘shtining o‘rtacha bahosi Namanganga nisbatan arzonroq — 121 ming 700 so‘m. Viloyat miqyosida eng arzon go‘sht So‘xda —115 ming so‘m, eng qimmati esa Marg‘ilon shahrida — 133 ming 200 so‘m.

Vodiydagi eng arzon go‘sht Andijonda — 119 ming 900 so‘m. Viloyat miqyosida Xonobodda o‘rtacha narxlar 112 ming 500 so‘m bo‘lsa, Andijon shahrida 130 ming so‘mni tashkil etgan. Umuman olganda, Andijon viloyatining 9 ta tumanida narxlar 120 ming so‘mdan arzonroq.

Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyati

Poytaxtda 1 kg mol go‘shtining o‘rtacha bahosi — 129 ming 100 so‘m. Eng past narx Bektemirda — 120 ming 700 so‘m, eng yuqori narx Yakkasaroyda — 139 ming 600 so‘m. 

Toshkent viloyatida o‘rtacha narx poytaxtga nisbatan arzonroq — 121 ming 400 so‘m. Viloyat miqyosida eng past narx Piskent tumanida — 109 ming 200 so‘m, eng baland narx esa Toshkent tumanida — 133 ming so‘m. Umuman olganda, Toshkent viloyatining 4 ta tumanida narxlar 115 ming so‘mdan arzonroq shakllangan. 

Sirdaryoda o‘rtacha narxlar — 123 ming 300 so‘m. Eng past narx Guliston shahrida — 116 ming 200 so‘m, eng balandi esa Sardobada — 133 ming 900 so‘m. 

Jizzax, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlari

Jizzax viloyatida o‘rtacha narx — 129 ming 600 so‘m. Viloyatda eng arzon go‘sht Jizzax shahrida — 118 ming 400 so‘m, eng qimmati Zominda – 135 ming 800 so‘m. 

Samarqandda o‘rtacha narxlar Jizzaxga nisbatan arzonroq — 125 ming 500 so‘m. Viloyat miqyosida eng arzon go‘sht Bulung‘urda — 115 ming 700 so‘m, eng qimmati esa Kattaqo‘rg‘onda — 134 ming 500 so‘m.

Navoiyda 1 kg mol go‘shtining bahosi — 120 ming 600 so‘m. Eng past narx Tomdida — 95 ming 500 so‘m, eng yuqori narx Uchquduqda — 137 ming 500 so‘m. Ikkita qo‘shni tumanda narxlarning 42 ming so‘m yoki 44 foizga farq qilayotgani taajubli holat. 

Buxoroda o‘rtacha narx — 114 ming 500 so‘m. Eng qimmat go‘sht Jondorda —130 ming so‘m, eng arzoni esa Qorako‘lda — 104 ming 500 so‘m.

Qashqadaryo va Surxondaryo

Qashqadaryoda o‘rtacha go‘sht narxi — 115 ming 100 so‘m. Bunda eng past ko‘rsatkich Kosonda — 105 ming 200 so‘m, eng yuqori ko‘rsatkich esa Dehqonobodda — 126 ming 300 so‘m.

Surxondaryoda 1 kg mol go‘shtining bahosi – 120 ming 900 so‘m. Eng past narx Angorda – 111 ming 700 so‘m, eng yuqori narx Termizda – 132 ming 700 so‘m.

Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Xorazmda o‘rtacha go‘sht narxi — 112 ming 900 so‘m. Bunda eng past ko‘rsatkich Yangibozorda — 107 ming 500 so‘m, eng yuqori ko‘rsatkich esa Gurlanda — 119 ming 500 so‘m.

Qoraqalpog‘istonda 1 kg mol go‘shtining bahosi – 104 ming 800 so‘m. Eng past narx Mo‘ynoqda — 94 ming 300 so‘m, eng yuqori narx To‘rtko‘lda – 114 ming 100 so‘m.

Достон Аҳроров
Muallif Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid