Jahon | 10:06
2517
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh «mudofaa harakatlari» doirasida Eronga zarbalar berdi

AQSh kuchlari Eron janubida minalar o‘rnatishga urinayotgan qayiqlar va raketa uchirish maydonchalarini o‘z ichiga olgan nishonlarga zarbalar berganini ma’lum qildi. AQSh Markaziy qo‘mondonligi buni mudofaa harakatlari deb baholamoqda.

Foto: US Centcom

25 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘idagi uzun postida Eron bilan muzokaralar «yaxshi» ketayotganini aytdi, biroq ular muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, yangi hujumlar bo‘lishidan ogohlantirdi. «Bu yo hamma uchun Buyuk Kelishuv bo‘ladi, yoki umuman Kelishuv bo‘lmaydi», deb yozdi u.

Bir necha soat o‘tgach, AQSh Markaziy qo‘mondonligi bayonot berib, «qo‘shinlarimizni Eron kuchlari tomonidan yuzaga kelayotgan tahdidlardan himoya qilish» maqsadida yangi zarbalar berilganini ma’lum qildi.

«AQSh Markaziy qo‘mondonligi davom etayotgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimida vazminlik namoyish etgan holda, o‘z kuchlarimizni himoya qilishda davom etmoqda», deya Markaziy qo‘mondonlik matbuot kotibi kapitan Tim Xokinsning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

25 may kuni, shuningdek Eron yangi havo mudofaasi tizimi yordamida «dushmanona» ko‘rinmas dronni (stels-dron) urib tushirganini ma’lum qildi. Biroq dronning qayerdan uchib kelgani ochiqlanmagan.

«Bu hech qanday ko‘rinmas dron endi Fors ko‘rfazi osmoniga kira olmasligining belgisidir», deya Fars agentligi ismini oshkor qilmagan rasmiylardan iqtibos keltirdi.

Mintaqadagi keskinlikning yana bir dalili sifatida, bosh vaziri Binyamin Netanyahu dushanba kuni Isroil «Hizbulloh»ga qarshi zarbalarni kuchaytirishini aytdi. Ko‘p o‘tmay Isroil harbiylari Livanning sharqiy Beka vodiysi va boshqa hududlaridagi «Hizbulloh» infratuzilmasiga hujum qilayotganini ma’lum qildi.

Isroil va Livan aprel oyi o‘rtalarida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgan edi, biroq Isroil sulh kelishuviga kirmagan «Hizbulloh»ga qarshi o‘zini mudofaa qilish harakatlari deb atayotgan havo zarbalarini davom ettirmoqda.

Muzokaralar davom etayotgan vaqtda zarba berildi

AQShning mazkur zarbalar Eronning bosh muzokarachisi va tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Doha shahrida Qatar bosh vaziri bilan ehtimoliy kelishuvni muhokama qilayotgan bir vaqtda sodir bo‘ldi. Bungacha Vashington va Tehron yaqin orada keskin burilish bo‘lishi borasidagi umidlarni kamaytirib ko‘rsatgan edi.

Dohaga tashrif haqida ma’lumot bergan rasmiyning Reutersʼga aytishicha, muzokaralar asosan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralariga qaratilgan. Shu bilan birga, yakuniy kelishuv doirasida Eronning muzlatilgan mablag‘larini ozod qilish masalasini muhokama qilish uchun muzokaralarda Eron Markaziy banki raisi ham ishtirok etgan.

222

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy avvalroq yadroviy masalalar faqatgina hadli kelishuv ma’qullanganidan keyingina muzokara qilinishini aytgan edi. Tramp ushbu urushdagi asosiy maqsadi Eron yuqori darajada boyitilgan urani yordamida yadro qurolini ishlab chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini aytgan. Tehron esa bunday rejalari borligini muntazam ravishda inkor etib keladi.

Hindistondagi matbuot anjumanida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Eron bilan «boshqacha yo‘l» orqali shug‘ullanish masalasini ko‘rib chiqishdan oldin, diplomatiyaga muvaffaqiyat qozonish uchun har qanday imkoniyatni berishini aytdi.

«Ularning (Ho‘rmuz) bo‘g‘ozini ochish, uni ochiq holda saqlash, yadroviy masala bo‘yicha juda real, muhim va vaqti cheklangan muzokaralarga kirishish qobiliyati borasida stolda ancha mustahkam taklif turibdi va umid qilamanki, biz buni uddalay olamiz», dedi Rubio.

«Ibrohim kelishuvlari» targ‘iboti

AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘proq arab va musulmon davlatlarini Isroil bilan aloqalarni normallashtirishga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlari»ni imzolashga chaqirdi. U Saudiya Arabistoni va Qatar buni zudlik bilan imzolashi kerakligini, Pokiston, Misr, Iordaniya va Turkiya ham ulardan o‘rnak olishi lozimligini aytib, o‘zining bu talabini majburiy deb atadi.

Masaladan xabardor bo‘lgan pokistonlik manbaning aytishicha, ushbu bayonot Eron diplomatiyasidan kelishuvlar atrofida kengroq targ‘ibot yuritish uchun foydalanishga urinishni aks ettiradi. Biroq bu ikki masala «o‘zaro bog‘liq emas va ularni bog‘lab ham bo‘lmaydi».

Netanyaxu idorasi va arab yetakchilari Trampning bu talablari bo‘yicha hozircha izoh bermadi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid