Jahon | 21:30 / 19.05.2026
1262
7 daqiqa o‘qiladi

Kongoda Ebola virusidan vafot etganlar soni 131 nafarga yetdi

Kasallanganlar orasida amerikalik shifokor ham bor.

Foto: Getty Images

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola bezgagidan vafot etganlar soni kamida 131 kishini tashkil etmoqda. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, yana 513 kishi virusga chalingani gumonlanmoqda. Bir kun oldin ham qurbonlar soni 80 nafar, kasallanganlar soni 300 nafar atrofida baholanayotgandi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili kasallik dastlab taxmin qilinganidan tezroq tarqalishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

JSST vakili bo‘lgan doktor Anna Ansiya BBC bilan suhbatda o‘rganish ishlari davomida kasallik tarqalgan yangidan yangi hududlar ma’lum bo‘layotganini aytgan.

Londondagi MRC Global yuqumli kasalliklar tahlil markazi tomonidan o‘tkazilgan va dushanba kuni e’lon qilingan modellashtirish shuni ko‘rsatdiki, ro‘yxatga olingan holatlar soni asl vaziyatni aks ettirmaydi va kasallanish holatlari soni allaqachon 1000 dan oshganini istisno qilib bo‘lmaydi.

Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, hozirgi epidemiya «hozirgacha aniqlanganidan kattaroq» va uning «haqiqiy ko‘lami noaniqligicha qolmoqda».

Laboratoriya tomonidan tasdiqlangan ilk kasallanish holati 24 aprel kuni Kongo DR poytaxti Kinshasa shahrida aniqlangandi, ushbu shahar epidemiya o‘chog‘i bo‘lgan sharqiy Ituri provinsiyasidan taxminan 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan. 

Shunga ko‘ra, kasallik ilk bemor aniqlangunicha bir necha hafta davomida tarqalgan bo‘lishi mumkin.

Hozirgi epidemiyani keltirib chiqargan shtammga qarshi vaksina mavjud emas, ammo JSST himoyalanish uchun boshqa dorilardan foydalanish imkoniyatini o‘rganmoqda.

2026 yil 17 may, Kongo Demokratik Respublikasi. Mototaksi haydovchisi Goma shahridagi shifoxona oldida kutmoqda. Ichkarida infeksiyaga chalinganlar bor
Jospin Mwisha / AFP / Scanpix / LETA

Kasallanganlar orasida — amerikalik shifokor ham bor

Kasallanganlardan biri – Kongoda ishlovchi amerikalik shifokor. Bu haqda AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) xabar berdi, tashkilot bilan hamkorlik qiladigan Serge xristian missionerlik guruhi esa uning ismini Piter Staffordligini ma’lum qildi. CBS News telekanali ma’lumotiga ko‘ra, shifokor davolanish uchun Germaniyaga yuboriladi.

Ebolaga chalinganlarni davolash bilan shug‘ullangan guruhdagi yana ikki shifokor, jumladan Piter Staffordning rafiqasi bo‘lgan doktor Rebekka Staffordda kasallik alomatlari aniqlanmagan, ammo ular karantinga olingan.

CBS News manbaga tayanib xabar berishicha, kamida olti nafar amerikalik kasallikni yuqtirish xavfi ostida qolgan, ammo hozircha ulardan birortasi virusga chalingan-chalinmagani aniq emas.

Tibbiyot mavzusiga ixtisoslashgan STAT sayti manbalarga tayanib, AQSh hukumati Kongo Demokratik Respublikasidan amerikaliklarning kichik guruhini karantin uchun xavfsiz joyga olib borishni tashkil etishga harakat qilayotgani va guruh Germaniyadagi Amerika harbiy bazasiga yetkazilgan bo‘lishi mumkinligini haqida yozmoqda.

CDC Amerika aholisi uchun xavf past darajada qolayotgani, ammo kasallik mamlakatga kirib kelishining oldini olish uchun bir qator choralar ko‘rilishini ta’kidlagan.

Amerika pasportiga ega bo‘lmagan, Kongo, Uganda yoki Janubiy Sudanda 21 kun bo‘lgan sayohatchilarning mamlakatga kirishi cheklanadi. CDC yo‘lovchilarning kontaktlarini kuzatish va xavfli hududlardan kelganlarni monitoring qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun aviakompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.

16 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti epidemiyani xalqaro ko‘lamdagi favqulodda holat deb e’lon qildi. Hozirgi epidemiyani Bundibujio virusi keltirib chiqargan – u nisbatan kam o‘rganilgan va unga qarshi tasdiqlangan vaksina va dorilar mavjud emas. Kasallanganlar orasida o‘lim darajasi 30 foizgacha yetadi.

JSST favqulodda holat e’lon qilishidan maqsad – donor tashkilotlar va davlatlarni faol harakatga keltirishdir. Tashkilot mezonlariga ko‘ra, bunday qaror vaziyat jiddiyligi, kasallik global miqyosda tarqalishi xavfi mavjudligi va muvofiqlashtirilgan xalqaro chora-tadbirlarni talab qilishini ko‘rsatadi.

Ebola bezgagi – Ebola virusi keltirib chiqaradigan og‘ir va ko‘pincha o‘lim bilan yakunaladigan kasallik. Bu virus yuqumli bo‘lib, odamning qusug‘i, qon yoki sperma kabi tana suyuqliklari orqali yuqishi mumkin.

Kasallanish holatlarining deyarli barchasi Kongo Demokratik Respublikasida, aksariyati Ituri provinsiyasida qayd etilgan. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Ugandada kasallikka chalinish bilan bog‘liq ikki holat aniqlangan, bemorlardan biri vafot etgan. Kongo Demokratik Respublikasi rasmiylari esa kasallik geografiyasi mamlakat ichida ham kengayib borayotganini ta’kidlamoqda.

Kasallanish holatlari yangi hududlarda, jumladan, Ituri provinsiyasidagi Nyakunde, Shimoliy Kivudagi Butembo va Goma shahrida aniqlangan. Kongo hukumati odamlarni uning tezkor guruhlari ehtimoliy infeksiya holatlarini kuzatish va tekshirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganiga va vahimaga o‘rin yo‘qligiga ishontirishga harakat qilmoqda – ammo aholi orasida xavotir ortib bormoqda.

Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi rahbari Jan Kaseya BBC bilan suhbatda vaksinalar va samarali dori-darmonlar yo‘qligida odamlar sog‘liqni saqlash choralariga, jumladan, kasallikdan vafot etganlarni dafn etish bo‘yicha tavsiyalarga rioya qilishlari kerakligini ta’kidlaydi.

«Biz odamlar dafn marosimlarida kasallik yuqtirib olishini istamaymiz», – deydi u.

O‘n yildan ko‘proq vaqt oldin, Ebola epidemiyasining dastlabki bosqichlarida, dafn marosimlarida yaqinlarining jasadlarini yuvish an’anasi ko‘plab odamlar kasallikka chalinishiga sabab bo‘lgan. Bezgakdan vafot etganlarning jasadi virus tarqatishda davom etadi.

2014-2016 yillarda G‘arbiy Afrikada Ebola bezgagi tarqalishi qit’adan tashqariga chiqib, 11 mingdan ortiq odam hayotiga zomin bo‘lgandi. O‘shanda AQSh, Buyuk Britaniya va Italiyada ham kasallanish holatlari ro‘yxatga olingan.

JSST hozirgi epidemiya ham boshlang‘ich bosqichda ko‘ringanidan ancha kattaroq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda: tashkilot kasallik holatlarini qanchalik ko‘p tekshirsa, kasallik tarqalganiga ancha bo‘lganiga shunchalik ko‘p dalil topmoqda. JSST Kongoga qo‘shni davlatlarni tayyorgarlikni oshirishga, Kongo va Ugandani esa virus tarqalishining oldini olish uchun transchegaraviy skrining o‘tkazishga chaqirmoqda.

Qo‘shni Ruanda «ehtiyot chorasi» sifatida Kongo Demokratik Respublikasi bilan chegarasida skriningni kuchaytirishini, Nigeriya esa «vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani»ni ma’lum qildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid