Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkentda IIB xodimi fohishalarga “rahnamolik” qilib kelgani ma’lum bo‘ldi
Yakkasaroy tumanida profilaktika inspektori o‘ziga biriktirilgan hududda ijarada yashovchi ayoldan fohishalarga “rahnamolik” qilish evaziga har oyda 400 dollar pora berishni talab qilgan. U DXX va IIV xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda talab qilgan 400 dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Toshkent shahrida yengil tabiatli ayollarga “rahnamolik” qilib turish uchun pora olgan ichki ishlar xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.
“Rahnamo” qo‘lga tushdi
Sud hukmiga ko‘ra, 1993 yilda tug‘ilgan S.B. Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori lavozimida ishlab kelgan. U o‘ziga biriktirilgan hududda ijarada yashovchi ayoldan tumanning Damariq mahallasidagi xonadonlardan birida intim xizmatlar ko‘rsatuvchi fohishalarga nisbatan chora ko‘rmaslik evaziga har oyda 400 dollar pora berishni talab qilgan.
Profilaktika inspektori bu pul evaziga fohishalarga “rahnamolik” qilishni, shuningdek, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan “Oriyat” tadbirlari haqida ogohlantirib turishni va’da qilgan.
S.B. 2025 yil 28 noyabr kuni DXX va IIV ShXBB Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda arizachi ayoldan talab qilgan 400 dollarini olganda ushlangan. Shu kuni unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
“Birinchi marta olishim edi”
S.B. sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan hamda arizachidan avval pul olmaganini bildirgan.
“Arizachidan birinchi marta pul olishim edi. Undan avval hech qachon u bilan muloqotga kirishmaganman. Ularning intim xizmatlaridan foydalanmaganman. Arizachidan yosh qizlari haqida so‘raganimning sababi, ular orasida voyaga yetmaganlari bor yoki yo‘qligini bilmoqchi bo‘lgandim.
400 dollarni faqat o‘z ehtiyojim uchun so‘raganman. Rahnamolik qilish va ma’muriy bayonnoma tuzmaslik evaziga pora talab qilmaganman. Menda ularga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish uchun asos mavjud bo‘lmagan. Arizachining o‘zi menga o‘tkaziladigan fohishalik tadbirlari haqida ogohlantirib turish evaziga pora taklif qilgan”, deya ko‘rsatma bergan S.B.
Shuningdek, u pulni yanglishib olganini, qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.
“Kelib jinsiy aloqa qilib turardi”
Sudda arizachi ayolning ko‘rsatmasi boshqacharoq bo‘lgan. U profilaktika inspektori ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik uchun fohishalar “xizmatidan” ham foydalanib turganini aytgan.
“Fohishalik uchun sharoit yaratib berish, ya’ni tadbirlar bo‘lsa xabardor qilib turish, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga ba’zi vaqtlarda kelib, qizlar bilan jinsiy aloqa qilardi. Bundan tashqari, ba’zi vaqtlarda pul kerakligini aytib, mendan 200 ming so‘mdan 400 dollargacha pul olib turgan.
Taxminan 2025 yil yoz oylari o‘rtalarida qizlar ijarada yashovchi xonadonini topshirib, boshqa joyga ko‘chib ketishdi. Shu vaqtda S.B. bilan aloqam uzildi. 2025 yil noyabr oyi boshlarida menga tanish bo‘lgan qizlar Yakkasaroy tumanidan ijaraga uy olib, ko‘chib kelishdi. Shundan so‘ng men S.B.ga aloqaga chiqib, qizlar unga tegishli hududga ko‘chib kelganini aytdim. S.B. mehnat ta’tilida ekanini, tez orada ishga qaytishini ma’lum qildi.
Taxminan 25 noyabrda u ishga chiqqanini, ishxonasiga kelib ketishimni aytdi. Ishxonasiga bordim. O‘zaro suhbat davomida S.B. qizlarning fohishalik faoliyatiga rahnamolik qilishini, reyd tadbirlari bo‘lsa oldindan ogohlantirishini, o‘zi ham ba’zida dam olish uchun borib turishini bildirdi. Unga xohlagan vaqtida borib turishini aytib, oldidan ketdim.
Biroq ertasi kuni xonadonga yana profilaktika inspektorlari keldi. Bu haqida S.B.ga aytganimda, u meni yana ishxonasiga chaqirdi. Borganimda u qizlarga rahnamolik qilishi uchun har oyda 400 dollar berib turishimni aytdi”, degan arizachi ayol.
Jazo
JIB Mirobod tuman sudining 2026 yil 23 apreldagi hukmi bilan S.B. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, S.B. 2 yil muddatga ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilingan.
“Boshim og‘riganda choy qilib ichib turardim” – Qashqadaryoda IIB xodimi uyidan marixuana topildi
Mavzuga oid
11:45 / 18.05.2026
“Boshim og‘riganda choy qilib ichib turardim” – Qashqadaryoda IIB xodimi uyidan marixuana topildi
08:33 / 18.05.2026
“Energosavdo” yuriskonsulti 5 ming dollar bilan qo‘lga tushdi
08:37 / 15.05.2026
Xorazmda MIB xodimi pora bilan qo‘lga tushdi
10:01 / 12.05.2026