O‘zbekiston | 08:58 / 25.05.2026
1306
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda arxiv xizmatlari ustidan nazorat kuchaytiriladi

O‘zbekistonda arxiv ishi va ish yuritish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida huquqbuzarlik xavfini tahlil qilishning yangi elektron tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: Adobe Stock

Bu haqda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan ishlab chiqilgan nizom loyihasida so‘z boradi. Hujjatga ko‘ra, arxiv xizmatlari sohasidagi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati maxsus “xavfni tahlil etish” elektron tizimi orqali baholanadi.

Tizim tadbirkorlik sub’yektlarida qonunbuzilish xavfi darajasini aniq mezonlar asosida “ball” tizimi orqali baholaydi. Natijalarga ko‘ra sub’yektlar xavfi yuqori, o‘rta va past toifalarga ajratiladi.

Loyihada belgilanishicha, xavfi yuqori va o‘rta deb topilgan sub’yektlarda profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi, zarur hollarda esa tekshiruv tashabbus qilinishi mumkin. Xavfi past deb baholangan sub’yektlarda tekshiruv o‘tkazilmaydi.

Shu bilan birga, xavf tahlili jarayonida tadbirkorlik sub’yektlaridan qo‘shimcha hujjat yoki axborot talab qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

Tahlil qilishda litsenziyalar, statistik ma’lumotlar, murojaatlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlardan foydalanilishi mumkin.

Nizom loyihasiga ko‘ra, tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali xabardor qilingan holda amalga oshiriladi va tadbirkorlar tekshiruv boshlanishidan kamida o‘n ish kuni oldin ogohlantiriladi.

Hujjatda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga asossiz aralashish yoki ularning ishini noqonuniy to‘xtatib qo‘yish holatlarida yetkazilgan zarar aybdor shaxslardan undirilishi ham belgilangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid