Jahon | 08:41
1123
2 daqiqa o‘qiladi

Putin: rus tili filologiya fakultetlaridan ajratilishi kerak

Rossiya prezidenti Vladimir Putin oliy ta’lim muassasalarida rus tili va adabiyotini filologiya fakultetlaridan ajratib, mustaqil fakultetlar tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Uning fikricha, bu rus tilining mamlakat uchun ahamiyatiga mos yondashuv bo‘ladi.

Foto: picture alliance

Vladimir Putin 2 iyun kuni rus tilini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi davlat siyosati ijrosiga bag‘ishlangan kengash yig‘ilishida Rossiya universitetlarida rus tili va adabiyoti bo‘yicha alohida fakultetlar tashkil etish taklifi bilan chiqdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, ko‘plab oliygohlarda rus tili va adabiyoti boshqa yo‘nalishlar, jumladan xorijiy filologiya bilan birga filologiya fakultetlari tarkibida faoliyat yuritmoqda. Putin bunday yondashuv rus tilining mamlakat hayotidagi o‘rniga to‘liq mos kelmasligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Qrim federal universitetida rus tili va adabiyoti bo‘yicha mustaqil fakultet tashkil etilgan. Rossiya rahbari boshqa federal universitetlar, ayniqsa bo‘lajak til va adabiyot o‘qituvchilarini tayyorlaydigan oliygohlar ham ushbu tajribani qo‘llashidan umid bildirgan.

Yig‘ilishda Putin talabalar uchun yangi ta’lim modulini ishlab chiqish rejalari haqida ham ma’lum qildi. Unda talabalar rus tilining konstitutsiyaviy maqomi va mamlakatning til siyosati masalalarini o‘rganishlari nazarda tutilgan.

Rossiya prezidenti 2025 yilda mamlakat til siyosati asoslarini tasdiqlagan edi. Mazkur hujjatda rus tili «Rossiya davlatchiligining asosi» sifatida ta’riflanib, uning an’anaviy ma’naviy qadriyatlar bilan bog‘liqligi ta’kidlangan. Shuningdek, rus tilida muqobili mavjud bo‘lgan hollarda xorijiy so‘zlardan foydalanishni cheklash tavsiya etilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid