Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bildirishicha, Kongo sharqidagi Ituri provinsiyasida Ebola virusiga 246 ta gumon qilingan holat va 80 ta o‘lim holati qayd etilgan. Ammo, 16 may holatiga ushbu epidemiya – pandemiya xavfi mezonlariga javob bermaydi. Shu bilan birga virus hozirda aniqlanayotgan va xabar qilinayotganidan ko‘ra “ancha kattaroq epidemiya“ bo‘lishi mumkinligidan hamda mintaqaviy miqyosda tarqalish xavfi yuqori ekanligi aytildi.

JSSTning ma’lum qilishicha, Ebolaning amaldagi shtammi “Bundibugyo” virusi tomonidan keltirib chiqarilgan bo‘lib, unga qarshi tasdiqlangan dorilar yoki vaksinalar mavjud emas.

Kasallikning dastlabki simptomlari quyidagilardan iborat:

  • Isitma
  • Mushaklardagi og‘riq
  • Charchoq
  • Bosh og‘rig‘i va tomoq og‘rig‘i
  • Keyinchalik qayt qilish, ich ketishi (diareya), toshma va qon ketishi kuzatiladi.

JSSTning bildirishicha, hozirda virus bilan kasallangani laboratoriya tomonidan tasdiqlangan 8 ta holat mavjud. Boshqa gumon qilinayotgan holatlar va o‘limlar esa uchta sog‘liqni saqlash zonasida, jumladan oltin qazib olinadigan Mongvalu va Rvampara shaharlari bo‘ylab qayd etilgan.

BBC’ning agentlikka tayanib yozishicha, virus – Kongodan tashqariga ham tarqalgan. Xususan, qo‘shni Ugandada ikkita tasdiqlangan holat qayd etilgan. Uganda rasmiylarining ma’lum qilishicha, payshanba kuni vafot etgan 59 yoshli erkakda test natijasi ijobiy chiqqan.

Uganda hukumati o‘z bayonotida vafot etgan bemor Kongo fuqarosi bo‘lganini va uning jasadi allaqachon Kongoga qaytarilganini ma’lum qildi.

Tarqalish xavfini oshirayotgan omillar

JSSTning ta’kidlashicha, quyidagi omillar kasallik tarqalish xavfini oshirmoqda:

  • Kongoda davom etayotgan xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat va humanitar inqiroz;
  • Aholi harakatchanligi – migratsiyaning yuqoriligi;
  • Kasallik o‘choqlarining shaharlarda joylashgani;
  • Mintaqadagi norasmiy tibbiyot muassasalarining ko‘pligi.