Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida sel xavfi e’lon qilindi
O‘zgidromet 2–5 iyun kunlari kutilayotgan yomg‘irlar munosabati bilan respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Mutasaddilar aholi, dam oluvchilar va haydovchilarni ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirishga chaqirmoqda.
Foto: Kun.uz
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yog‘ingarchiliklar ta’sirida Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘oldi hamda tog‘li hududlarida sel oqimlari shakllanishi ehtimoli mavjud.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlari xavfli hududlar qatoriga kiritilgan. Surxondaryo viloyatida esa Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida sel kuzatilishi mumkin.
Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlari, Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlari ham xavf ostidagi hududlar sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida, Toshkent viloyatining Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida hamda Angren va Olmaliq shaharlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli saqlanib turibdi.
Vodiy hududlarida ham xavf yuqori baholanmoqda. Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari, Andijon viloyatining Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahrida ham sel kelishi mumkinligi ta’kidlangan.
O‘zgidromet tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar va sayyohlarga ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni, daryo o‘zanlari, soylar va sel kelishi mumkin bo‘lgan hududlarda bo‘lmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, tog‘ yo‘llarida harakatlanuvchi haydovchilarga havo sharoitini inobatga olgan holda ehtiyotkorlik bilan harakatlanish tavsiya etilmoqda.
Mutasaddilarning qayd etishicha, kuchli yomg‘irlar natijasida respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi mumkin. Bu esa pastlik joylar, ko‘chalar va ayrim aholi punktlarini vaqtincha suv bosishiga olib kelishi ehtimolini oshiradi.