Turizm | 08:32
416
2 daqiqa o‘qiladi

Hongkongdan O‘zbekistonga yangi havo yo‘nalishi ochilishi mumkin

O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulov yaqin oylarda bu borada ijobiy yangiliklar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi.

Hongkongning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri bo‘lgan Now.com nashri O‘zbekiston va Hongkong o‘rtasidagi turizm aloqalariga bag‘ishlangan material e’lon qildi. Unda Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Oqqulovning eksklyuziv intervyusi ham o‘rin olgan.

Intervyuda ta’kidlanishicha, tomonlar Hongkong va Toshkent o‘rtasida yangi havo qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda. Shuningdek, Hongkongdan Bangkok orqali O‘zbekistonga aviayo‘nalish ochish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Abdulaziz Oqqulovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston o‘tgan yili 11,7 million sayyohni qabul qilgan bo‘lib, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni 20 million nafarga yetkazish maqsad qilingan.

Nashrda qayd etilishicha, Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega mamlakat sanalgan O‘zbekiston keyingi yillarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qariyb 6 foiz darajasida saqlab kelmoqda. Mamlakat nafaqat sayyohlarni, balki xorijiy investorlarni ham faol jalb etishga intilayotgani ta’kidlangan.

Buning uchun mehmonxona va turizm sohasiga sarmoya kiritayotgan investorlarga qator imtiyozlar taqdim etilmoqda. Jumladan, to‘rt yulduzli mehmonxonalar uchun har bir xonaga 5 ming dollar, uch yulduzli mehmonxonalar uchun esa 3,5 ming dollar miqdorida subsidiya ajratiladi. Shuningdek, mehmonxona foydalanishga topshirilgandan keyin yetti yilgacha soliq imtiyozlari beriladi.

Materialda Hongkong fuqarolari uchun O‘zbekistonning viza tartiblari haqida ham ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, Hongkong fuqarolari O‘zbekistonda 10 kungacha vizasiz, elektron viza orqali esa 30 kungacha bo‘lishlari mumkin. Zarur hollarda elektron viza muddatini onlayn tarzda uzaytirish imkoniyati ham mavjud.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid