O‘zbekiston | 18:25
1295
2 daqiqa o‘qiladi

Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natildi

25 may kuni Balx viloyatining Hayraton shahrida Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston nomidan Afg‘oniston xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu yuk “Termez Cargo Centre” maydonida shakllantirilgan. Gumanitar yordam tarkibidan asosan oziq-ovqat mahsulotlari hamda birinchi yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan boshqa vositalar o‘rin oldi.

Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Abu Idris O‘zbekiston prezidentiga Afg‘oniston xalqini muntazam qo‘llab-quvvatlab kelayotgani va g‘amxo‘rligi uchun alohida minnatdorlik bildirgan.

Bu O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston xalqiga bo‘lgan chinakam birodarlik munosabatining yana bir yorqin ifodasidir, deyiladi vazirlik axborotida.

Ushbu yordam yaqinda Afg‘onistonning shimoliy hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqinlaridan zarar ko‘rgan Balx, Badaxshon, Bag‘lon va boshqa hududlar aholisiga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, bu 2026 yil davomida Afg‘oniston xalqiga yuborilgan ikkinchi gumanitar yordam hisoblanadi. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Kobul O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish doirasidagi qadamlariga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning natijasida esa afg‘on mahsulotlari eksporti hajmi sezilarli oshmoqda, Afg‘oniston xalqining ijtimoiy-iqtisodiy holati va farovonligi yaxshilanyapti.

Шоҳрух Мажидов
Tayyorlagan Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid