O‘zbekiston | 18:09
559
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Global ekologik fond Kengashining 71-yig‘ilishi boshlandi

Bir necha kun davomida GEFning boshqaruv organlari ekologik va iqlim loyihalari uchun 200 mln dollardan ortiq mablag‘ ajratish masalalarini ko‘rib chiqadilar, shuningdek, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning dasturiy yo‘nalishlarini muhokama qiladilar.

Samarqand shahrida Global ekologik fond (GEF) Kengashining 71-yig‘ilishi ish boshladi. Ushbu tadbir GEFning VIII Assambleyasi hamda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasi arafasida o‘tkazilmoqda. Unda GEFga a’zo 186 mamlakat vakillari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar, ekologik agentliklar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.

Bir necha kun davomida GEFning boshqaruv organlari ekologik va iqlim loyihalari uchun 200 million dollardan ortiq mablag‘ ajratish masalalarini ko‘rib chiqadilar, shuningdek, 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikning dasturiy yo‘nalishlarini muhokama qiladilar. GEF, LDCF/SCCF va GBFF kengashlari yig‘ilishlari 2030 yilgacha bo‘lgan global ekologik maqsadlarga erishishni jadallashtirishga
bag‘ishlangan.

Kengash yig‘ilishlari davomida okeanlar va bioxilma-xillikni saqlash, barqaror infratuzilmani rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda aralash moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etishga oid loyihalar muhokama qilinadi. Xususan, qayta tiklanuvchi energetika va energiya saqlash tizimlari, jumladan, O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan tashabbuslar ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, GEF-9 dasturiy strategiyasini tasdiqlash, eng kam rivojlangan mamlakatlar va kichik orol davlatlarini qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Assambleya arafasida Samarqandda GEF fuqarolik jamiyati tashkilotlari Forumi ham o‘tkaziladi.

GEF VIII Assambleyasining rasmiy ochilish marosimi 4 iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid