Jahon | 18:06
645
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya parlamenti Xalqaro jinoiy suddan chiqish jarayonini to‘xtatdi

Xalqaro jinoiy sud tarkibidan chiqish haqidagi qaror sobiq bosh vazir Viktor Orbanning partiyasi tomonidan qabul qilingan edi.

Foto: index.hu

Vengriya parlamenti mamlakatning Xalqaro jinoiy sud (XJS) tarkibidan chiqish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni ma’qulladi.
Yangi bosh vazir Peter Madyar tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihasini uning «Tisa» partiyasidan 133 deputat yoqlab ovoz berdi. «Fides»ning (sobiq bosh vazir Viktor Orbanning partiyasi) 37 nafar vakili qarshi chiqdi.
Qonun loyihasini kiritishda Madyar xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish uchun «eng og‘ir xalqaro jinoyatlarda aybdorlarni xalqaro sud organida javobgarlikka tortish juda zarurligini» aytdi.
Vengriyaning sobiq bosh vaziri Viktor Orban 2025 yil aprel oyida Xalqaro jinoiy suddan chiqish tashabbusini bildirgan edi. Iyun oyida Vengriya BMT bosh kotibiga XJS tarkibidan chiqish to‘g‘risida rasmiy bildirishnoma yubordi, jarayon 2026 yil iyun oyida yakunlanishi kerak edi. Biroq Vengriyadagi parlament saylovlarida «Tisa» partiyasi g‘alaba qozonganidan so‘ng, uning yangi bosh vaziri bo‘lgan yetakchisi Peter Madyar mamlakatning XJS tarkibidan chiqish jarayonini to‘xtatishini aytdi.
Orban davrida Vengriyaga Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tashrif buyurgan, unga nisbatan XJS hibsga olish uchun order bergan edi. Biroq Orban Netanyahuga uni hibsga olmaslikka va’da berdi va XJS qarorini «beadab, behayo va mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atadi.
Jurnalistlar Madyardan Netanyahuning ehtimoliy tashrifi haqida so‘radi. U Vengriyaning XJS a’zosi bo‘lib qolish niyatini Isroil bosh vaziriga «aniq yetkazganini» va «hech narsani yashirmaganini» aytdi.
XJS qoidalariga ko‘ra, hibsga olish haqida order berilgan shaxslar XJS a’zolari tomonidan ushlanishi shart.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid