Jahon | 11:05
5000
6 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyani Qrim bilan bog‘lovchi trassaga hujum qilmoqda

«Novorossiya» trassasida harakat to‘xtagan. Yarimorolda benzin taqchilligi va uzun navbatlar boshlandi. Rasmiylar buni «blokada illyuziyasi» deb atadi, shu bilan bir vaqtda buni Leningrad qamaliga qiyoslamoqda.

Trassa R-280 «Novorossiya» AvtoKlub / Telegram

Rostov oblastini anneksiya qilingan Qrim bilan bog‘lovchi R-280 «Novorossiya» federal trassasi bo‘ylab harakat ukrain dronlari zarbalari tufayli to‘xtatildi. Bu esa yarimorolda benzin taqchilligini yuzaga keltirdi: yoqilg‘i quyish shoxobchalarida kuniga 20 litrdan ortiq benzin sotib olish mumkin emas. Ko‘plab zapravkalarda umuman yoqilg‘i qolmagan.

Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasiga frontortida bosimni kuchaytirish va uning faol hujum harakatlari olib borish imkoniyatidan mahrum etish uchun «logistika lokdaunini boshlayotgani»ni ma’lum qildi.

Zaporijjya oblastining anneksiya qilingan qismining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Yevgeniy Balitskiy 29 may kuni Ukraina qurolli kuchlari «masofadan minalashtirishning kompleks tizimi»ni qo‘llayotganini aytdi: dronlar portlovchi qurilmalarni yo‘llarga joylashtirib chiqadi va harakat qayd etilganda ular ishga tushadi. Balitskiy haydovchilardan «zarurat bo‘lmaganda safarga chiqmaslik»ni so‘ragan.

«Novorossiya» trassasida ukrain dronlari o‘rnatgan minalar. 2026 yil 29 may
nashaniva.com

Zaporijjya oblastining anneksiya qilingan qismi transport vaziri Nikolay Lukashenko esa Qrimdagi trassa «odatiy rejimda ishlayotgani» va «uzoq muddatli to‘siqlar yo‘qligi», ammo yo‘lning ayrim uchastkalarida harakatlanishda «operativ vaziyatga bog‘liq ravishda» muammolar bo‘lishini aytgan.

Xerson oblastining anneksiya qilingan qismida 21 maydan boshlab Qrimga boradigan yo‘l bo‘ylab safarga chiqish cheklandi. Hududning Rossiya tomonidan tayinlangan «gubernatori» Vladimir Saldo tegishli farmonni imzoladi. Harbiy yuklar, yoqilg‘i, dori-darmonlar va tez buziladigan mahsulotlarni tashiydigan transport vositalari bundan mustasno.

29 may kuni Saldo Xerson va Zaporijjya oblastlari chegarasida dron tomonidan qo‘yilgan mina portlashi qibatida «KamAZ» haydovchisi halok bo‘lib, yana bir necha mashinaga shikast yetkazgani haqida xabar berdi. «Minalar yo‘lning qatnov qismiga va yo‘l chetlariga tashlangan. Ular harakat vaqti ishga tushadi, shuning uchun fuqarolik transporti uchun ajalvor xavf tug‘diradi», – deya yozgan Saldo telegramda.

BBC jurnalistlari bilan suhbatlashgan ekspertlar Qrimga boradigan yo‘lni Ukraina dronlarining asosiy nishonlaridan biri deb atashdi. Atum Mundi tahlil markazida ishlovchi OSINT-tadqiqotchi Kleman Molenning hisob-kitoblariga ko‘ra, trassada 150 ta avtomobil yo‘q qilingan – bu faqat u tekshirib, tasdiqlay olgan ma’lumotlar, aslida esa yo‘q qilingan mashinalar soni ikki baravar ko‘p bo‘lishi mumkin.

Berdyansk yaqinida portlatilgan yuk mashinalari
Marіupolska mіska rada / Telegram

Balitskiy dushman Qrimga quruqlikdagi yo‘lakka zarba berish orqali «blokada illyuziyasi»ni yaratishga harakat qilayotganini aytgan. Saldo esa Ukraina qurolli kuchlari hujumlarini Leningrad qamali bilan taqqoslagan: «Bu surbetlarcha vahshiylik. Bunday xatti-harakatlar o‘zining shafqatsizligi bilan Leningradning fashistlar tomonidan qamal qilinishini eslatadi, o‘shanda dushman odamlarni qo‘rqitishga, hududlar o‘rtasidagi aloqani buzishga va tinch aholining irodasini sindirishga uringan».

«Novorossiya» trassasida dronlar zarbasi oqibatida chiqqan yong‘in. 2026 yil 28 may
Trassa R-280 «Novorossiya» AvtoKlub / Telegram

«Novorossiya» trassasi Rostovdan Ukrainaning anneksiya qilingan hududlari orqali Simferopolgacha boradi. Bu Qrimga yoqilg‘i yetkazib berishning asosiy yo‘llaridan biridir. Benzin Kerch bo‘g‘ozi orqali paromlarda ham tashiladi, ammo bu ob-havo sharoitiga bog‘liq. Shuningdek, Qrim ko‘prigiga hujumlar tufayli bu yo‘l orqali yoqilg‘i tashilmay qo‘ygan.

Ukraina dronlarining trassa bo‘ylab zarbalari Qrimda benzin taqchilligiga olib keldi. Sevastopol rahbari Mixail Razvojayev 29 may kuni shahardagi zapravkalarda AI-92 va AI-95 yo‘qligini ma’lum qildi. Shuningdek, ko‘plab zapravkalarda dizel yoqilg‘isi ham qolmagan. Razvojayev yaqin vaqtlar ichida ta’minot tiklanishiga va’da bergan, shu bilan birga, hukumat yoqilg‘i yetkazib berish masalasi bilan «qo‘l rejimi»da shug‘ullanayotganini tan olgan.

Razvojayev benzin taqchilligi sababiga to‘xtalmagan. U faqatgina «sabablari barchaga ma’lum bo‘lgan logistik murakkabliklar saqlanib qolayotgani»ni aytish bilan cheklangan.

Majburiy cheklovlarga ko‘ra, Qrimda bir haydovchi kuniga faqat 20 litr benzin sotib olishi mumkin. Hudud Yoqilg‘i va energetika vazirligi saytida benzin bor avtomobil quyish shoxobchalari ro‘yxati e’lon qilib boriladi. Qrim rahbari Sergey Aksenov aholidan «benzinni keragidan ortiq miqdorda sotib olmaslik»ni so‘radi.

«Agenstvo» Aksenov 2025 yil dekabr oyida yoqilg‘i taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da berganini eslatdi. «Biz yangi logistika sxemasini qo‘lladik. Endi bizda yoqilg‘i har doim bo‘lishiga ishonch hosil qilishimiz mumkin», – degandi u.

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid